Uch yil avvalgi uchrashuv
Har qanday yangilanish, avvalo, ezgu niyat, soʻngra muayyan harakat natijasidir. Yaxshidan yaxshi orzu-istak qilaversangu, unga mos harakat boʻlmasa yoki aniq maqsad-muddaosiz koʻr-koʻrona yuguraversang, na samara boʻladi, na yangilik. Hamma gap shu ikki omilning uygʻunligida, niyat va harakat birligida.
Bundan uch yil muqaddam, 2017-yilning 3-avgust kuni Prezidentimiz samimiy davrada xalqimizning bir guruh ziyolilari – shoiru yozuvchi, musavviru haykaltarosh, aktyoru rejissyor, bastakoru xonanda – qoʻyingki, madaniyat, sanʼat va adabiyot ahli vakillari bilan dildan suhbatlashdi, kechagi kun xulosalari, bugungi kun masalalari, ertangi kun rejalari roʻy-rost tilga olindi.
Oʻshanda yosh ijodkor sifatida yigʻilishda ishtirok etib, yon daftarimni tigʻiz-muhim yozuv-eslatmalarga toʻldirib chiqarkanman, qaydlarim soʻnggiga quyidagicha yozib qoʻygandim:
“Majlis 6 soat davom etdi. Davlat rahbari sohaga doir 30 dan ortiq aniq masalani kun tartibiga qoʻydi. Muammolar sanab oʻtildi, ularning yechimiga ham shu yerning oʻzida javob izlandi. Bugun millat maʼnaviyati, adabiyoti, sanʼati rivoji uchun yaxshi niyatlar qilindi, ertadan esa jiddiy harakatlar boshlanishi zarur!”
Oradan uch yil oʻtdi. Ehtimol, madaniyat va sanʼatning boshqa sohalariga mening unchalik tishim oʻtmas, ularda yuz bergan qator oʻzgarish va islohotlarni oʻrniga qoʻyib sharhlay olmasman. Ammo shoir sifatida, adabiyot vakili sifatida shu oʻtgan davr mobaynida qalam ahlining “bosh idorasi” hisoblangan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatida, ijodkor qalamkashlar hayotida real voqelikka aylangan yangilanishlarni ayta olaman. Aytishim ham kerak...
Har qanday farzand, qizmi-oʻgʻilmi, koʻnglida sevinch joʻshganda yoki boshiga sinov tushganda, omadi kulganda yoki oʻpkasi toʻlganda, birinchi boʻlib bosh urar yeri ota-onasining uyi – bemalol, beminnat haddi sigʻadigan dargohiga boradi. Ammo borganingda ota-onangning oʻzi sigʻindi oʻtirgan, oʻziniki boʻlmagan joyda omonat yashayotgan boʻlsa, u yerga na quvonchingni, na qaygʻungni olib borolasan. Mum tishlab borib, tosh tishlab qaytasan...
Biz yoshlar aql tanib, yoʻl topib Yozuvchilar uyushmasiga qatnay boshlaganimizda, uyushma xuddi shunday gʻarib ota-onadek chorasiz edi. Garchi ulugʻ alloma ustozlar ochiq yuz bilan kutib olsada, ularning bagʻri keng, ammo imkoni tang edi.
Ijarada yashaganlar biladi – har oylik haqini vaqtida toʻlab tursang ham negadir hech chehrang ochilib yashab boʻlmaydi, nimadir yuragingni gʻashlab turaveradi. Yozuvchilar uyushmasining ham 84 yil oʻz uyi boʻlmadi. Garchand Oybek, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Shayxzoda, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Zulfiya davrasidan boshlangan avlod va undan keyingi hamma ijodkorlar taqdiriga teng sherik boʻlib kelsa ham, minglab adabiyotlar tugʻilishiga doyalik qilgan boʻlsa ham oʻzining “toʻrt sinchli, ikki derazali” uyi boʻlmadi.
