Uchrashuvda Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlari hokimlari ham ishtirok etdilar.
Uchrashuvning asosiy mavzusi ushbu hududlarda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini ragʻbatlantirishning yangi tizimini joriy etish, hududiy investitsiya loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlari va loyihalarni boshqarishning innovatsion usullari bilan bogʻliq masalalar boʻldi.
Ishtirokchilar uchun yangi tizimning asosiy jihatlari va xususiyatlarini ochib beruvchi taqdimot oʻtkazildi. Shuningdek, tadbirda tizim imkoniyatlaridan joylarda amaliy foydalanish, viloyat, tuman va shaharlarning iqtisodiy salohiyatini tahlil qilish usullarini qoʻllash, mahallalar darajasida “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash va ular asosida serdaromad va yuqori texnologik investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish, investorlarni jalb qilish va ishga tushirilayotgan korxonalar faoliyatini monitoring qilish boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Hududlaridagi “Loyiha guruhlari” faoliyatining tamoyillari ham ochib berildi. Taʼkidlandiki, “loyiha guruhlari”ning maqsadi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni toʻliq qoʻllab — quvvatlash va ularning tashabbuskorlarini amaliy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, tarmoqlararo va ichki hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va sanoat salohiyatini yuksaltirishdan iborat.
Bu masalalar yuqoridagi viloyatlarning tuman va shaharlari misolida koʻrib chiqildi. Mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari yangi mexanizmlarni joriy etish boʻyicha toʻplagan tajriba almashdilar va muayyan holatlardan foydalanib, oʻz faoliyati davomida yuzaga kelgan muammoli masalalarni muhokama qildilar. Koʻtarilgan masalalar vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirokida koʻrib chiqilib, ularni yechish algoritmlarini ishlab chiqish va ularning ijrosini jadal tarzda taʼminlash topshirildi.
Tadbirkorlar va tijorat banklari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini qoʻllab-quvvatlash borasida bank xodimlarining ishlash tamoyillarni qayta koʻrib chiqish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy mablagʻ ajratish bilan bogʻliq muammolarga alohida eʼtibor qaratish va yuzaga kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va ularni hal qilishga koʻmaklashish maqsadida xususiy sektor vakillari bilan yaqindan aloqa oʻrnatish topshirildi.
Yigʻilish yakunida Vazirlikning ushbu hududlardagi tuman va shahar boʻlinmalari xodimlari mahalliy tadbirkorlar bilan ishlash davomida orttirilgan koʻnikmalardan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.