Bosh konsulxona Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aviaqatnovlar davomida ayrim shaxslar aeroportlarda fuqarolardan oʻz yuklarini Oʻzbekistonga yetkazib berishni iltimos qilish holatlari kuzatilayotganini, biroq, bunday vaʼdalarga ishonmaslikni va begona yukni hech qanday holatda qabul qilmaslikni tavsiya qildi.

Oʻtgan yillarda bir necha Oʻzbekiston fuqarolari aynan shunday vaziyatlarga tushib qolgan va noqonuniy yuklarni, jumladan narkotik moddalar va soxta hujjatlarni bilmasdan olib oʻtganlari uchun hibsga olingan:

2023-yil – Istanbul aeroportida 27 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi nomaʼlum shaxsning iltimosiga binoan yukni olib oʻtishga rozi boʻldi. Biroq, chegarada tekshiruv vaqtida yuk ichidan katta miqdorda narkotik moddalar topildi. Natijada, u 10-yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

2022-yil – Antaliya shahridan Toshkentga qaytayotgan yana bir fuqaro oʻziga notanish kishining yukini olib oʻtishga rozi boʻldi. Yuk tarkibida soxta pasport va noqonuniy hujjatlar borligi aniqlanib, fuqaro bir necha yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Begona odamlarning yukini hech qanday holatda qabul qilmang. Sizning ehtiyotsizligingiz yoki begonalarga boʻlgan ishonchingiz ogʻir jinoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shubhali iltimoslarga aldanmang va oʻz xavfsizligingizni himoya qiling, — deyiladi xabarda.