Bu yilgi natijalar o‘zgacha bo‘ladi

    O‘tgan yilda yoshlarning 1 trillion 998 milliard 49 million so‘mlik biznes loyihalari moliyalashtirildi.

    “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi jamoasi o‘tgan bir yilda vaqtini mazmunli o‘tkazishi, kasb-hunar o‘rganishi yoki o‘zi istagan sohada turli bilimlarni egallashi uchun yigit-qizlarga har tomonlama ko‘maklashdi, kuch-g‘ayratini ayamadi.

    Yigirmadan ortiq yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan, o‘tgan yili tadbirkorlik uyushmalari, vazirlik hamda tijorat banklari bilan hamkorlikda yosh tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirish orqali 80 mingdan ortiq yigit­qizga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga yordamlashildi. Natijada ularning 1 trillion 998 milliard 49 million so‘mlik biznes loyihalari moliyalashtirildi. Joylarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarning bilimini oshirish maqsadida malakali mutaxassislar tomonidan 800 biznes seminar tashkil etilib, ularga qariyb 15 mingga yaqin yigit­qiz qamrab olindi.

    Xalqaro darajadagi biznes trener va ekspertlar, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar ishtirokida motivasion trening, uchrashuvlar tashkil etilib, ularda 26 mingdan ziyod yoshlar qatnashdi. Yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, biznes yuritish ko‘nikmasini shakllantirish, g‘oya va loyihalarini hayotga tatbiq etishi uchun ko‘maklashish maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab “Biznes marafon”ning uchinchi mavsumi tashkil etildi. Unga 40 mingdan ziyod yoshlar jalb etildi.

    Biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan 18 mingdan ziyod yigit­qizga huquq, buxgalteriya, marketing, brending, bank, sug‘urta, mehnat va boshqa sohalarda konsalting xizmatlari ko‘rsatildi. Tadbirkorlik va unarmandchilikka qiziqqan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun hududlardagi ishbilarmonlar va hunarmandlar faoliyati bilan tanishuv tashkil etildi. Xususan, Toshkent shahrida axborot texnologiyalari, arxitektura va dizayn, Namangan viloyatida esa tekstil­trikotaj, charm sanoati bo‘yicha o‘quv­seminar, mahorat darslari, biznes sayohatlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda yoshlar biznes yuritish ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, hamkorlar topish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Umumiy hisobda o‘tgan yili amalga oshirilgan loyiha va tadbirlarda 800 ming nafardan ziyod yigit­qiz ishtirok etdi.

    To‘g‘ri, bir qarashda yuqoridagi natijalar unchalik ham salmoqli emas. Ammo “Toma­toma ko‘l bo‘lur” degan naql bejiz aytilmaganiga ishonamiz. Hozir harakatdan to‘xtamasak, maqsad sari ildamlasak, bas, marra bizniki. Qolgan ishlar, albatta, bo‘ladi. Bu yilgi asosiy maqsadlarimizdan biri ham aynan shu: ko‘proq yoshlarni kasbhunarli qilish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, yangi marralarni zabt etishiga ko‘maklashish. Toki orzusi sari olg‘a yurayotganlar yonida suyanchig‘i borligini his etsin.

    Prezidentimiz o‘tgan yili 20 dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida, jumladan, bunday dedi: “Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz”. Xususan, eng katta investisiya kiritish zarur bo‘lgan ta’lim sohasini qo‘llab­quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ta’lim sifatini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona yo‘lidir.

    Ayni paytda jamg‘armamiz ham shu yo‘lda foydali ishlarni amalga oshirishni maqsad qilgan. Joriy yil yakuniga qadar yoshlar davrasiga xalqaro miqyosda yuqori nufuzga ega notiqlarni jalb qilgan holda, turli motivasion tadbirlar o‘tkazish, yosh tadbirkorlarning xalqaro forum va yarmarkalardagi ishtirokini ta’minlash, xalqaro mehnat bozoriga chiqishiga ko‘maklashish rejalashtirilgan. Kelgusida tegishli sohada malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi, jumladan, tadbirkorlikka o‘qishi uchun mamlakatimizda yuqori natijalarga erishgan mutaxassislarni jalb etgan holda mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Bitiruvchilarda tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida barcha hududlardagi oliy ta’lim muassasalari bazasida biznes akseleratorlar tashkil etiladi. Shuningdek, ularning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oya va loyihalarini amalga oshirishga ko‘mak berish, jumladan, biznes rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlari ko‘rsatish, forumlar, mahorat darslari va seminarlar tashkil etish rejalashtirilgan.

    Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun bugun bizda barcha imkoniyat va salohiyat mavjud. Mamlakatimiz oldida ulkan marralarni zabt etish vazifasi turibdi. Bunda yoshlarning ham o‘ziga xos o‘rni va hissasi muhim. Shu bois, ularga har tomonlama yordam berishda davom etamiz. Bu yilgi natijalar o‘zgacha bo‘lishiga ishonamiz.

    Xayrulla SATTOROV,
    “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori