Avvalo, soʻz erkinligi toʻgʻrisida. Usiz jurnalistikani umuman tasavvur qilib boʻlmaydi. Usiz erkin jamiyatni tasavvur qilib boʻlmaydi. Usiz taraqqiyotni tasavvur qilib boʻlmaydi.
Soʻnggi uch-toʻrt yilda bizga ilgari tasavvur qilolmaganimizdek hajmda soʻz erkinligi kirib keldi. Uning oqibatida bugun biz ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda misli koʻrilmagan bahslar, munozaralarning ishtirokchisi va guvohi boʻlmoqdamiz. Toʻgʻri, oramizda “Soʻz erkinligi bizning boshimizga bitgan balo boʻlmadimikin?” deya tahlikaga tushib qolganlar ham bor. Lekin men ularga Uinston Cherchillning gapi bilan javob qaytaraman: “Demokratiya — boshqaruvning eng yomon shakli boʻlishi mumkin, ammo insoniyat hali undan yaxshisini oʻylab topgani yoʻq!”
Soʻz erkinligi muqobil fikr, degani. Muqobil fikrlardan eng haqqoniysini tanlash, degani. Rosti, bizda hali bunga koʻnikma va tajriba kam. Ammo hech qachon hech qaysi bir davlatchilik osonlikcha qurilmagan. Bunga uzoq va yaqin tariximiz guvoh. Maqsadga erishmoq yoʻlidan koʻp sinovlar hamda qurbonliklar, yoʻqotishlar bilan oʻtilgan.
Oʻzbekiston Prezidentining 2016-yilgi saylovdagi gʻalabasidan soʻng demokratik davlat sari intilish, soʻz erkinligi, fikrlar xilma-xilligi va bahslashuvi bosh ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Hech kimni va hech nimani tanqid qilish niyatim yoʻq. Ammo bundan ilgari vaziyat qanday boʻlganini tajribali va hatto tajribasiz jurnalistlar ham yaxshi bilishadi. U paytlarda hali “bloger” atamasi yoʻq edi. Ijtimoiy tarmoqda yozgan odam ham hadik bilan yozardi. Stalin davrini koʻrgan biror odam chiqib, koʻzga tik qarab “Sen davlat siyosatiga qarshimisan?” yoki “Siyosat bilan oʻynashyapsanmi?” degan tahdid bilan istalgan “qahramon”ni ham indamas ahvolga solib qoʻyardi.
Rahbarlar bemalol gapira boshladi
Biz mamlakatimizdagidan koʻra xorijdagi vazirlar va amaldorlarni bilardik. Birorta siyosatchining mahalliy televideniyeda chiqishiga izn yoʻq edi. Endi tasavvur qiling: soʻnggi uch yilda bizning vazirlar ham, senatoru deputatlar ham, hukumat aʼzolari ham xalqqa yaqinlashishga majbur boʻlishdi. Ularni Prezidentimizning ochiq va yangi siyosati bunga majbur qildi. Ayniqsa, Xalqaro press-klubning sessiyalarida soʻzga chiqmagan birorta ham amaldor qolmadi. Biz hokimlar bilan, vazirlar bilan yuzma-yuz gaplashishga, achchiq va ularga yoqmaydigan savollar berishga oʻrgandik. Hatto ularning nutqlarini eshitib, hayajondan adashgan paytlarida “qovun tushirdi”, deyish urfga aylandi. Internetda ilgari xorijdagi xayplar modaga kirdi. Toʻgʻri-da, bir umr ogʻziga tolqon solib kelgan amaldorlar birdaniga soʻzlay boshlashdi. Bir umr lom-mim demagan odamning qovun tushirishi tabiiy edi-da. Axir biz ularni Buyuk Britaniya yoki Janubiy Koreyadan olib kelmagandik. Hammasi xuddi oʻzimiz singari eski tuzumning odamlari edi.
Mayli, bundan ham oʻtarmiz. Amaldorlarimiz ham qovun tushirmaslikka oʻrganishar. Ammo biz bu “gripp”dan birga davolanishimiz kerak.
Oʻzbekiston bugun Sharq va Gʻarb davlatlari orasidagi eng sara tajribani olmoqchi. Baʼzida achchiq mevalarni yeyish ham nasib qilyapti. Bu tabiiy...
Bizning siyosiy voqeligimizda Prezidentimizning viloyatlarga tashriflari va videoselektor yigʻilishlari yangi voqelik boʻldi. Shavkat Mirziyoyev rkjali tashriflarni yoqtirmaydi. Oldindan tayyorlangan ssenariylarni inkor etadi. Tanlangan va oʻrgatilgan odamlar bilan emas, professionallar bilan gaplashadi. Koʻrgazmali uchrashuvlarni-ku umuman qabul qilolmaydi. Oʻta rasmiyatchilik bilan oʻtadigan yigʻilishlar ham uning tabiatiga zid.
Yodingizda boʻlsa, bir postimda aytgandim: videoselektor boʻladimi yoki uchrashuv boʻladimi, Prezidentimiz shoshmaydi. Xoh u professor Z.Noviskiy singari tajribali mutaxassis boʻlsin, xoh katta amaldor, xoh viloyat yoki tuman hokimi, Prezidentimiz shoshmaydi, soʻzini boʻlmay tinglaydi. U oʻz qarorida professionalning fikriga tayanadi.
Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka nomzod boʻlganida Qoraqalpogʻistonga, adashmasam, Shumanay tumaniga borganida minglab odamlar orasiga kirib ketdi. Uni zich oʻrab olishdi. Kimdir buni odamlar avval mamlakatning birinchi rahbarini koʻrmaganligiga yoʻydi, ammo Shavkat Mirziyoyev buni odamlarning muammolari toʻplanib qolganligiga, odamlar bilan muloqot boʻlmaganligiga yoʻydi.
2016-yilgi saylov ham tugadi. Butun mamlakatni aylangan Shavkat Mirziyoyev xalq Prezidentiga aylandi. Balki kimdir oʻshanda “Bu vaqtinchalik, saylovdan keyin hammasi toʻxtaydi, bu Mirziyoyevning piar texnologiyasi”, deb oʻylagandir. Ammo, mana, 2020-yilning oʻrtasiga kelyaptiki, Shavkat Mirziyoyev xalq bilan muloqotni toʻxtatgani yoʻq va toʻxtatmaydi ham.
Xalq dardu tashvishi, odamlar gʻami Prezidentimiz uchun qanchalik yaqin ekanini biz Buxoro va Sardobaga rejadan tashqari tezkor tashriflarda ham koʻrib, guvohi boʻldik.
Sirdaryo viloyatida davlat rahbari ikki sutka yashadi, odamlar ichida boʻldi. Uch-toʻrt ming kishilik litseylar, maktablarga, shuningdek, mahallalarga borib, odamlarni tinchlantirdi, kayfiyatini koʻtarishga harakat qildi. Ularni kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan taʼminlashga bosh-qosh boʻldi. “Uylaringizdan suvni chiqarib beramiz, yoʻllaringizni taʼmirlab beramiz, dalalaringizni haydab beramiz”, deya ularni ishontirdi. “Faqat ruhingizni tushirmang, kayfiyatingizni koʻtaring!” deya ularga koʻtarinkilik bagʻishladi.
Bu ishlarni poytaxtdagi muhtasham kabinetdan turib qilsa ham boʻlardi. Odatda koʻp rahbarlar shunday qiladi ham.
Men buni Prezidentimizni maqtash uchun yozayotganim yoʻq. U bunga muhtoj ham emas. Men yozayotganim uch holatda: koronavirus pandemiyasi, Buxoro va Sardoba talafotlarida soʻz erkinligi hamda vaziyatni yashirmasdan, oshkora koʻrsatishni oʻz-oʻzidan deb bilish kerak emas. Bu Prezidentimizning siyosiy irodasi, uning oʻz yoʻlidan qaytmasligini koʻrsatdi.
