Darhaqiqat, biz “tong” deganda doim sokinlik, orom, halovatni, yana bir umidbaxsh yangi kunning tugʻilishini tushunamiz. Zero, yurtimizda tonglar shunday kutib olinadi, quyosh shunday kuzatiladi. Biz uchun bu moʻjiza emas, odatiy kunimiz, har kungi hayotimiz. Bu bilan tinchlikni, qalb xotirjamligini teran his qilamiz. Lekin dunyoning qaysidir mintaqasida bosh koʻtargan quyosh odamlarga bu baxtni bera olmayapti. Chunki u yerlarda jon qaygʻusi hammani vahimaga solgan, har qadamda xatar koʻlankasi izgʻiydi, tinchlik yoʻq, orom allaqachon yoʻqolgan.
Shvetsiyaning Uppsala universitetidagi Tinchlik tadqiqotlari dasturi ekspertlarining tahliliga koʻra, 2024 yilda kamida bitta davlat ishtirok etgan 61 ta faol nizo qayd etildi. Bu 2023 yildagidan 59 ta koʻp. Statistika yuritila boshlagan 1946 yildan buyon eng yuqori koʻrsatkichdir. Ushbu nizolarning
11 tasi urush darajasiga yetgan. Bu esa bir yil davomida eng kamida 1000 kishining oʻlimiga sabab boʻlmoqda. Holbuki, 2016 yildan beri bunday yuqori koʻrsatkich qayd etilmagan.
BMT maʼlumotlariga koʻra, 2023 yilda butun dunyo boʻylab armiya uchun 2,4 trillion dollar, rivojlanish uchun 224 milliard dollar yoʻnaltirilgan. Eng kam mablagʻ tinchlik uchun ajratilayotgan boʻlib, 669 million dollarni tashkil qilar ekan.
Bundan koʻrinib turibdiki, bugun dunyo notinch, urush qurollari tobora koʻpaytirilib, eng aziz neʼmat — tinchlik esa xavf ostida qolmoqda. Lekin uzoqdagi boʻron bizga yetib kelmaydi degan loqaydlik va befarqlik bilan yashab boʻlmaydi. Qoʻlda borini asrash, doim hushyor va sergak turish bugun har qachongidan ham muhim.
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va isloh qilish masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishi vatan mudofaasi, xalq tinchligi, zamon qudrati, haqiqiy vatan himoyachisi qanday boʻlishi kerak degan masalalarga qaratilgani bejiz emas.
Vatan — mangu muhabbat!
Tarix guvoh: vatan shunchaki jugʻrofiy hudud emas, avvalo, inson qalbida yashaydigan muqaddas sevgi, mangu muhabbatdir. Bu aziz tuygʻu har doim odamga kuch, xalqqa qudrat, buyuk gʻoyalarga quvvat bergan, Amir Temur, Najmiddin Kubro, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi jasorat egalarini dushmanga tik qaratgan, yovga bosh egdirmagan. Shu bois, dushman doim, avvalo, shu muhabbat, shu ruhni oʻldirishga, soʻng jangga kirishga harakat qilgan.
Bu haqdagi misollarni koʻp eshitganmiz, oʻqiganmiz. Yogʻiylar el-yurti uchun koʻksini qalqon qilishga shaylangan jangchining ruhini oʻldirish uchun uning ori, nomusi, tuprogʻini toptab, oilasi, ota-onasiyu farzandlariga daxl qilib, qanday boʻlmasin, shijoatini mahv etishga uringan. Demak, vatanga muhabbat mavhum, qoʻl bilan ushlab, koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan, suratiyu siyrati yoʻq tushuncha emas. Unda ota-ona, yor, farzand, tugʻilib oʻsgan maskan, ajdodlar timsoli birlashadi. Bu rishtalarning har biri Vatanga yetaklaydi, vatanparvarlik bilan bogʻlanadi. Zero, hazrat Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida shunday bayt bor:
Iyolu Vatan uzra to joni bor,
Kishi harb etar, toki imkoni bor.
Bu baytda ulugʻ shoir “Har bir inson, u haqiqiy inson boʻlsa, to tirik ekan, oʻz Vatani va oilasi (iyolu)ni imkoni boricha yovdan himoya etishga harakat qiladi”, deya yozadi.
