Unda keltirilishicha, ayni kunda yurtimiz boʻylab gʻalla oʻrim-yigʻimi jadal ketmoqda. Oʻz navbatida, gʻalla hosilidan boʻshagan maydonlar peshma-pesh shudgorlanib, oʻrniga takroriy ekinlarni ekish ishlari boshlab yuborilgan. Qolaversa, gʻalladan boʻshagan yerlar kam taʼminlangan oilalarga ham boʻlib berilmoqda. Bu respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan bir qatorda, qishloqlar aholisi bandligini va moddiy manfaatdorligini oshirishga koʻmaklashadi.

Biroq ayrim shaxslar bu imkoniyatdan samarali foydalanish oʻrniga paykallarni haydashdan oldin bugʻdoy poyalari, somon va yovvoyi oʻsimliklar qoldiqlaridan tozalashga erinib, yoqib yubormoqda. Buning esa juda koʻp salbiy oqibatlari bor.

Olimlarning taʼkidlashicha, 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganda, atmosferaga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm ulgevodorod, 3 kilogramm kul, 20 kilogramm is gazi va uglerod oksidi (SO) gazi chiqib ketadi. Qolaversa, undan ajralib chiqqan qurum inson organizmida sil va saraton kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

Eng asosiysi, somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqilgan hududlarda yer unumdorligining yoʻqolishi, tuproq strukturasining buzilishi hamda yongʻin natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikroyelementlarning yoʻq boʻlib ketishi oqibatida ekin yerlarining ball boniteti keskin pasayadi.

Tuproq strukturasining buzilishi qator “zanjirli reaksiyalar”ni sodir etib, birinchi navbatda qishloq xoʻjaligi ekologik sharoitlarini yomonlashtiradi, eroziya jarayonlarini tezlashtiradi. Yaʼni organik moddalarning yonib ketishi tuproq strukturasining yanada tezroq buzilishiga olib kelishi bilan bir qatorda uning eroziyaga turgʻunlik qobiliyatini keskin pasaytiradi, organik moddalarning kichik biologik aylanishidan mahrum etadi.

Dukkakli-don ekinlarning ildiz va angʻiz qoldiqlari boshqa ekinlarning oziqlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli almashlab ekishda oʻgʻitlash tizimini tuzish jarayonida bu, albatta, hisobga olinishi kerak. Donli va dukkakli-don ekinlarning ildiz va angʻiz qoldiqlari tarkibidagi uglerod va azot oʻrtasidagi nisbat (S:N) juda kichik boʻlib, mazkur elementlarning goʻngdagi nisbatiga yaqinlashib boradi.

Ildiz va angʻiz qoldiqlarining minerallashish jarayoni ancha jadal kechadi. Shuningdek, ular tarkibidagi ozuqa moddalarining oʻsimliklar tomonidan oʻzlashtirilish koyeffitsiyenti ham goʻngdagi ozuqa moddalarning oʻzlashtirilish koyeffitsiyentiga yaqin. Bu birinchi navbatda azotga tegishli boʻlib, dukkakli ekinlardan qoladigan ildiz va angʻiz qoldiqlari tarkibidagi azot birinchi, ikkinchi va uchinchi yillarda 20-25, 15-20 va 5-10 foiz oʻzlashtiriladi.

Maʼlumotlarda keltirilishicha, dukkakli va dukkakli-don ekinlarning har bir tonna ildiz va angʻiz qoldiqlari hisobiga 10-15 kilogramm azot tuproqqa kelib tushadi. Azotdan tashqari, fosfor va kaliy moddalari ham ozuqa sifatida yigʻiladi.

Oxirgi 50 yilda respublikaning ayrim hududlarida gumus miqdori 0,4-0,5 foizgacha kamayib ketgan. Tuproq tarkibidagi gumus miqdorini koʻpaytirish uchun mahalliy oʻgʻitlardan qoramol goʻngi, shahar chiqindisi, has-xazon, siderat ekinlar bilan tuproq tarkibidagi organik qoldiqni koʻpaytirish kerak. Dalalarda bugʻdoy ekinlaridan keyin qoladigan 3-4 tonna oʻsimlik qoldiqlari yoqib yuborilganda esa, busiz ham talab etiladigan meʼyorlardan ancha past miqdorda boʻlgan mikroorganizmlarga jiddiy qiron keltiriladi. Shuning uchun somonning yoqilishiga keskin qarshilik koʻrsatish lozim.