Bolalikdan “yer yuzining sayqali” deb eshitganimiz Samarqandga koʻp marta borganman. Shunga qaramay, hozir ham biror joyga tomoshaga borish rejasi tuzilganda, albatta, Samarqand bu roʻyxatga kiradi. Menimcha, koʻpchilikda shunday boʻlsa kerak.

Sababi, Samarqandda sir koʻp, sinoat koʻp, qancha koʻrsang, yana shuncha sirligicha qoladigan qadamjolar koʻp. Qolaversa, yangilangan qiyofasi – taʼrifu tavsiflarga sigʻmayotgan Imom Buxoriy majmuasi kabi muqaddas manzillar oʻn, yuz martalab ziyoratga arziydi.

Turli sabablar bilan anchadan beri Samarqandga bormagandim. Lekin rangli-bezakli “Samarqandim” jurnali chiqayotganidan, unda qiziq-qiziq tarixiy maʼlumotlar, maqolalar chop etilayotganidan xabardor edim. Taniqli jurnalist, jurnal bosh muharriri Farrux Hamroyevning himmati bilan menga ham bu jurnal yetib keldi.

“Samarqandim”ning 2025-yil 4-soni – ham zamonaviy, ham tarixiy hayotimiz aksi.

Oʻzbekiston – Yaponiya aloqalariga bagʻishlangan bosh maqolada keltirilishicha, bugungi kunda oʻzbekistonlik 2,5 mingdan ziyod talaba Yaponiyada tahsil olyapti, 400 dan oshiq talaba JDS stipendiyasini qoʻlga kiritgan. JDS oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun Yaponiyaning nufuzli universitetlarida magistrlik va doktorantura bosqichlarida tahsil olish imkoniyatini beruvchi grant dastur hisoblanadi.

Oʻtgan asr boshida jadid bobolarimiz tashabbusi bilan turkistonlik 70 nafar yosh Germaniyaga oʻqishga yuborilgani haqida bilamiz. Fitrat boshliq ziyolilar oʻsha yigit-qizlarning millatni uygʻotuvchi kuchga aylanishini orzu qilgandi. Bugun oʻsha orzudagi yoshlarning 30-40 barobari Yaponiyada – dunyoni aqlu tafakkuri bilan lol qoldirgan mamlakatda oʻqiyapti! Demak, ertangi kundan umid qilishga haqlimizmi? Haqlimiz!

Taniqli adib, jurnalist Xurshid Doʻstmuhammadga akademik Vosil Qobulov bilan suhbat tayyorlash topshirigʻi beriladi. Ammo akademikning boʻsh vaqti topilavermaydi. Shunda Xurshid aka “suhbat”ning savolini ham, javobini ham oʻzi tayyorlab, akademikning oldiga boradi. “Yozdim... Vaqtingiz boʻlmagani uchun”, deydi. Domla esa ikki qoʻllab qogʻozlarni qoʻliga qaytarib tutqazadi: “Buni siz yozmadingiz, men koʻrmadim. Qaytib hech qachon bunday ish qilmang”.

Xurshid Doʻstmuhammad turli andishalar taʼsirida bu xotirani eslamay oʻtsa ham birov adibdan domangir boʻlmasdi. Biroq unda muallifning jurnalxonga qadrli samimiyati yoʻqolib qolardi. Biz Xurshid Doʻstmuhammadni rostgoʻyligi uchun ham hurmat qilamiz... Demak, ziyolilarimiz qilvir boʻlmagani bizga saboqmi? Saboq!

Samarqanddagi tabarruk maskanlar, xususan, Imom Moturidiy maqbarasiga bormagan kishi boʻlmasa kerak. Ziyorat chogʻi nimalar oʻtmagan xayoldan. Biroq turkiyalik shoir Ahmet Koʻsaoʻgʻlining mana bu kayfiyati menga boshqacha taʼsir qildi: “Hazrat Moturidiyning huzurida chegaralardan, tillardan va vaqtdan tashqarida inson boʻlish sharafini chuqur his qildik”.

Chindan ham, eng katta muammo ana shu asosiy maqomni – inson boʻlish sharafini unutganlikda emasmi? Rangimiz oqdir, qoradir, millatimiz, boʻyimiz, dinimiz turli-tumandir, biroq eng birinchi galdagi sifatimiz insonlik emasmi? Insonlik sharafi bilan siylamaganmi edi Yaratgan bizni?!

Jurnalda islom olamidagi eng moʻtabar uch qabristondan biri – Samarqandda joylashgan Chokardiza, undan yana bir ulugʻimiz Burhoniddiy Margʻinoniy qabrining topilish tarixi, Alisher Navoiy hayotining Samarqand davri, ulugʻ Temurning ulugʻvor taxti – koʻktosh oʻtmishi haqida ham batafsil hikoya qilinganki, hammasi haqida yozaversam, zamonaviy til bilan aytganda, diskleymer boʻlib qoladi.