Tanani jismonan chiniqtirish, baquvvat qilish mumkin. Ammo ongi zaif, qalbi ojiz kimsa janglarda oson yengiladi. Ayniqsa, hozirgi zamonaviy urushlar inson qalbi va ongini zabt etishga qaratilgan bir davrda ruhan yengilmaslik sharti qoʻyilmoqda.
Demak, ruhan yetuk boʻlishning dastlabki, eng muhim sharti vatanni yurakdan sevish, shu tuygʻu bilan yashash. Lekin u qanday paydo boʻladi, qanday rivojlantiriladiyu qanday qilib umrbod qalbda qoladi? Ayniqsa, bugun globallashayotgan dunyo har kuni millionlab xavf-xatarlarni izma-iz maydonga chiqarayotgan bir pallada bu vazifani uddalashda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?
Avvalo, vatanparvarlik tuygʻusi milliy gʻururdan kuch-qudrat oladi. Milliy gʻurur kecha yo bugun paydo boʻlib qolgan tushuncha emas, u tarix bilan chambarchas bogʻlangan, ajdodlar ruhidan kuch olgan maʼnaviy hodisadir. Milliy gʻururni yuksaltirishda eng asosiy tayanch buyuk tariximizni, yengilmas, mard sarkardalarimizning matonati va jasoratini yoshlarimiz ruhiyatiga singdirishdir.
Xususan, “Temur tuzuklari” orqali buyuk sarkarda sadoqat, qatʼiyat, adolat va jasorat kabi fazilatlar muhim ekani, jangda bilak bilangina emas, otashin yurak, baland ruh bilan gʻalabaga erishish mumkinligiga urgʻu beradi. Shu sabab u jangchining ruhiy irodasini ham muntazam mustahkamlab borish lozimligini taʼkidlaydi. Amir Temur oʻzining harbiy yurishlarida cholgʻu asboblaridan keng foydalangan, uning barcha mashq va janglarida harbiy musiqa hamroh boʻlgan.
Hozir yurtimizda askarlarning ruhiy-axloqiy, maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan kuchli boʻlishiga qaratilayotgan eʼtibor ham ajdodlarimizdan qolgan meros, otayoʻldir. Shu sabab davlatimiz rahbari doim har bir askar, vatanning har bir posboni Amir Temur va ulugʻ bobolarimiz oʻgitlarini, ularning merosini chuqur anglashi lozimligini taʼkidlab kelmoqda.
Chunki zamonaviy dunyo, globallashayotgan davr aslida har birimizdan chin maʼnoda vatanparvar boʻlishni talab qilmoqda. Axborot maydoni tom maʼnoda muhoraba maydoniga aylanib bormoqda. Bunday qaltis jarayonda teran aql, keng mulohaza, vatanparvar qalbgina gʻolib boʻlishi, tahdidlarga qarshi tura olishi mumkin. Shu bois, yoshlarni Amir Temur merosi asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning zamonaviy, yangicha usullarini topish, amaliyotga joriy qilish lozim.
Shuning uchun Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Mudofaa vazirligi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Fanlar akademiyasi yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy tarix va milliy armiyaga nisbatan gʻurur hissini uygʻotish, shuningdek, tarixiy manbalar va qoʻlyozmalarni chuqur oʻrganish asosida harbiy sohadagi boy tarixiy tajribamizni tiklashni oʻz oldiga birlamchi vazifa qilib olgan. Bunda buyuk hukmdor va sarkarda ota-bobolarimizning jang sanʼati, harbiy sohadagi qarashlari va islohotlarini oʻzida aks ettiruvchi asarlar, qiziqarli kitobchalar nashr ettirish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib, buyuk sarkardalar qiyofasini yaratish va yoshlar orasida ommalashtirish zarurati bor, albatta.
Maʼnaviy ruh — buyuk kuch
Miloddan avvalgi VI asrda yashagan xitoylik strateg va mutafakkir Sun Szining “Urush sanʼati” asarida yozishicha, askarlardan nafaqat harbiy-taktik bilim va malaka, balki mustahkam maʼnaviy ruh ham talab etilishi kerak.
Vatanparvarlikning yana bir muhim asosi maʼrifatdir. Zero, Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davrlarida ham maʼrifat buyuk ishlar, yuksak gʻalabalarga sabab boʻlgan.
