Qayd etilishicha, soʻnggi paytlarda Turkiyada yashash (ikamet izni) va mehnat qilish ruxsatnomalari (çalışma izni)ni rasmiylashtirish, mamlakatga kirish taqiqini bekor qilish hamda jarimalarni toʻlash bilan bogʻliq firibgarlik holatlari keskin ortmoqda.
Koʻp hollarda konsalting firmalari (danışmanlık şirketleri) yuqoridagi masalalarni hal qilishga vaʼda berib, yurtdoshlarimizning katta miqdordagi pullarini aldov yoʻli bilan oʻzlashtirmoqda. Eʼtiborga molik jihati shundaki, jabrlanuvchilar ushbu shaxslar bilan yozma shartnoma yoki hujjatlashtirilgan kelishuvlar tuzmaganliklari bois, qonuniy tartibda oʻz mablagʻlarini qaytarib ololmayapti, — deyiladi xabarda.
Eng xavotirli jihatlardan biri — ayrim firibgarlarning ilgari Turkiyadan deportatsiya qilingan va kirish taqiqi qoʻyilgan Oʻzbekiston fuqarolarini boshqa davlatning qalbaki pasportlari orqali mamlakatga olib kirishga urinish holatlaridir. Bu esa oʻz oʻrnida yurtdoshlarimizni murakkab va jinoiy javobgarlikka olib keladigan vaziyatlarga solmoqda.
Shuningdek, ayrim shaxslar “GÖÇ idorasi (Migratsiya xizmati)dagi jarimangizni oʻrningizga toʻlab beramiz“ degan vaʼdalar bilan pullarni oʻzlashtirish holatlari ham aniqlanmoqda. Ular jabrlanuvchilarni “oʻzingiz borsangiz ushlanib qolasiz“ degan yolgʻonlar bilan qoʻrqitib, ularni mablagʻlarini oʻzlashtirmoqda.
Bosh konsulxona fuqarolardan noqonuniy va ishonchsiz vositachilardan ogoh boʻlishni soʻrab, har qanday huquqiy masalalarda faqat rasmiy idoralarga murojaat qilishga chaqiradi.