Koronavirus boʻyicha birinchi kunlardan shunday boʻldi. Biz kasalni yashirmadik. Chunki yashirilganida, albatta, isitmasi oshkor qilar edi. Buni baʼzi davlatlar misolida ham koʻryapmiz. Bizda pandemiyaning kelishi, qancha odam kasallangani, unga qarshi qanday choralar koʻrilishi Prezidentimizning har bir selektorida ochiq, xalqdan yashirilmay yoritildi. Pirovardida Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashish borasida maqtovga arzirli tajriba yuzaga keldi. Kasallar soni kundan-kunga kamayyapti. Mamlakat karantindan yorugʻ yuz bilan chiqyapti.
Soʻnggi voqealar hech kimdan sir tutilmadi
Buxoro va Sardobada yuz bergan voqealar ham xalqdan berkitilmadi hamda yashirilmadi. Kerak boʻlsa, vertolyotdan va drondan olingan foto hamda videosuratlar peshma-pesh namoyish qilib borildi. Odamlar dezinofrmatsiya, maʼlumotsiz qoldirilish siyosati ostida yashamadi.
Hali koʻrasizlar, Shavkat Mirziyoyev bu joylarga kutilmaganda yana koʻp keladi. Odamlar bilan gaplashadi. Bergan topshiriqlarining ijrosini tekshiradi. Qurilish ishlarini shaxsan nazorat qiladi. Toshkentga qaytgach esa maxsus komissiya bilan birga voqea sabablari va omillarini, masʼullar faoliyati va harakatsizligini tekshiradi.
Bu gaplarni Shavkat Mirziyoyevni kecha bilgan odam sifatida aytayotganim yoʻq. 2005 — 2008-yillarda Bosh vazirning matbuot kotibi sifatida ishlaganimda, men uning kabinetda oʻtirganini deyarli koʻrmaganman. Shavkat Mirziyoyev koʻp qavatli uylarning yertoʻlasi, tomi va yoʻlagi haqida oʻylardi, boshqa rahbarlardan farqli ravishda bozorlardagi narxlar aholi uchun qimmatlik qilmasligi borasida qaygʻurardi. 2008-yilning iyul oyida Kogonda snaryadlar portlaganida kogonliklar bilan bir oy yashadi. 2010-yili Andijon chegarasida yuz bergan voqealarda-chi?! Axir oʻshanda Bosh vazir Xonobodda toki soʻnggi odam oʻz uyiga yetib olgunga qadar yashamaganmidi? Viloyatlarga borganda istalgan paxta dalasiga kirar, seleksiyachi olimlar bilan soatlab gaplashardi, ularning rejalari bilan qiziqardi. Oddiy aytganda, hukumat rahbarining siyosati odamlarning muammolarini yengillatishga yoʻnaltirilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev Prezident boʻlganidan keyin bu masʼuliyat yuz chandon oshdi va uning hayoti mazmuniga aylandi.
Mana shunday soʻz erkinligini biz uch omilda tahlil qilib berdik. Qolganlariga esa oʻzingiz guvoh va shohiddirsiz!
Lekin biz yana bir narsaga oʻrganishimiz kerak. Bu — soʻz masʼuliyati! Soʻz erkinligini aslo suiisteʼmol qilmasligimiz lozim!
Soʻzimning yakunini bir fikr bilan tugatmoqchiman. Yaponiyada bir yilda bir necha mingtagacha zilzila boʻlar ekan. Baʼzida yer kuniga besh-olti marta qattiq silkinarkan. 1 balldan 3 ballgacha boʻlgan aftershoklarga ular pinagini ham buzmas ekan. Tabiat buzgan narsani tezda tiklab olishadi. Zilzilalar ham yapon tabiatini oʻzgartirib yubormas ekan...
Biz bolaligimizda “musichadek yuvosh” iborasini koʻp eshitardik. Lekin bugun bizning millat yangi qiyofada tiklanyapti. Soʻnggi kunlardagi voqealar esa bizni bitta xulosaga kelishga undadi: biz xayoldagi afsonaviy humo qushi singari emas, tabiatdagi koʻzimiz koʻrib turgan lochindan ibrat olishimiz va u singari yashashni oʻrganishimiz lozim!
Sherzodxon Qudratxoʻjayev,
jurnalist, siyosiy fanlar nomzodi