Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Yer qaʼridan foydalanganlik uchun sement ishlab chiqarishga moʻljallangan ohaktosh boʻyicha amalda boʻlgan 22,5 ming soʻm soliq stavkasi 1 tonna uchun 6 ming soʻmga pasaytirilgani keng muhokamalarga sabab boʻlayotgandi. Bu boʻyicha “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Maʼlum qilinishicha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan eʼlon qilingan 2024-2026-yillarga moʻljallangan BYUDJETNOMAsida 2024-yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlarining 6-bandida yer qaʼridan foydalanganlik uchun sement ishlab chiqarishga moʻljallangan ohaktosh boʻyicha belgilangan 22,5 ming soʻm soliq stavkasini 2 barobarga pasaytirish taklif qilinayotgan edi.
Chunki 5 foizlik soliq stavkasi 2019-yildan boshlab oshirilgan va bugungi kunda qadar har bir tonna ishlab chiqarilgan ohaktosh uchun 22,5 ming soʻm (yoki ohaktosh tannarxining 75 foizi) etib belgilanganligi sement narxlarini oshishiga olib keldi.
Hozirda bir tonna ohaktoshning oʻrtacha narxi – 30 ming soʻmni tashkil etadi.
2023-yil 28-dekabrda qabul qabul qilingan 891-sonli “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida sement ishlab chiqarishda ohaktoshga yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 6 ming soʻm etib belgilandi.
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi sement ishlab chiqarish uchun ohaktoshga soliq stavkasini 4 baravarga kamaytirilishi ushbu mahsulotlarning mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi raqobatbardoshligini oshirishiga xizmat qiladi deb hisoblaydi.
Stavkalar pasaytirilganligiga qaramasdan, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi ohaktosh tannarxidan Oʻzbekistonda – 20 foizni, qoʻshni davlatlarda yaʼni Qozogʻistonda – 4,7 foiz, Qirgʻizistonda – 3 foiz, Tojikistonda - 7 foizni tashkil etadi.