Shu bois, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigida “Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qatʼiyati, oʻziga boʻlgan ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi”, deya taʼkidladi.
Zero, vatanparvarlik amaliy harakatlarda, tinmay izlanish, yangiliklarga intilish, oʻz ilmu amali bilan elu yurtga naf yetkazish, fidoyilikda namoyon boʻladi.
Albatta, bugun urushning qiyofasi ham oʻzgargan. Ochiq maydonlarda yuzma-yuz urishish tarixda qolib, hozir “axborot urushi”, “ong urushi”, “texnologik urushlar” kabi turlari koʻpayib bormoqda. Dunyodagi qudratli davlatlar shu urushlarda yetakchilikka ham intilmoqda. Bunday sharoitda vatan himoyachilarining bilimi, tafakkuri, dunyoqarashi, zamonaviy texnologiyalardan xabardorligi har qachongidan ham zarur.
Endi armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi boʻlib chiqishi boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlardagi asosiy yoʻnalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash boʻyicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan oʻtkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi. Har yili 5000 askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida oʻqitilishi maʼlum qilindi.
Askarlarga muddatli harbiy xizmatni oʻtash davrida harbiy qismning oʻzida oliygohga oʻqishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda oʻqiy boshlaydi. Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olmoqchi boʻlgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajati qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontrakt asosida oʻqishga kirsa, foizsiz taʼlim krediti ajratiladi. Bular yoshlarimiz uchun ochilayotgan katta imkoniyat eshiklaridir.
Harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish bilan birga maʼnaviy olamini ham muntazam boyitib borish bugunning talabidir. Albatta, maʼnaviy olam kitobxonlik, adabiyot, kino, sanʼatdan kuch, ragʻbat oladi. Shu bois, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ham oʻz oldiga harbiy askarlar ishtirokida kitob muhokamalariga qaratilgan doimiy adabiy klublar, “Soʻz” loyihasi doirasida harbiy qismlarda sheʼriy konsert dasturlari, kino namoyishlarini oʻtkazib borishni maqsad qilgan.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy-vatanparvarlik sohasidagi faoliyati yanada kuchaytiriladi, harbiy sohada maqsadli maʼnaviy-maʼrifiy loyihalar hamda mediakampaniyalar amalga oshiriladi, muddatli harbiy xizmat, safarbarlik chaqiruv rezervi xizmati, shuningdek, umumtaʼlim maktablaridagi “Vatan tayanchi” guruhlari bilan mafkuraviy yoʻnalishlarda “tadqiqot — tahlil — kompleks chora-tadbirlar — natija” zanjiri asosida tizimli ishlar bajariladi, harbiy tuzilmalar bilan belgilangan vazifalar doirasida uzluksiz hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
Proaktiv rejim — zamon talabi
Davlatimiz rahbari Xavfsizlik kengashi yigʻilishi davomida tinchlik va xotirjamlik yurtimiz uchun eng katta boylik ekanini, uni asrash boʻyicha “proaktiv rejim”ga oʻtish shartligini taʼkidladi.
Darhaqiqat, bugun zamon shunaqa, bugun zamonaviy yoshlar ham, ijtimoiy tarmoqlar ham shunday jarayonda. Shu bois, hozir barchamiz “proaktiv rejim”da vaziyat yuzaga kelishini kutmay, oldindan harakat qilishimiz, tashabbuskor boʻlishimiz, ishga ijodiy yondashishimiz, muammolarning oldini olish uchun faol choralar koʻrish yoʻliga oʻtishimiz shart.
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi oʻtgan yili yurtimizning barcha hududini qamrab olgan sotsiologik tadqiqot oʻtkazdi. Unda 22 ming 335 respondent ishtirok etgan. Tadqiqot natijalariga koʻra, respondentlarning 70 foizi ijtimoiy tarmoqlar yetakchi axborot manbai ekanini taʼkidlagan.
Chindan ham bugun ijtimoiy tarmoqlar alohida global olamga aylangan. Biz ijtimoiy tarmoqlarni toʻxtovsiz kuzatamiz, bolalarimiz qoʻliga telefon beramiz. Buning salbiy taʼsirlari haqida oʻylaymiz ham, albatta. Biroq bu qaltis vaziyatni hamma shunaqa qilyapti-ku degan mezonlar bilan baholab tinchlanamiz. Bolasi yigʻlasa, hamma darrov telefon beradi, kechqurun internetda bedor sayr qiladi va hokazo.
