Buxoroga sayyohlar oqimini koʻpaytirish yoʻlidagi imkoniyatlar, muammolar va istiqbolli rejalar

    Fikr 9 Avgust 2023 1996

    Sayyohlik — “madaniyatlar oʻrtasidagi muloqot” orqali tinchlikni saqlash va xalqlarning yaqinlashishiga hissa qoʻshadigan, shuningdek, bugungi globallashayotgan va integratsiyalashayotgan jarayonlarda daromad olish uchun eng salohiyatli sohaga aylanib bormoqda.

    Buni yaxshi anglagan mamlakatlar sohani rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida qaraydi. Oʻzbekistonda ham turizm sanoatini iqtisodiyotning ilgʻor sohasiga aylantirish, mamlakatimizga sayyohlar oqimini kengaytirish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

    Joriy yil 26-aprelda davlatimiz rahbarining “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ham ayni maqsadlarga qaratilgan.

    Yuqori sayyohlik potensiali

    Oʻzbekiston turizmi rivojida qadimiy shaharlar qatorida Buxoro alohida salohiyatga ega. Shahar qadimdan jahonda, ayniqsa, musulmon dunyosida maʼlum va mashhur boʻlgan. Bugungi kunda vohaning 13 tuman va shaharlarida 500 ga yaqin ziyoratgoh va muqaddas qadamjolar saqlangan. Birgina Buxoroning 555 gektarlik Eski shahar qismida 133 dan ortiq ziyoratgoh (83 tasi saqlangan) va 40 ga yaqin qadimiy qabriston (11 tasi saqlangan) joylashganligi tarixiy maʼlumotlarda uchraydi.

    Bugun mavjud imkoniyatlardan foydalanib, ziyorat turizmi yoʻnalishida tasavvuf allomalari, ayollar nomi bilan ataluvchi, hunarmandlik pirlari bilan bogʻliq, avliyo darajasiga koʻtarilgan mashoyix, olim, podsho va hukmdorlarning maqbaralari hamda shifobaxshlik xususiyatiga ega ziyoratgohlar kabi yangi ziyorat marshrutlarini ochish mumkin. Shuningdek, konfessional mahalliy va xalqaro darajadagi ziyorat joylarini ishlab chiqish imkoniyatlari mavjud.

    Turizmning oltin qoidasi

    Har bir sayyoh va ziyoratchining Buxorodan yuqori kayfiyat va yaxshi taassurot bilan ketishi yoki qaytib kelishga qiziqish bildirishi, boshqalarga tavsiya etishi sayohat yoʻlboshlovchilarining (gid) mahorati va yuksak madaniyatiga ham bogʻliq. Ayni vaqtda ular xos tashqi koʻrinish, yuqori til bilish darajasi, yuksak muomala va nutq madaniyati, yuqori darajadagi tarixiy bilimlar, har qanday savollarga javob bera olish qobiliyati va salohiyatiga ega boʻlishi kabi mezonlarga javob bera olishi kerak. Eng asosiysi, oʻziga ergashgan sayohatchilar jamoasiga masʼuliyatli boʻlishi talab etiladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bugun sohada asosan, rus, ingliz, nemis, turk tillarida xizmat koʻrsatuvchi 211 sayohat yoʻlboshlovchi boʻlsa-da, ayni paytda xitoy, koreys, fransuz, ispan, italyan, arab, fors tillarida xizmat koʻrsatuvchilarga ham talab yuqoriligi sezilyapti. Bu esa, kelajakda vohada bu turdagi sayohat boshlovchilarni tayyorlash zaruratini tugʻdirmoqda.

    Maʼlumki, mehmonxonalar mehmon va mezbon munosabatlari toʻqnashadigan asosiy obyekt hisoblanadi. Mehmonxona xodimi “sayyoh doim haq” degan qoidaga amal qilishi kerak. Bu mehmondoʻstlikning asosiy mezoni boʻlib, qabul qiluvchi tomon (mezbon) sayyohga daromad manbai, foyda obyekti deb emas, avvalo, mehmon sifatida qarashi kerak. Chunki har bir davlat ziyoratchi va sayyohlari oʻz talablari asosida mehmonxona tanlashadi. Masalan, yaponiyalik ziyoratchilar mehmonxonada vanna, ventilyatsiya tizimi, namlikni aniqlaydigan moslama, ISO (international standarts organization) xalqaro standartlashtirish tashkilotining sertifikati, ekologik zarar yetkazmaydigan mahsulotlar, muzlatgichda muz boʻlishini talab etadi va shunday imkoniyatlarga ega mehmonxonalarda qolishni afzal koʻrishadi.

