“Uzbekistan Airports” AJ Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni yana-da kengaytirish, havo transporti imkoniyatlaridan keng foydalanish, turizmni rivojlantirish boʻyicha belgilagan chora-tadbirlari shu kunlarda oʻz natijasini namoyon qilmoqda.

“Uzbekistan Airports” AJ tashabbusi bilan Birlashgan Arab Amirliklarining “AIR ARABIA Abu-Dabi LLC” aviakompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi oʻrtasida Bitim imzolandi.

Bitimga muvofiq, Sharja-Toshkent-Sharja yoʻnalishida muntazam aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi. Bugun soat 19:00da Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga “AIR ARABIA Abu-Dabi LLC” aviakompaniyasining ilk samolyoti qoʻnishi kutilmoqda.

Bu bilan davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy aloqalarning yana-da mustahkamlanishiga, ayniqsa sayyohlik infratuzilmasining rivojlanishiga imkoniyat yaratiladi.

Bu hammasi emas. Manfaatli muzokaralar davom etmoqda. Air Arabia aviakompaniyasi endilikda Abu-Dabi-Toshkent-Abu-Dabi yoʻnalishi boʻyicha ham yurtimizga oʻz yoʻlovchilarini tashishi yuzasidan kelishuvlar olib borish niyatini bildirdi. Bu esa “Uzbekistan Airports” AJning Oʻzbekiston havo darvozalari orqali xorijiy sayyohlar oqimini koʻpaytirish, parvozlar geografiyasini yana-da kengaytirish borasida olib borayotgan ishlarining samarasidir.

Maʼlumot uchun: Air Arabia Birlashgan Arab Amirliklarining byudjet aviakompaniyasi hisoblanadi, yaʼni tejamkor, hamyonbopligi bilan alohida nufuzga ega. Bosh qarorgohi Sharja shahrida joylashgan. Yoʻlovchi tashish boʻyicha dunyoning 89 mamlakatiga 170 yoʻnalishda parvozlarni amalga oshirib keladi.

 

“Uzbekistan Airports” AJ

Axborot xizmati