Ilgari mafkuraviy xuruj deganda hammaga ochiq-oydin koʻrinib turgan sanoqligina mafkuraviy omil va taʼsirlarni bilardik. Lekin hozir ularning salmogʻi ham, turi ham ortib bormoqda. Baʼzan bunday xurujlarning hatto mafkuraviy tahdid ekanini kimlardir anglamay ham qolmoqda. Bu taʼsiru tahdidlarning barchasi tezkorlik bilan har kuni millionlab informatsiyalar ichida koʻzga koʻrinmas viruslarday tarqatilmoqda. Yoshlarni manipulyatsiya qilish, bizga yot, qadriyatlarimizga begona odatlarni singdirishga urinish, eng yomoni, narkotikday taʼsir qiluvchi informatsiyalar bilan terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiberjinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi mudhish yoʻllarga yetaklash dunyo jamoatchiligini qattiq xavotirga solmoqda.
Statistik maʼlumotlarga qaraganda, feyk, yaʼni yolgʻon informatsiyalar toʻgʻri, haqqoniy xabarlarga qaraganda 6 barobar tez tarqalar ekan. Bu nima degani? Mafkuraviy xatarlar xavfi qay darajada adashtiruvchi, yoʻldan uruvchi kuchga ega ekanini shundan ham bilsa boʻladi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ideal dunyo, ideal hayot degan xavflar paydo boʻlmoqda. Internetda yashab, kontentlar bilan oʻylaydigan, trendlar ichida yashaydigan, natijada oʻz hayotidan norozi, internetdagi goʻzal, ideal tasvirlar qurboniga aylanayotgan avlod shakllanmoqda. Bu zalolatdan boshqa narsa emas!
Maʼlumotlarga koʻra, global mediaplatformalarda tarqalayotgan kontentlarning 70 foizini Gʻarb davlatlari tarqatar ekan. Bu hozir har 10 oʻzbek bolasining 8 nafari Gʻarb qadriyatlari taʼsirida yashamoqda, oʻylamoqda, harakat qilmoqda deganidir. Buning xavfi esa bugunoq koʻzga tashlana boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazilayotgan soʻrovnomalarga berilayotgan achinarli javoblar, yoshlarimiz olayotgan videokontentlar, oʻylab topilayotgan bayramlaru urf-odatlarni aytmasa ham boʻladi. Sababi bugun dunyo boʻylab 60 foiz odam axborotni ijtimoiy tarmoqlar orqali oladi. 2025-yilda siyosiy jarayonlarning beqarorlashuviga 100 dan ortiq yirik kiberhujum sabab boʻlgan.
Har yili global miqyosda veb texnologiyalarga doir maʼlumotlarni umumlashtiruvchi saytda turli hisobotlar keltiriladi va bu maʼlumotlar har kuni yangilab boriladi. Internetdagi turli tillarda yaratilgan kontentlar tahlil qilingan. Unga koʻra, bugun virtual olamdagi kontentlarning 49,4 foizi ingliz tilida, undan keyin ispan, nemis, yapon va boshqa tillarda yaratilgan kontentlardir. Bu katta olamda oʻzbek tilida yaratilgan kontentlar ulushi 0,1 foizgagina teng. Bu xavflimi? Ha, chunki biz koʻproq boshqa millat qadriyati, boshqa davlat gʻoyasi, boshqa qarashlarni ongimizga joylab bormoqdamiz.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda internetdan foydalanuvchi aholi ulushi 94,2 foizni tashkil etmoqda. Bu raqamlarning barchasi bizni foydali kontentlar, xavfsiz internet haqida koʻproq oʻylashga undaydi. Balki yoshlarning kelajagi uchun Avstraliya kabi 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash vaqti keldimikan?!
“Zed”, “Alfa” avlod: biz ularni taniymizmi?
Yuqorida urushlarning qiyofasi zamonaviylashayotganini aytdik. Bu murakkab jarayonda, ayniqsa, yoshlar ongi, ruhini egallashga qaratilgan janglar kuchaygan. Bu makkor kurashlar, xususan, yoshlarga moʻljallangan. Chunki bugungi yoshlar yangi avlod, ularning qarashi, qadriyatlari oʻzgaruvchan, ular tez taʼsirlanadi, hali tajribasiz, adashishi ham osonroq.
