O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umumilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 46-son Farmoniga ko‘ra, 2026-yilning 1-may kunidan boshlab har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib borilishi belgilangan.
Farmonga ko‘ra, davlat tashkilotlari va idoralari xodimlari tomonidan aksiya o‘tkaziladigan kunlarda xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi va ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.
Mazkur tashabbus avtomobillardan chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish orqali aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdorini qisqartirish va ekologik barqaror muhitni shakllantirish hamda jamoat transporti va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini keng ommalashtirishga xizmat qiladi.
Aksiyani yuqori saviyada tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Maxsus komissiyaning tegishli bayoni qabul qilindi. Unga muvofiq davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyasi doirasida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish mazkur xodimlar tomonidan odob-axloq (etika) qoidalarining buzilishiga tenglashtirildi. Belgilangan talablarga rioya etmaslik davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga ular rahbarlik qilayotgan tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilarini intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–229-son Farmoniga asosan Maxsus komissiyasiga transport vositalari harakatini cheklash bo‘yicha vakolat berilgan. Maxsus komissiya tomonidan qabul qilingin qaror va ko‘rsatmalar barcha davlat organlari va tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
“Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ta’lim muassasalari hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, mazkur kunlarda ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari, ommaviy yurishlar va jamoatchilik aksiyalari tashkil etib kelinmoqda.