Uchrashuv davomida AMS Co. Ltd. kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlari namoyish etildi. Kompaniya, xususan, elektroskuterlar, elektromopedlar, elektromototsikllar, akkumulyatorlar ishlab chiqarish, shuningdek Seulda Nanu brendi ostida zaryadlash stansiyalarini oʻrnatish bilan shugʻullanadi. Batareyalarni almashtirish texnologiyasiga asoslangan Nanu zaryadlash stansiyalari batareyani 10 soniya ichida zaryadlashga imkon beradi. Ushbu texnologiyalar yordamida kompaniya atrof-muhit va ekologik tozalikni himoya qilishga intiladi. Shuningdek, kompaniya eng yaqin stansiyaning joylashgan joyini, batareya zaryadining qolgan darajasini va batareyaning qolgan quvvatini istalgan vaqtda va istalgan joyda tez va oson tekshirish imkonini beradigan Nanu Mobility mobil platformasini ham taqdim etdi.
Uchrashuv davomida “Real Moto” MCHJ mutaxassislarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish va qoʻshma loyihani amalga oshirish boʻyicha dastlabki ishlarni boshlash uchun Janubiy Koreyaga safarga borishlari toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida Buxoro viloyatida elektroskuterlar, elektromopedlar va elektromototsikllar uchun batareyalar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doirasida barcha tomonlar ishtirokida uch tomonlama Hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.