Qadimda yurtimizda bu sanʼat benihoya taraqqiy etgan. Masalan, Buxoro xattotlik maktabining Mirali Hiraviy (vafoti 1557-yil), Mir Ubayd Buxoriy (vafoti 1601-yil), Mir Husayn Koʻlankiy Buxoriy (XVI asr) kabi yirik vakillari boʻlgan. Xorazm, Fargʻona, Samarqand va Toshkent xattotlik maktablarida ham oʻz ishining ustasi sanalgan koʻplab ziyolilar yetishib chiqqan.

Xattotlik sanʼatidan meʼmorchilik va xalq amaliy sanʼatida ham keng foydalanilgan. Yurtimizda azaldan meʼmoriy inshootlar – masjidlar, madrasalar va maqbaralarning tashqi va ichki devorlari, peshtoqlari turli naqshlar bilan birgalikda xattotlik uslublarida yozilgan bitiklar – Qurʼoni karim oyatlari, hadislar, hikmatli soʻzlar va sheʼriy parchalar bilan bezatilgan.

Bugungi kunda xattotlik maktablari qayta tiklanib, bu sanʼat turi yanada rivojlanmoqda. Buxoro shahrida yangi tashkil etilgan “Al-Manar” arab tili va xattotlik markazi bunga bir misol.

“Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida mazkur markazning ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda Buxoro viloyat va shahar hokimlari, Buxoro xattotlik maktabi vakillari, din ulamolari, tasavvufshunos olimlar ishtirok etdi.

Shuningdek Abu Dabidagi Toba muassasasi raisi Al-Habib Ali al-Jaʼfariy, “Al Nadwa” Islom madaniyati va fani assotsiatsiyasi rahbari Bilol Al Budur, Koreya musulmonlar federatsiyasi prezidenti Kim Dong Yok, “Halal Italy Development” prezidenti, “Halol” fan va texnologiyalari instituti direktori Karim Kristian Benvenuto kabi jami 50 dan ortiq xorijlik mehmonlar markaz faoliyati bilan tanishdilar.