Qayd etilishicha, Sergeli tumanida ayol kishi uch nafar farzandini oʼldirib, soʼng oʼz joniga qasd qilganligi holati yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Hozirgi kunda sodir boʼlgan voqea bilan bogʼliq holatlar yuzasidan turli ijtimoiy tarmoqlarda surishtiruvlar oʼtkazilib, vafot etgan shaxs hamda uning yaqin qarindoshlarining shaxsiy hayoti, shaʼniga doir maʼlumotlar har xil talqin qilingan holda ommaviy axborot vositalarida tarqatib kelinmoqda.
Tarqatilayotgan ushbu maʼlumotlar tergovning obʼektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit qilmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir maʼlumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanishini eslatib oʼtamiz”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
Shuningdek, bayonot soʼngida, Bosh prokuratura ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini tergov tugaguniga qadar tarmoqlarda ushbu fojiaga oid maʼlumotlarni tarqatmaslik va fuqarolar shaxsiy hayotini muhokama qilmaslikka chaqirgan.
Tergov natijasi haqida qoʼshimcha ravishda maʼlum qilinadi.