Xususan, oʻtgan yili sanoat korxonalari tomonidan 14,6 mln. tonna sement ishlab chiqarildi. Joriy yilda ushbu koʻrsatkich 19,7 mln. tonnani tashkil etishi rejalashtirilgan. Bunday yuqori natijalarga investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali erishilmoqda. Yaʼni joylarda yangi, zamonaviy sement zavodlari barpo etilmoqda. Mahsulot turlari kengaytirilyapti. Hozirda M-400 dan tortib M-600 gacha boʻlgan portlandsement tayyorlanmoqda.
Statistikaga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2022-yilda sement ishlab chiqarishni tashkil boʻyicha 7 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, qoʻshimcha 5 mln. 760 ming tonna quvvat yaratilgan edi. Jumladan, Navoiy shahrida “Qizilqumsement” AJda yillik imkoniyati 2,2 mln. tonna qoʻshimcha quvvat va Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yiliga 1,2 mln. tonna sement ishlab chiqarish imkoniyatiga ega “Qarshi Conch Cement” MCHJ XK korxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgandi. Fargʻona viloyatida esa “Shaffof Sement Sanoat” MCHJ QKda yiliga 360 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvati yaratilib, “Namangan sement” MCHJ (ishlab chiqarish hajmini oshirish 2-bosqichi), “GSR Building material” MCHJ, “Jaxon Yevro Servis” MCHJkabi sement zavodlari foydalanishga topshirilgandi.
Maʼlumot uchun, ayni paytda respublikamizda 35 ta sement zavodi faoliyat yuritadi. Ularning jami ishlab chiqarish quvvati esa 26,3 mlni tonnani tashkil etadi. Soʻnggi birja savdolarida bir tonna sement 589,1 ming soʻmdan sotilgan.