Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 2023-2024-oʻquv yilida Oʻzbekiston maktab oʻquvchilari tomonidan xalqaro fan olimpiadalarida jami 122 medal qoʻlga kiritilgan. Bu natija hozirga qadar erishilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, oʻtgan yilda olimpiadachi oʻquvchilar tomonidan 65 ta medal naqd qilingan.
Mazkur sovrindorlar orasidan nufuzga ega, koʻpgina dunyo mamlakatlari va xalqaro darajadagi oliy taʼlim muassasalari tan oladigan xalqaro olimpiadalarda qoʻlga kiritilgan 91 ta (11 ta oltin, 24 ta kumush va 56 ta bronza) medal egalari va ularning ustozlari turli darajadagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Qayd etish lozimki, xalqaro (astronomiya, geografiya, iqtisod va xorijiy tillar) olimpiadalarning oltin medal sohiblariga — 56,25 million soʻm hamda ularning oʻqituvchilariga — 18,75 million soʻm,
kumush medal sohiblariga — 37,5 million soʻm hamda ularning oʻqituvchilariga — 13,125 million soʻm,
bronza medal sohiblariga — 18,75 million soʻm hamda ularning oʻqituvchilariga — 11,25 million soʻm miqdorida mukofot beriladi.
Mintaqaviy xalqaro olimpiadalarning oltin medal sohiblariga — 4,5 million soʻm hamda ularning oʻqituvchilariga — 18,75 million soʻm,
kumush medal sohiblariga — 3 million soʻm hamda ularning oʻqituvchilariga — 13,125 million soʻm,
bronza medal sohiblariga — 2,25 million soʻm hamda ularning oʻqituvchilariga — 11,25 million soʻm beriladi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy xalqaro olimpiada sovrindorlari oliy taʼlim muassasalariga kirishda oʻz fanidan maksimal ballga ega boʻladi. Bundan tashqari, oʻquvchini olimpiadalarga tayyorlagan oʻqituvchining malaka toifasi bir pogʻona koʻtariladi, shuningdek, mintaqaviy xalqaro olimpiada gʻoliblari hamda asosiy olimpiadaning respublika bosqichi gʻoliblari keyinchalik taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib gʻolib boʻlgan fanidan dars bergan taqdirda, lavozim maoshiga 100 foiz har oylik ustama oladi.