Taʼbir joiz boʻlsa, boshpana – oʻzbek tilidagi eng “qora”, “xashaki” soʻzlardan biri, ammo zalvori, mohiyati, hayot uchun zarurati jihatdan eng qadrli kalomdir. Chumoli ini, kapalak gʻumbagidan tortib to milliarderlarning bir necha yuz million dollarlik qasrlarigacha mana shu odmi soʻz – boshpana deb ataladi.
1934-yilda tashkil etilgan uyushmamiz esa sarsonlikning, boshpanasizlikning 84 yilida oʻz aziz, beminnat uyiga, erkin nafas oladigan binosiga ega boʻldi. Bugun poytaxt markazidagi Milliy bogʻ bagʻrida qoʻr toʻkib turgan oppoq koshona xuddi farzandlarini duo qilib, chorlab turgan ota uydek qadrdon boshpanaga aylandi.
Bu uy ayvoniga qaldirgʻochdek chugʻurlab kirib-chiqib yurgan yosh ijodkorlarga qarab turib esa ushbu muborak manzil hali qancha-qancha yuksak parvozlarga yelka tutadi, deb quvonadi kishi.
Qaror – muqarrarlik belgisi...
Oʻsha uchrashuvdan keyingi muhim qadamlardan yana biri – 2018-yil 5-aprelda Prezidentimizning “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolanishi boʻldi. Yana ham aniqroq aytganda, uchrashuvda tilga olingan muammolar, yozuvchi-shoirlar faoliyati va hayotiga daxldor koʻplab masalalar shu hujjatda oʻz aksini topdi.
26 banddan iborat ushbu hujjatda qalam ahlining barcha orzu-armoni: yozuvchi-shoirlarni moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, ularning uy-joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash, turmush darajasini yaxshilash, faxriy ijodkorlarning ijtimoiy himoyasini muntazam yoʻlga qoʻyish, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlarining adabiyotdagi taqdiriga qaygʻurish, nodir asarlarimizni dunyo tillariga tarjima qilish, uyushmaning hududiy boʻlimlari ish samaradorligi va hayotiy ahamiyatini oshirish kabi bir-biridan muhim masalalar muhrlangan edi. Shuning uchun ham bu qaror Yozuvchilar uyushmasining kelgusidagi ish faoliyati uchun aniq va ochiq xarita boʻldi.
Bugun istagan kishi oʻsha qarorni qoʻlga olib, unda belgilangan vazifalar ijrosini bandma-band solishtirsa, oʻtgan davr ichida chora-tadbirlarning aksariyati qogʻozdan hayotga koʻchganiga guvoh boʻladi.
Toshkentning qoq markazida ijodkorlar uchun qurilgan koʻp qavatli uylar shodasi, Zomin togʻlari orasida yirik marvariddek yarqirab turgan dam olish maskani, ochiq osmon ostidagi adabiyot muzeyiga aylangan Adiblar xiyoboni, har bir viloyatga borganingda xuddi Ogahiy, Ibrat, Hamid Olimjon, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusufning oʻzi boʻlib huzuringga peshvoz chiqib kelayotgan ijod maktablari, Toshkentning fayzi va koʻrkiga aylangan Qodiriy maktabi...
Bularning hammasi dastlab oʻsha tarixiy uchrashuvda Prezident tomonidan ezgu rejalar sifatida aytib oʻtildi, keyin qatʼiy qaror sifatida hujjatga muhrlandi, bugun esa muqarrar roʻy bergan hayot haqiqatiga aylandi.
Tarixiy va hamnafas afsonalar
Inson psixologiyasi shunday – oʻz koʻzi bilan koʻrmagan kishilar, voqealar haqidagi gaplarga osongina ishonadi, tez koʻnikadi. Shundoq yonidagi takrorlanmas ajoyibotlarga esa negadir befarq yashaydi.