    Sayyohlarga xizmat koʻrsatishning muhim masalalaridan yana biri gigiyenik dushlar boʻlib, ular barcha mehmonxonalarda ham mavjud emas. Musulmon mamlakatlari ziyoratchilari koʻp hollarda xonalarda gigiyenik dush boʻlishini alohida talab etishadi. Gigiyenik dush – mukammal tahorat olish va najosatdan poklanishga moʻljallangan qulay, yengil shlangdan iborat qoʻl dushi boʻlib, asosan Osiyoning musulmon davlatlarida keng tarqalgan. Odatda, suv hojatxona qogʻozi oʻrnida yoki birga ishlatiladi. Hojatxona qogʻozi va unga yaqin materiallarning atrof-muhitga salbiy taʼsiri tufayli yuqoridagi tartibdan foydalanishadi.

    Sayyohlik yirik sanoat boʻlib, deyarli barcha sohalar bilan chambarchas bogʻliq. Ulkan tizim hisoblangan turizmda ham, albatta, yechimini kutayotgan muammolar mavjud. Ularni aniqlashda sayyoh va ziyoratchilarning fikr-mulohazalari, taassurotlar, taklif va tavsiyalari muhim ahamiyatga ega.

    Ziyorat turizmi markazi

    Istiqbolda xorijiy ziyoratchilar sonini keskin oshirish maqsadidagi targʻibot ishlari ustuvor vazifaga aylangan. Xususan, xorijda mamlakatimiz turizmi salohiyatini manzilli targʻib qilish chora-tadbirlari rejasida Buxoro ziyoratgohlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Yetti pir ziyoratgohlarini Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Turkiya, Misr, Afgʻoniston mamlakatlariga targʻib etish orqali 120 mingga yaqin ziyoratchini, Eron davlatiga islom meʼmorchiligi targʻiboti orqali 152 ming, Rossiya va Ozarbayjon mamlakatlariga “Ahmad Qodirov, Ollohshukur Poshshozoda izidan” nomli turlar bilan Mir Arab madrasasini targʻib qilish orqali 50 mingga yaqin xorijiy ziyoratchilarni jalb qilish belgilandi.

    – Targʻibot natijalarini statistik maʼlumotlar orqali tahlil qiladigan boʻlsak, Buxoroga tashrif buyurgan xorijiy sayyoh va ziyoratchilar soni 2021-yilda 49 ming nafar, 2022-yilda 552,6 ming nafarni tashkil etgan, – deydi Buxoro viloyati turizm boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Bobir Toʻxsanov. – Ularning 57 foizi MDH davlatlari, 21 foizi Yevropa davlatlari, 20 foizi Osiyo mamlakatlari, 2 foizi Amerika qitʼasi va boshqa mintaqalar hissasiga toʻgʻri kelgan. Har yili 3000ga yaqin malayziyalik sayyohlar Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgani va bu koʻrsatkich oshib borayotgani saʼy-harakatlarning natijasidir. Kelgusida bu ishlarni yanada oshirish va jadallashtirish koʻzda tutilgan.

    “Samarqand, Toshkent qatori Buxoro shahridagi muqaddas qadamjolar va yodgorliklarni ziyorat qilishdan iborat boʻlgan “kichik haj” dasturini rivojlantirish va jadallashtirish ishlari olib borilmoqda. Mazkur jarayonda xorijdagi turizm elchilarimizning oʻrni juda katta. Ayni maqsadda Pokiston, Avstriya, Hindiston, Yaponiya, Qozogʻiston, Koreya Respublikasida sayyoh-elchilari, Malayziyada “Ziyorat turizmi” elchisi tayinlandi. Ular orqali Buxoroga xorijiy ziyoratchilarni faol jalb etish choralarini koʻrish maqsadga muvofiq.

    Prezidentimizning 2021-yil 9-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, “Imom Buxoriy” ziyorat turizmi yoʻldosh telekanali tashkil etilishi, u orqali Imom Buxoriyning bebaho merosi dunyoning indonez, bengal, malay, turk, arab, hind, urdu, pushtu tillarida keng targʻib etilishi rejalashtirilgani eʼtirofga loyiq.

    Buxoroning boshqa vohalardan farqli jihati shundaki, u tarixiy, madaniy turizm qatorida ziyorat sayyohligi yoʻnalishida ham koʻplab obyektlarga ega. Vohaning turli qishloq va tumanlarida katta-kichik ziyoratgohlar aholi tomonidan asrab kelinayotgani, har bir ziyoratgohning oʻz xususiyatidan kelib chiqib odati va marosimlari oʻtkazilayotgani ziyorat turizmining turli yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish imkonini bermoqda. Zero, mahalliy ziyorat obyektlarini xorijiy ziyoratchilar qiziqishini orttirish hisobiga xalqaro sayyohlik obyektlariga aylantirish mumkin.

    Muxtasar aytganda, sayyohlikning voha ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga taʼsiri isteʼmol talabining yangi shakllari paydo boʻlishi, sayyohlik sanoatida ish oʻrinlari soni va turlarining oshib borishi, xorijiy valyuta tushumining barqarorlashuviga yordam berishi, aholi daromadlarining oshishida namoyon boʻlmoqda.

    Shavkat BOBOJONOV,

    Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti v. b.,

    tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori