Buxorolik olimlar tabiiy gaz xavfsizligini taʼminlovchi mahalliy kimyoviy modda olish texnologiyasini yaratadi

    Fan 23 Yanvar 2021 1707

    Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “Odorant” kimyoviy moddasini mahalliy xom-ashyodan ishlab chiqarish texnologiyasini yoʻlga qoʻyish hamda tijoratlashtirish maqsadida “Oʻztransgaz” AJ bilan 1 mlrd. soʻmlik kelishuvga erishildi.

    Tabiiy gaz hid va rangga ega emas, biroq uning havoda tarqalishi insonlarning zaharlanishiga, shuningdek kuchli portlashlar yuzaga kelishiga sabab boʻladi.

    Shu bois texnik nosozliklar tufayli gaz chiqishini erta aniqlash va bartaraf etish maqsadida gazga odorantlar – oʻz hidi bilan havoda gaz borligi haqida xabar beruvchi moddalar qoʻshiladi.

    Oʻz navbatida gazni odorantlashtiruvchi reagentlar fiziologik jihatdan xavfsiz boʻlishi talab etiladi. U metallar va gaz tarmoqlaridagi materiallar bilan reaksiyaga kirishmasligi, shuningdek, tabiiy gazning xususiyatlarini oʻzgartirmasligi talab etiladi.

    Gaz odatda gaz stansiyalari yoki markazlashtirilgan nuqtalarda odorizatsiyalanadi. Odorant moddalari hozirgacha xorijdan eksport qilinayotgani bois import oʻrnini bosuvchi mahalliy odorantlarni ishlab chiqarish soha mutaxassislari va ilm-fan xodimlari oldida turgan dolzarb masala hisoblanadi.

    Ekspertlar import oʻrnini bosuvchi odorantni mahalliy sharoitda Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun barcha shart-sharoitlar mavjudligini tasdiqlamoqdalar.

    Buxoro muhandislik-texnologiya instituti olimlari tomonidan yaratilishi kutilayotgan “Odorant” kimyoviy moddasi tabiiy gazni hid bilan taʼminlash uchun xizmat qilishi bilan bir qatorda etiltionat asosida organik sintez tarmogʻining rivojlanishiga hissa qoʻshadi. Natijada kelajakda farmatsevtika sanoati uchun boshqa xom ashyolar, insektitsid va gerbitsidlar olish imkoniyati tugʻiladi.

    Texnologiya joriy qilish natijasida yiliga 300 ming AQSH dollarigacha mablagʻ tejalishi kutilmoqda.