Xalqaro oʻrganish hayʼati aʼzolari Buxoro shahri hunarmandchiligining qadimiy ildizlarini hamda uning hozirgi kundagi rivojini tahlil qilib, Butunjahon hunarmandlar shahri roʻyxatiga qoʻshish haqidagi xulosalarini beradi.

Saad-al Kaddumi hamda professor Ali Sha Alnajadaxa bugun viloyat hokimligida boʻlib, viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi.

Buxoroning “Butunjahon hunarmandlar shahri” roʻyxatiga kiritilishi esa buxorolik xalq amaliy sanʼati ustalarining oʻz mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishlari, ayirboshlashlari uchun ham keng imkoniyat yaratadi. Qolaversa, bu maqom sayyohlar oqimining koʻpayishiga, turizmning yanada ravnaq topishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Samimiy va doʻstona qabul uchun chuqur minnatdorligini izhor qilgan Saad-al Kaddumi chindan oʻzini qadimiy va boy madaniy merosiga ega ertaknamo shaharga tushib qolganday his etayotgani, bu koʻhna shaharning meʼmoriy yechimga ega obidalari, ulardagi hunarmandlar faoliyati, xususan, qadimiy Ark qoʻrgʻoni, bu yerda saqlanayotgan osori- atiqalar katta tassurot qoldirganini bildirdi. Shuning barobarida, xalq amaliy sanʼati ustalari ishi, kandakorlik namunalari, rango-rang naqshli sanʼat asarlari, “Bukhara silk carpets handame” hunarmandchilik markazida yaratilayotgan turli oʻlchamdagi, ipakday mayin va turfa bejirim gilamlar, taniqli zardoʻz Baxshulla Jumayev uy-muzeyi va unda boy assortimentdagi qoʻl mehnati namunalari, umuman, hunarmandlarning ish jarayoni, ularga yaratilgan sharoitdan hayratda ekanligini, koʻhna va hamisha navqiron Buxoro yuqori eʼtiroflarga loyiqligini taʼkidladi.

Aytish joiz, Butunjahon hunarmandlar shahri roʻyxati 2014-yildan buyon shakllantirila boshlangan boʻlib, hozirda bu roʻyxatga dunyoning 30 ta shahri kiritilgan. Ular orasida Qoʻqon shahri ham bor.