Umumiy mukofot jamgʻarmasi 51,5 million AQSH dollarini tashkil qiluvchi “Australian Open” musobaqasining ayollar oʻrtasidagi saralash bahslarida hamyurtimiz Nigina Abduraimova ham oʻz imkoniyatini sinovdan oʻtkazadi.
Qurʼa natijasiga koʻra, hamyurtimiz saralashning ilk davrasida ispaniyalik Leyre Gormazga qarshi kortga chiqadi. Ushbu uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 11:20 da boshlanadi. Abduraimova WTA reytingida 180, Gormaz esa 169-oʻrinni egallab turibdi.
Maʼlumot uchun, ham ayollar, ham erkaklar yakkalik bahslarida gʻalaba qozonadigan tennischilar qimmatli 2000 reyting ochkosi bilan birga, bankdagi hisob raqamlarini 2 million 54 ming dollarga boyitib oladi. Asosiy davraning 1-bosqichida magʻlub boʻlgan tennischi ham uyiga 75 ming 160 dollar bilan qaytadi.
“Australian Open” turniri oʻz tarixida 111-marotaba oʻtkazilyapti. Rafael Nadal (Ispaniya) va Eshli Barti (Avstraliya) musobaqaning amaldagi gʻoliblari sanaladi.