Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatini boshlagan ilk davrlardanoq yoshlar tarbiyasida muhim oʻrin tutadigan kitob mutolaasi bilan bogʻliq ezgu ishlarni boshlab berdi. Shu bois, keyingi yillarda kitobxonlik, mutolaa masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Zero, oʻzi uchun oʻqib, maʼnaviyatini boyitgan yoshlarga avtomashinagacha sovgʻa qilishdan ortiq ragʻbat boʻlmasa kerak kitobxon uchun.

Yoki davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan besh muhim tashabbusning toʻrtinchisi kitobxonlik ekani ham yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini yana-da oshirish yoʻlida olib borilayotgan ishlarning tizimli ekanidan dalolat beradi. Buni yoshlarimiz chuqur his qilishlari lozim. Hech qaysi davlatda birdaniga besh ezgu tashabbus ilgari surilmasa kerak. Shunday saʼy-harakatlarni jimgina kuzatib boʻladimi?

Shu maʼnoda kitobxonlikka oʻz hissamni qoʻshish maqsadida “Madaniyat va maʼrifat” telekanaliga Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asarini toʻliq mutolaa qilib berdim. Qayerga borsam, yoshlarga aytaman: “Baraka topkurlar, mana asarni oʻqishga erinsanglar, oynai jahonga toʻliq oʻqib berdik, koʻringlar. Juda koʻrishga ham erinsanglar, “Yulduzli tunlar”ning audio variantini Oʻzbekiston radiokanaliga tayyorlab berdik. Qolaversa, hozir koʻplab kitoblarning shunday variantlari bor internetda. Kitob doʻkonlarida ham kitoblar serob. Istagan kitobingizni topishingiz mumkin. Hech qanday bahona qolmadi kitob oʻqimaslikka. Faqat ishtiyoq, muhabbat boʻlsa bas! Toʻgʻri, besh tashabbus yoshlarda mana shunday ishtiyoq, muhabbatni uygʻotish maqsadida amaliyotga tatbiq etildi. Bu borada yutuqlarimiz talaygina. Ammo har qaysi muammo ham birdaniga yechim topib ketmaydi. Albatta, mashaqqatlar, tinimsiz mehnatlar evazigagina ijobiy hal boʻladi ular. Shunday ekan, kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarni mutolaaga keng jalb etish ham asta-sekin oʻz samarasini bera boshlayapti.

Yaqinda 25 yildan buyon rozilik bermay kelayotganim bir ishga kirishishga majbur boʻldim. Sanʼat va madaniyat institutidan bir kurs berishdi. Oʻsha kursga munosiblarni qabul qilish uchun 900 nafar abituriyent bilan yuzma-yuz suhbatlashdik. Oʻzim uchun “qilkoʻprik” deb belgilab olganim — kitob mutolaasi shartiga kelganda, koʻpi bilan ularning nari borsa 30 ga yaqinigina bizni xursand qila oldi. Eng achinarlisi, aksariyat yoshlar oʻzi oʻqib berayotgan parchaning qaysi asardan olinganini bilmaydi.

Ayniqsa, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Yulduzli tunlar”ni bilmaslik mumkinmi oʻzbek farzandlariga? Tagʻin aktyorlik ostonasida turganlarga? Oʻzining adabiyotini bilmagan odam dunyo adabiyotini, Chingiz Aytmatovni biladimi? Bir abituriyent Abdullatif monologini baland ovozda avj bilan aytyapti. Uni aytish uchun Maqsud Shayxzodaning pyesasini toʻliq bilishi kerak aslida. Monolog bilan sheʼrning farqini bilmaydi. Nega mantiqqa qaramaysan, dedim. Sen Abdullatifsan axir, hech kim eshitishi kerak boʻlmagan rejalaring haqida baland ovozda gapirasanmi? Saroy. Butun atrofing xufya-ku. Otangga yetkazadi-ku ular. Pichirlab aytish kerak-ku bu monologni.

Xullas, hammasi internet bilangina cheklanib qolishning oqibati. Ayni paytda saralab olganimiz 30 nafar talabaga bugun astoydil kitob oʻqityapman. Falon kitobni oʻqinglar, falon kuni soʻrayman deyman, muhlat belgilayman. Xayriyatki, oʻqishyapti. Darsdan yarim soat qirqib boʻlsa-da, mutolaa soatini oʻtkazishga majbur boʻlyapmiz. Natija bor. Qatʼiy nazorat boʻlsa, yoshlarni albatta yoʻlga solish mumkin. Faqat buni hamma birdek his qilishi kerak. Aktyorning noni adabiyot ekanini boʻlajak aktyorlar batamom his qilishi kerak. Bular boshimizdan oʻtgani, kitob oʻqib, aslo kam boʻlmaganimiz uchun yoshlarga qayta-qayta gapirishdan tolmaymiz.

Surxondaryo viloyati teatrida ishlab yurgan kezlarim “Yulduzli tunlar” qoʻlimdan tushmasdi. Kitob shundoqqina ish stolim ustida turar, kechalari ham qayta-qayta oʻqir edim. 1982-83 yillarda qani endi shu asar boʻyicha bir spektaklmi, videofilm yaratilsa, Bobur rolini oʻynasam, deb orzu qilar edim. Keyinchalik Toshkentga qaytib keldim. Mana shu kitobni qayta-qayta oʻqiyverib, yod olib yuborganim tufayli men shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur obrazini muvaffaqiyatli ijro eta oldim. Uning gʻoyat chigallik, ayriliq, hijronlarga boy hayotini aks ettira olish uchun asarning ichida yashashim kerakligini his qilganman. Albatta, kitob eng beminnat doʻst, oʻqiguvchini koʻklarga koʻtaradi, qalbini ilmu urfon bilan bezaydi. Undan hech qachon yomonlik kelmaydi.

Xulosa qilib aytmoqchimanki, nafaqat aktyorlikni orzu qilayotganlar, balki barcha yoshlar kitob mutolaasini kun tartibiga bajarilishi zarur boʻlgan vazifa sifatida kiritib olishi lozim. Moʻjazgina boʻlsa-da kutubxonasi bor uyni men uy emas, nurxona degim keladi. Kitob bilan sirlasha, tillasha oladigan qalblarni esa eng goʻzal qalblar deb bilaman. Aslida ham shunday boʻlsa kerak...

Muhammadali ABDUQUNDUZOV,

Oʻzbekiston xalq artisti