Biz bugun tez-tez eshitayotganimiz “Zed” avlod toʻliq raqamli davrda voyaga yetgan birinchi avloddir. “UN World Population Prospects
— 2024” maʼlumotlariga koʻra, 2024-yil yakunlari boʻyicha yoshlar (15-24 yoshdagilar) soni taxminan 1,3 milliard kishini tashkil etdi.
Shuningdek, soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, 2024-2025-yillarda “Zed” va “Alfa” avlod vakillari birgalikda cayyoramiz aholisining taxminan 47 foizini (Oʻzbekistonda 60 foiz) tashkil qiladi. Bunda “Alfa” avlod (24,4 foiz) “Zed” avloddan (22,9 foiz) bir oz oldinda bormoqda.
Yana bir maʼlumot bizni sergak torttirishi aniq. 2024-2025-yillarda ushbu yosh guruhidagi yigit-qizlar turli mamlakatlarda norozilik namoyishlarining asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan.
Instagramda 18-24 yoshdagilar dunyodagi foydalanuvchilarning eng katta ulushini (31,7 foiz) tashkil etadi. Barcha foydalanuvchilarning 60 foizi esa 35 yoshdan kichikdir. 2024-yilda TikTok global auditoriyasining 36 foizi (taxminan 543 million kishi) 18-24 yoshdagilar hissasiga toʻgʻri keldi. Yana 33,9 foizi esa 25-34 yoshdagilardir. TikTok auditoriyasining qariyb 70 foizini 18-35 yoshdagi qatlam tashkil etadi.
Mazkur raqamlarga qarab, koʻpni koʻrganlarning psixologik urushda jismoniy emas, balki maʼnaviy va sergaklik jihatidan mudroq tomon yengiladi degan soʻzlarini yana bir bor eslash kifoya. Bugun hushyorlik va ogohlik doim darvozalari ochiq boʻlgan, chegaralari yoʻq virtual olamda yanada muhim. Zero, bugun yana texnologiyalar ham kognitivlashmoqda. Bu haqda kuni kecha yaxshi maʼlumot oʻqidim. Unga koʻra, bu jarayon Gʻarbda NBIC konvergensiya deb ataladi. NBIC qisqartmasi N — nano, B — bio, I — axborot, C — kognitiv maʼnolarini anglatadi. Albatta, bu jamiyat ravnaqiga xizmat qilmoqda. Biroq olimlar yuzaga keladigan maʼnaviy-axloqiy oʻzgarishlardan ham barchani ogohlantirmoqda.
Bularning barchasi bugun targʻibotning koʻp qismi ijtimoiy tarmoqlarga koʻchirilishi zarurligini koʻrsatib turibdi. Shu maʼnoda, kelgusida ziyolilar birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali ezgu fikr, ezgu gʻoyalarni koʻproq yoyishi, yosh avlodni ortidan ergashtira oladigan darajada zamonaviylashishi shart. Shuningdek, baʼzi davlatlarda bugun kiberaskar, gʻoyaviy jangchi kabi terminlar paydo boʻlmoqda. Ularning vazifasi — mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashish. Bu yoʻnalishda oldimizda turgan vazifalar, bajarilishi zarur boʻlgan ishlar koʻp, albatta.
Jamiyatning ruhiy tayanchi
Abdurauf Fitratning “Bu dunyo — kurash maydoni. Bu kurashning quroli sogʻlom jismu tan, oʻtkir aql va yaxshi axloqdir” degan purmaʼno gapi bor. Azaldan kurash maydonida vijdoni uygʻoq, maʼrifati yuksak ziyolilar boʻlgan. Ular oʻzining hur fikri, ezgu oʻyi ortidan koʻplab insonlarni ergashtirib, jamiyatni maʼrifatning eng oldingi bosqichlariga olib chiqqan. Jarayonlar tezlashgan, axborot oqimi cheksiz, gʻoyalar toʻqnashuvi esa yangi bosqichga koʻtarilgan bir pallada jamiyatning ruhiy tayanchi boʻlgan ziyoli qatlam zimmasiga alohida vazifalar yuklanmoqda.
