Koʻhna Buxoroda 2022-yildan boshlab Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalini har 2 yilda bir marta oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Bu borada 2021-yil aprelda ushbu festivalga oid Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni hamda 2021-yil oktyabrda Vazirlar Mahkamasi qarori imzolandi.
Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali kelgusi yilning 21-25-may kunlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Buxoroda festival doirasida “Anʼanaviy zardoʻzlik va zargarlik sanʼati taraqqiyoti” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtadi. Shu bilan birga, Toshkent shahrida zargarlik sanoatining xorijiy mamlakatlardagi vakillari, chet ellik investorlar hamda ekspert va mutaxassislar ishtirokidagi har yili oʻtkaziladigan “Oʻzbek zargarlik yarmarkasi” xalqaro koʻrgazmasi va zamonaviy uskunalar, texnologiyalar va zargarlik mahsulotlari sotuvida ishtirok etish mumkin boʻladi.
Xalqaro festival davomida turli tomoshalar, taqdimotlar, koʻrgazmalar, musiqali teatr konsertlari va koʻngilochar dasturlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Festivalning maqsadi:
- zardoʻzlik va zargarlik yoʻnalishlarida faoliyat olib boradigan va uning istiqboliga salmoqli hissa qoʻshayotgan tajribali va iqtidorli hunarmandlarni kashf qilish, ular taqdim etgan nodir va yoʻqolib borayotgan sanʼat asarlarini asrab-avaylash va tiklash;
- zardoʻzlik va zargarlik sanʼatini qisqa fursatda taraqqiy ettirish, eng zoʻr amaliy dasturlarni targʻib qilish, yosh avlodga ushbu hunarni oʻrgatgan holda viloyatlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish;
- mahalliy zardoʻzlik va zargarlikning eng sifatli namunalarini ragʻbatlantirib, xalqaro miqyosda “milliy brend” darajasiga olib chiqish, xalqimizning milliy madaniyatini anʼanalarga sodiq qolgan holda sayyohlarga goʻzal tarzda namoyish etish;
- zardoʻzlik va zargarlik buyumlarining keng koʻlamli taqdimotlarini olib borish, har bir viloyatdagi hunarmandchilik qishloqlarining u yerdagi hunarmand maktablari tarixi, hayot tarzi va anʼanalarini aks ettirgan modellari koʻrgazmasini oʻtkazish;
- xalq festivallarini, folklor ansambllarining teatr tomoshalarini va dorbozlar guruhi oʻyinlarini, askiyachi va kulgi ustalarining hazillari, sanʼatkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari, iqtidorli hunarmandlardan malakaviy koʻnikmalar olish, hunarmandlar koʻchalari, diqqatga sazovor joylarda ekskursiyalar tashkil etish.
Festivalni tashkil etish Buxoro viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Turizm va sport vazirligi, “Hunarmand” Respublika assotsiatsiyasi va “Uzbekzargarsanoat” tashkilotlariga topshirildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.