Unda viloyatdagi hunarmandchilik mahsulotlari, ziyorat va ichki turizm yo'nalishida faoliyat yurituvchi turoperatorlar, shuningdek, respublikaning barcha hududlaridan turistik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Bundan tashqari, viloyatlar o'rtasida sayyohlik mavsumidagi ichki va ziyorat turizmi yo'nalishi mahalliy va xorijiy sayyohlarga keng targ'ib qilindi.

Bu borada Kogon shahrida “Xalqlar do'stligi”, Qorako'l tumanida “Poykent oqshomlari”, G'ijduvon tumanida kulolchilik va pazandalik, Shofirkon tumanida kashtado'zlar va xalq o'yinlari festivallari, Jondor tumanidagi Qizbibi ziyoratgohida “Varaxsha malikasi” qizlar ko'rik-tanlovi, Vobkent tumanida Asal sayli kabi tadbirlarni o'tkazishda etarli tajriba to'plandi.

— 2021 yil davomida Buxoro viloyatida 78 ta yangi va zamonaviy, katta-kichik mehmonxona barpo qilinib, ularda 724 ta xona va 1 ming 919 ta o'rin yaratilgani, umumiy mehmonxona soni hududda 415 taga etkazilib, ularda 4 ming 463 ta xona va 10 ming 323 ta o'rin shay qilingani, shuningdek, oilaviy mehmon uylari soni 198 taga, xostel va motellar soni 53 taga etkazilgani qadimiy shaharning sayyohlik salohiyati ravnaq topib borayotgani isbotidir, — deydi O'zbekiston respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining Ziyorat turizmini rivojlantirish departamenti direktori Jahongir Saidov. — Tashrifga kelsak, o'tgan yil davomida Buxoroni ko'rish va ziyorat qilishga kelgan sayyohlar soni 2 million 200 nafardan oshib, bunda xorijiy turistlar soni 41,2 ming nafarga etgani ana shu sa'y-harakat samarasidir.

O'tgan yilda viloyatda turizm infratuzilmasini yaxshilash va yangi turizm ob'ektlarining barpo etilishi natijasida 450 dan ortiq qo'shimcha yangi ish o'rni tashkil etilib, xorijiy sayyohlardan tushgan yillik tushum hajmi 60 milliard 600 million so'mga etgani qadimiy kentga bo'lgan qiziqish ifodasi, albatta.

— Buxoroda rasman boshlanayotgan sayyohlik mavsumi startida — Ichki va ziyorat turizmi yarmarkasiga biz “Benazir Qashqadaryo” yo'nalishi bo'yicha 3 kun va 2 kechalik ziyorat va gastro-etnotur dasturi taqdimotini tayyorlab kelganmiz, — deydi tadbirda qatnashgan turoperatorlardan biri, qo'shni viloyatning Qarshi shahrida faoliyat ko'rsatuvchi “Sanduvoch parvozi” MCHJ rahbari Hafiza Egamberdieva. — Bu dasturga binoan sayyohlar buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur qurdirgan “Oq saroy” obidasi, muazzam Amir Temur ko'prigi, shuningdek, “Ko'k gumbaz” masjidi, Abu Ubayda ibn al Jarroh, Abu Mu'in An-Nasafiy, Langart ota qadamjolariga tashrif buyurishlari, Kesh, G'ilon, Chiyali, Qovchin, Xo'ja ilg'or kabi qadimiy qishloqlarning buguni bilan yaqindan tanishishlari, vohaga xos milliy taomlarimizdan bahramand bo'lishlari mumkin.