Har bir tarixiy burilish nuqtasida xalq taqdiriga daxldor qarorlar qabul qilingan, kelajak yoʻnalishi belgilab olingan. Bunday pallalarda jamiyat ichida maʼnaviy jipslik ustuvor ahamiyat kasb etgan. Bugun shu haqiqat yana bir bor oʻz tasdigʻini topmoqda. Mamlakat taraqqiyoti, tinchlik va barqarorlikni saqlash, yosh avlod qalbida ishonch va faxr tuygʻusini mustahkamlash yoʻlida har bir fikr egasi oʻz oʻrnini anglab yetishi zarur.
Shu nuqtayi nazardan, mamlakat rahbariyati atrofida shakllangan islohotlar ruhi, milliy manfaatlar ustuvorligi, tinchlik va barqarorlikka qaratilgan strategik yondashuvni jamiyatning barcha qatlami qoʻllab-quvvatlashi tabiiy holga aylanmogʻi lozim. Bu yerda gap shaxsga emas, balki umumiy yoʻlga ishonch, tanlangan taraqqiyot modeliga sadoqat haqida bormoqda.
Bugungi axborot makonida har bir soʻz, har bir munosabat jamiyat kayfiyatiga taʼsir koʻrsatadi. Shu bois, tanqid ham, tahlil ham, bahs ham milliy manfaatlar mezonida olib borilishi zarur. Vaqtinchalik ehtiroslar, tashqi taʼsirlar, sunʼiy kun tartiblari ortidan ergashish jamiyatni chalgʻitishi mumkin. Bunday holatlarda vazminlik, fikriy barqarorlik, uzoqni koʻra bilish fazilati alohida qiymat kasb etadi.
Tarix shundan dalolat beradiki, xalq va uning yetakchi fikr egalari oʻrtasida uzviy aloqa mavjud boʻlgan davrlarda taraqqiyot tezlashgan, xavf-xatarlar kamaygan, kelajakka ishonch mustahkamlangan. Bugun ham shunday ziyolilar, zamonaviy uygʻoq fikrlilar birlashib, xalqimiz orasida targʻibot tadbirlarini olib borish bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda ham faol boʻlishini zamon talab qilmoqda. Shu maʼnoda, anʼanaviy ravishda “Ziyolilar forumi” oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bu orqali ularning ilgʻor fikrlari, boy tajribasi asosida doimiy targʻibot ishlari tashkil etiladi. Mamlakatimizdagi islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishda ziyolilarning ijtimoiy faolligi yanada kuchaytiriladi.
Birgina misol: shu kunlarda Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanida ziyolilar bilan birga Prezidentimizning Murojaatnomasi, Xavfsizlik kengashi yigʻilishida olgʻa surgan gʻoya va tashabbuslari, ularning mazmun-mohiyati boʻyicha samimiy muloqotlar tashkil qilindi.
Xalqimiz bugun tinchlik degan neʼmatni asrash, farzandlarga ilm berish, kasb oʻrgatish har qachongidan ham muhimligini teran anglamoqda. Shu maqsadda 200 dan ortiq ziyolilar korpusi tashkil etilib, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi bilan barcha mahallada shunday targʻibot tadbirlari oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Bu bejiz emas. Prezidentimiz qayd etganidek, “Albatta, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirishda, hech shubhasiz, oʻzini oʻzi boshqarishning noyob tizimi boʻlgan mahallaning oʻrni va ahamiyati katta”.
Shu oʻrinda buyuk olmon shoiri Gyotening asar qahramoni Faust tilidan aytgan:
Kim erk, hayot deb jang qilolsa har kun,
Erku hayot uchun oʻsha munosib
degan satrlari yodga tushadi. Bugungi zamon ham barchamizdan erk, tinchlik, xotirjam hayot yoʻlida har kuni kurashishni, maʼrifat va maʼnaviyatni bunda asosiy kuchga aylantirishni, ayni chogʻda har birimizdan kuchli fuqarolik pozitsiyasini ham talab qilmoqda. Bu pozitsiya tinchlikni asrash, barqarorlikni mustahkamlash, kelajak avlod oldida masʼuliyatni his etish bilan oʻlchanadi. Ana shu his birlashgan joyda esa jamiyat yengilmas kuchga aylanadi, yurt ravnaq topib, yanada qudratli boʻladi!
Otabek HASANOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari,
siyosiy fanlar doktori