29-aprel kuni Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Sirdaryo suv havzasi shoʻbasi inspektorlari tomonidan Sirdaryo daryosining oʻng qirgʻogʻida nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Shunday tadbirlardan birida inspektorlar brakonyerlar hujumiga uchradi.
Maʼlum boʻlishicha, reyd davomida Sirdaryo daryosining Oqqoʻrgʻon tumanidan oqib oʻtuvchi hududida inspektorlar nomaʼlum fuqarolar tomonidan taqiqlangan qurollar, yaʼni leskali toʻr, motorli qayiq yordamida baliq ovlanayotgani holatiga duch kelishadi.
Sirdaryo suv havzasi shoʻbasi boshligʻi D. Zohidov va bosh davlat inspektori T. Boʻriyev huquqbuzarlik holatiga chek qoʻyish maqsadida noqonuniy baliq ovlayotgan fuqarolarni yoniga qayiq bilan boradi. Ammo shu paytda huquqbuzarlar inspektorlarga hujum qilib, ularni suvga itarib yuborishadi.
Shuningdek, brakonyerlar inspektorlarni suvga choʻktirish maqsadida rezina qayiqni yorishadi. Bunday holatda qanday yoʻl tutishni bilgan inspektorlar esa daryoni qirgʻogʻiga suzib chiqishadi. Buni koʻrgan huquqbuzarlar inspektorlarni haqoratlab, ov qurollarini olib, qochib ketishadi.
Mazkur holat boʻyicha huquqbuzarlarning shaxsiga aniqlik kiritish hamda holatga huquqiy baho berish maqsadida tegishli hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasi va viloyat IIBga yuborildi.