Buxoro va Andijonda “dollarchi“lar qoʻlga tushdi

    Buxoro viloyatining Peshku tumani va Andijon viloyatining Oltinkoʻl, Baliqchi tumanlarida valyuta ayriboshlash bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi.


    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning xabar berishicha, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan fuqaro A.K. fuqaro S.X.ga jami 4 000 AQSH dollarini 51 mln soʻmga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro U.J. Peshku tumani “Chibogʻoni” MFY hududidagi savdo doʻkonida fuqaro Z.N.dan 3 200 AQSH dollarini 40,7 mln soʻmga sotib olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Shuningdek, Oltinkoʻl tumanida fuqaro B.N. fuqaro S.U.ga 3 500 AQSH dollarini 44,8 mln soʻmga sotishga kelishib, shundan 2 400 AQSH dollarini berayotgan vaqtida ushlanib, tadbir jarayonida 2 496 AQSH dollari, 4 500 Rossiya rubli va 1 600 Turk lirasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.