BRIKS sammiti 2025: Oʻzbekiston BRIKS bilan hamkor davlat sifatida eʼtirof etildi

    Shu yilning 6-iyul kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida 17-BRIKS sammiti boʻlib oʻtdi.

    BRIKS davlatlari 17-sammitda oʻz safini kengaytirdi. Indoneziya toʻlaqonli aʼzo sifatida qabul qilingan boʻlsa, Belarus, Boliviya, Qozogʻiston, Kuba, Malayziya, Nigeriya, Tailand, Vyetnam, Uganda va Oʻzbekiston kabi 10 davlat BRIKSning rasmiy sheriklariga aylandi.

    Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida oʻtgan sammit yakunida qabul qilingan qoʻshma bayonotda bu qaror alohida taʼkidlandi. Tashkilot yetakchilariga koʻra, BRIKSning kengayishi global muvozanatni taʼminlash va yangi rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini himoya qilishda muhim qadam hisoblanadi.

    Bayonotda shuningdek, iqlim moliyasi boʻyicha yetakchilar deklaratsiyasi va sunʼiy intellektning global boshqaruvi haqidagi bayonot qabul qilingani qayd etildi. Shu bilan birga, ijtimoiy sabablar bilan kelib chiqadigan kasalliklarni yoʻq qilish boʻyicha BRIKS sheriklik dasturiga ham start berildi. Bu tashabbuslar dunyoda barqaror va inklyuziv rivojlanishga qaratilgan umumiy saʼy-harakatlardir.

    Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi sammitda soʻzga chiqib, BRIKSning yangi aʼzolarni qabul qilishi guruhning zamon bilan birga rivojlana olish qobiliyatini namoyon etishini aytdi. Uning taʼkidlashicha, xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT Xavfsizlik Kengashi, Jahon savdo tashkiloti va koʻp tomonlama rivojlanish banklari ham zamon talablariga mos ravishda isloh qilinishi shart.

    Narendra Modi:
    “21-asrda sunʼiy intellekt hafta sayin rivojlanyapti. Bunday sharoitda global institutlarni sakson yil davomida oʻzgartirmaslik toʻgʻri emas. 21-asr dasturini 20-asr yozish mashinkasining imkoniyatlari bilan boshqarib boʻlmaydi”, — dedi u.

    Kengayish tarixi

    Maʼlumki, BRIK (keyinchalik BRIKS) 2006-yilda Rossiya, Hindiston va Xitoy yetakchilarining Sankt-Peterburgdagi uchrashuvidan soʻng rasman tashkil etilgan edi. 2009-yilda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ilk sammit oʻtkazildi. 2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasi qabul qilinib, guruh BRIKS nomi bilan yuritila boshladi.

    Soʻnggi yillarda kengayish jarayoni yangi bosqichga koʻtarildi. 2024-yildan Misr, Efiopiya, Eron va BAA rasman aʼzo boʻldi. 2025-yil yanvaridan eʼtiboran Indoneziya toʻlaqonli aʼzo sifatida qabul qilindi. Oʻzbekiston esa Belarus, Boliviya, Qozogʻiston, Kuba, Malayziya, Nigeriya, Tailand, Vyetnam va Uganda bilan birga BRIKSning sherik davlatlar qatoriga kiritildi.

    Oʻzbekiston uchun nimani anglatadi?

    Oʻzbekiston uchun BRIKS sherikligi mintaqaviy hamkorlik, savdo va investitsiya oqimlarini diversifikatsiya qilish, yangi loyihalarda ishtirok etish va rivojlanayotgan mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish imkonini beradi.

    Mutaxassislar fikricha, bunday sheriklik mamlakatning global iqtisodiy tizimdagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi sherik davlatlar uchun BRIKS platformasi energetika xavfsizligi, texnologiyalar almashinuvi va infratuzilmani rivojlantirishda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.