Bizning avlod uchun Qodiriy, Choʻlpon, Behbudiy kabilar tugul Qahhor, Shayxzoda, Oybek, Mirtemir singari yaqin oʻtmishda yashab oʻtgan ustozlar nomi ham juda olisda koʻrinadi. Sababi, biz ularni kitoblarda, suratlarda, haykallar shaklida koʻrganmiz, xolos. Ularning har biri, shubhasiz, bizning ongimizga chinakam afsona boʻlib naqshlangan. Shuning uchun ham har gal ularning toshsiymosi qarshisida turganda, mana shu haykallarni koʻrishga ruhan tayyor boʻlamiz.
Biroq Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf... Bular kuni kecha yonimizda yurgan, davralarga fayz berib oʻtirgan, bizga taʼlim bergan, sheʼr oʻqigan tirik afsonalar edi... Kimdir tushungan, kimdir tushunmagan, kimdir qadriga yetgan, kimdir mensimagan afsonalar edi ular...
2001-yilda yosh ijodkorlarning Zomin seminarida birinchi va oxirgi marta koʻrganim Muhammad aka, bir xonada biroz ishlab bir umrlik esdalik olganim Halima opa, ularga nevaradek erkalik qilib yurganim Erkin aka va Abdulla aka, qahqahasiyu falsafasini oʻz ogʻzidan eshitib oʻrganganim Said Ahmad va Ozod domlalar haykalga aylanganiga koʻnikishim qiyin, albatta.
Ammo men bunda boshqa bir hikmat koʻraman.
Prezidentimiz xalqimiz va adabiyotimiz tarixida muhim oʻrin tutgan bu ulugʻ nomlar bilan bogʻliq xotiralar parcha-parcha, uzuq-yuluq boʻlib turishini istamadi. Shuning uchun ham hazrat Navoiy huzurida adabiyotimizning boshqa qutlugʻ siymolari ham yaxlit davra yasadilar, muhtasham guldastaga aylandilar. Mana endi yangidan barpo etilgan Adiblar xiyoboni kelajak avlodlar uchun ochiq turgan “Adabiyot kitobi” vazifasini oʻtaydi, bu maydon 6 gektarlik “Adabiyot xonasi” boʻladi, desam mubolagʻa emas.
Bir-ikki asr oʻtib, xuddi Navoiy kabi Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar ham xayolga yaqin, hayotdan olis siymolarga aylanishadi. Ana oʻshanda mazkur xiyobonning qadri hozirgidan oʻn karra, yuz karra ortadi. Bu bor gap. Chunki inson psixologiyasi shunday – biz qancha kam koʻrsak, shuncha koʻp sogʻinamiz.
Haqiqat koʻrsatilmaydi, koʻriladi
Federiko Garsia Lorkaning “Eng qaygʻuli shodlik” (Shavkat Rahmon tarjimasi) kitobini oʻqib tugatgan paytim kundaligimga quyidagicha yozib qoʻygandim: “Meni hayratga solgan narsa sheʼrlar emas, ularda ochiq turgan haqiqatdir!”
Chindan ham, menga haqiqatni koʻrsating, deb talab qoʻyish nodonning ishi. Haqni, haqiqatni, haqiqiylikni koʻngil va aql koʻzi ochiq odamlargina koʻra oladi. Nafaqat koʻradi, uning sababini, mohiyatini, kuch-qudratini anglaydi.
Men bu satrlarda bugun oʻzbek adabiyoti, oʻzbek adiblari koʻrib turgan ayni haqiqatlarni qayd etdim. Zero, bu haqiqatlarni kimgadir koʻrsatish uchun emas, koʻrganlarim haqiqat ekanini eʼtirof etish uchun yozdim.
Zero... Katta gʻildirak vazmin aylanadi, ammo chuqur iz qoldiradi. Bir ijodkor sifatida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar borishini kuzatar ekanman, oʻta bosiqlik va uzoqni koʻzlab qilinayotgan barcha ezgu harakatlar jahon tarix kitobida ham, milliy adabiyotimizda ham, eng muhimi, xalqimiz hayotida ham oʻchmas va nurli bitiklar boʻlib qolishiga ishonaman. Chunki har bir davr oʻz tarjimayi holini hayot deb atalgan buyuk asarga qoʻshib boraveradi.
Nosirjon JOʻRAYEV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir