Dastlabki manzil “Rabotak” MFY da tashkil qilingan 47,2 gektarlik zamonaviy issiqxona boʻldi.

Yilning toʻrt faslida peshma-pesh bodring, pomidor, koʻkat va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirilayotgan xoʻjalikda zarur mehnat sharoitni yaratish, kommunal qulayliklar, jumladan, elektr energiyasi, tabiiy gaz taʼminotini barqaror izga solish juda muhim.

Shuningdek, hududda sizot suvlari koʻtarilganligi, bunday holat ekinlarga salbiy taʼsir koʻrsatishining oldini olish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan amaliy va aniq chora-tadbir belgilandi. Issiqxona mehnat jamoasining moddiy manfaatdorligi, ishga qabul qilish, ishchilar safini kengaytirish, oylik maosh masalasi alohida oʻrganildi.

Shundan soʻng, tuman mutasaddilari “Rabotiqalmoq” MFY da qurilayotgan “Textile Place” MCHJ faoliyati bilan tanishdilar. Mazkur korxona asosan yogʻ-moy ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlib, loyiha qiymati 37,5 milliard soʻmni tashkil qiladi. Loyihani ishga tushirish muddati 2021-yilga moʻljallangan. Hozirda 3,3 million AQSH dollari miqdorida kredit mablagʻi moliyalashtirilib, zaruriy texnologiya va asbob-uskunalar chet eldan olib kelingan va ularni oʻrnatish ishlari davom etmoqda. Eʼtiborlisi, mazkur loyiha amaliyoti tufayli 110 ta yangi ish oʻrni yaratilmoqda.

Buxoro tumani hokimligi axborot xizmati