Mehr nuri, qalb qoʻri bilan toʻqilgan mazkur gilamning xom ashyosi tuya juni hisoblanadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, gilam oʻzida issiqlik saqlaydi, elektr tokini oʻtkazmaydi, gard yuqtirmaydi, uzoq vaqt toza saqlanadi. Inson tanasi chiqaradigan xavfli moddalarni ham zararsizlantirish xususiyatiga ega.
Shuhrat medali sohibi Maftuna Azizova tashabbusi bilan 8 nafar hunarmand qizlar tomonidan yaratilgan ushbu sanʼat asarining naqshlari noyobligi bilan ham ajralib turadi. Qoʻligul hunarmandlar gilam uchun tanlagan naqshlar bugungi kunda yoʻqolib ketgan.
– Bu sanʼat namunasini tiklash va aholiga keng targʻib qilish maqsadida ushbu loyihani amalga oshirdik, – deydi Maftuna Azizova. — Mahsulotimizni tayyorlashda tabiiy xom ashyo va boʻyoqlardan foydalanganimiz uchun YUNESKOning Butunjahon hunarmandchilik kengashi (WCC) tomonidan sifat belgisi sertifikati bilan taqdirlandik. “Boysun bahori” festivaligacha yana toʻqishda davom etib, gilamni 50 metrga yetkazish niyatimiz bor.
Maftuna Azizova hunarmandchilik bilan shugʻullanib kelayotgan sulolaning 6-avlod vakili. Bugungi kunda u yaratayotgan 50 turdagi noyob milliy hunarmandchilik mahsulotlari oʻz bozoriga ega. Quvonarlisi, u yaratayotgan gilamlarga chet ellik sayyohlar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda.
Aytish kerakki, hozirgi kunda xalq amaliy sanʼatining gilamchilik turi mohir hunarmandlarimizning namunali mehnatlari bois yanada rivojlanmoqda. Asrlar osha ajdodlardan avlodlarga oʻtib, sayqal topib kelgan bu sanʼat turini asrab-avaylash, kelgusi avlodga yetkazish barchamizning birdek vazifamiz boʻlishi darkor.
Nargiza RAHMATULLAYEVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Surxondaryo viloyat boʻlimi rahbari.