Gaz bosimining pastligi sababli, birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Shu munosabat bilan, bugun metan gaz quyish shoxobchalari faqat ijtimoiy soha obyektlariga xizmat koʻrsatuvchi hamda jamoat transporti uchun faoliyat yuritadi, deya xabar beradi Energetika vazirligi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur choralar aholi va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror gaz taʼminoti bilan taʼminlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin va suyultirilgan gaz (propan) hajmi oshirilgan boʻlib, ular yetarli miqdorda yetkazib berilmoqda.
Mutasaddilar xususiy avtozapravka egalaridan narxlarni sunʼiy ravishda oshirmaslikni, shuningdek, avtobenzinni sifat va miqdor jihatidan toʻgʻri sotishni soʻramoqda. Vakolatli tashkilotlar tomonidan nazorat tadbirlari kuchaytirilib, narxlarning asossiz oshirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi taʼkidlandi.