Tashrif avvalida Botir Zaripov dunyoning eng katta musulmon tashkiloti sanalgan Nadhlatul Ulamo raisati bilan uchrashuvda ishtirok etdi.

Uchrashuvda mazkur tashkilot va Buxoro viloyati oʻrtasida yaqin birodarlik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish, xususan, turizm yoʻnalishidagi soha vakillari bilan muzokaralar olib borish orqali Buxoroning ziyorat turizmini keng targʻib qilish, aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish va Indoneziyadan sayyohlik oqimini koʻpaytirish kabi masalalar muhokamalar markazida boʻldi.

Nadhlatul Ulamo tashkilotining boshqaruvchi direktori oʻrinbosari KH. Zulfa Mustafa Oʻzbekistondan yetishib chiqqan islom dunyosining yirik namoyodalari, insoniyat tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshbandiy kabi buyuk allomalar ilmidan butun dunyo musulmonlari, shu jumladan, indoneziyaliklar ham bahramand va minnatdor ekanliklarini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Ularning tabarruk qadamjolariga sayyohlarni keng jalb qilishda hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, muloqotda “Indoneziya-Oʻzbekiston”, “Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni-Indoneziya” yoʻnalishlarida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, Buxoroda islom dunyosi olimlari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etish, Buxoro va Buxoriylar haqida hujjjatli film suratga olish va uni Indoneziya telekanallari orqali doimiy tarzda efirga uzatish, ziyorat turizmi marshrutlarini Samarqanddagi Imom al-Buxoriy ziyoratgohi orqali Buxorodagi yetti pir ziyoratgohlarigacha belgilash, Mamlakatimizning ziyorat-turizm salohiyati va madaniy-tarixiy merosini Indoneziya jamoatchiligi va Nadhlatul Ulamo tashkiloti aʼzolari orasida keng targʻib qilish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.