Tadbir avvalida respublikadagi agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga toʻxtalinib, tabiiy resurslarning boshqaruv tizimini shakllantirish hamda ikki davlat uchun manfaatli boʻlgan eksport salohiyatini rivojlantirish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Mehmon Rodrigo De Lima Bayena Soares hamkorlikdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tovar aylanmasida ularning xilma xilligini taʼminlashdan manfaatdor ekanligini taʼkidladi. Xususan, respublikamizga Braziliyadan mol va tovuq goʻshti eksportini yoʻlga qoʻyish va shakar eksportini koʻpaytirish boʻyicha takliflarini aytdi.
Alisher Shukurovning bildirishicha, bugungi kunda respublikamizda urugʻchilik, oʻgʻit hamda suvni tejovchi texnologiyalarning import koʻlami yuqori. Shu bois, braziliyalik biznes vakillari ushbu sohalarga investitsiya kiritishi samarali ekanligi taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida Braziliya qishloq xoʻjaligi tadqiqot korporatsiyasi (Embrapa) va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qoshidagi Bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) oʻrtasida ilmiy-innovatsion, amaliy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Tadbir yakunida tomonlar oʻzaro oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berish koʻlamini oshirish boʻyicha ham kelishib oldi. Braziliyaning Embrapa tadqiqot markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi oʻrtasida onlayn videokonferensiyalar oʻtkaziladigan boʻldi. Shuningdek, Embrapa tadqiqot markazi va boshqa xususiy korxonalarni jalb etgan holda, Qishloq xoʻjaligi texnika va texnologiyasini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ham rejalashtirildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.