Tagʻin bir jihatni eslab oʻtay. Jurnaldagi suratlarning oʻzi alohida gapirishga arziydi. Odatda rangli-bezakli jurnalda suratlarga koʻp oʻrin beriladi. “Samarqandim”da ham mamlakat rahbariyati, davlat va jamoat arboblari, olimlar, adiblar, ziyolilarning suratlari koʻp. Ahamiyatli jihati shundaki, baʼzida bitta surat sahifa-sahifa matndan koʻproq soʻzlaydi.

“Samarqandim”, “Samarqandim” deyapman-u, siz ham sezyapsizmi oʻzi, oʻzbek matbuotida bir yangilanish kezyapti. Bir muddat “Jannatmakon” jurnalida ishlaganman. Jurnalxonlardan rangli-bezakli jihati bir taraf, rasmiy va norasmiy qoliplarga sigʻmayroq beriladigan mazmuni bir tarafligi haqida koʻp eshitganman. Oʻsha vaqtlar bunday jurnal koʻp emasdi, ehtimol “Jannatmakon”ning “raqobatchisi” yoʻqligi ham uning sifatlari boʻrtibroq koʻrinishiga sabab boʻlgandir.

Albatta, mustaqillik yillarida oʻzbek matbuoti ogʻir sinovlarga duch keldi. Sabab va oqibat zanjiridir balki, bu davrda – “Tafakkur”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, keyinroq ular safiga qoʻshilgan “Maʼnaviy hayot” jurnallarining, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Hurriyat” kabi gazetalarning, harchand qiyin boʻlmasin, muntazamlikni ham, sifatni ham saqlab qolgani bobidagi jasoratiga zarracha til tekkizmagan holda aytish mumkinki – oʻzbek matbuoti maydoni kambagʻallashib qolganday taassurot berardi. Bir zamonlar jamiyatning tafakkurini olmosday charxlagan, oʻrni kelganda millatning qalb koʻzini ochgan, yuz minglab adadli “Guliston”, “Fan va turmush” kabi fikr minbarlarining dovrugʻi bamisoli ertakka aylangandi.

Shu sababli ham bu maydonda oxirgi yillarda “Vatan”, “Samarqandim”, yoʻnalishini butkul kengaytirib, tom maʼnoda tilga tushgan “Til va adabiyot taʼlimi” singari koʻrkam-koʻrkam jurnallar paydo boʻlgani kishini quvontiradi. Holbuki, tarmoq nashri boʻlgan ushbu jurnal oʻzining anʼnaviy yoʻlida ketaverganida ham birov bir narsa demas, deyishga haqli ham emasdi! Biroq tahririyat “kambagʻallashib qolgan maydon”ni toʻldirishga oʻzini burchli deb bildi...

Toʻgʻri, internet asri, ha, koʻpchilik elektron shakllarda oʻqishga  ishtiyoqmand. Tushunaman men ham bu jihatlarni. Ayni paytda gazeta, ayniqsa, jurnalda eʼlon qilingan maqolalar – radio va televideniye, veb saytlar, “Telegram” va “Yutub” kabi kanallar, ijtimoiy tarmoq sahifalarida basma-basiga chiqayotgan materiallardan farqli oʻlaroq – koʻproq umr koʻrayotganday. Chunki koʻrish, eshitish, oʻqish qancha oson boʻlsa, shuncha tez esdan chiqarkan. Eʼtibor qiling, oʻzimiz ham kuniga ijtimoiy tarmoqlarda qanchalab postlar oʻqiymiz, ammo oqshomda ularning qariyb hech biri xayolda qolmaydi. Holbuki, jurnalda qiziqarli bitta maqola oʻqisangiz, u yo ancha vaqt xayolingizda aylanadi, yoki nimadir yozish va oʻqishga turtki beradi.

Gapdan gap chiqadi deganlariday, “Samarqandim” qatorida “Shahrisabz”, “Buxoro”, “Xiva”, “Qoʻqon”... kabi nomlar bilan atalgan, ham umumiy hayotimiz, ham bu mashhur shaharlar tarixiyu buguniga bagʻishlangan jurnallar chiqarilsa... qanday zoʻr ish boʻlardi! Zotan, sanab oʻtilgan va sanalmagan tarixiy-madaniy manzillarimiz qanchadan qancha maqolalarga manba boʻlishga, oʻzligimizni teranroq anglashimizga hissa qoʻshishga arziydi. Buni isbotlash uchun Shahrisabz, Buxoro, Xiva, Qoʻqon va boshqa joylardagi jurnalistlarning, muharrirlarning jonbozligi kerak.

Xullas, anchadan beri Samarqandga oyogʻim yetmagandi, ammo bugun qoshimga “Samarqandim” keldi...

Otabek SAFAROV,

jurnalist