Dunyo tamadduni — insoniyatning ming yillar davomida shakllangan madaniy, ilmiy, ijtimoiy va texnologik taraqqiyotining yaxlit majmuasi. Har bir davr insoniyat tafakkurida burilish yasagan, taraqqiyotning yangi mezonlarini belgilagan. Tarixiy haqiqat shuki, jahon sivilizatsiyasi rivojida qadim Turon alohida oʻrin tutadi. Bizning diyor minglab allomalarni yetishtirgan, ilm-fan, tibbiyot, falsafa, astronomiya, meʼmorlik va davlat boshqaruvi sohalarida insoniyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk mutafakkirlarni dunyoga bergan.
Bugun ana shu tarixiy meros zamonaviy taraqqiyot gʻoyasi bilan uygʻunlashmoqda. Mamlakatimiz yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi nafaqat siyosiy-iqtisodiy islohotlar dasturi, balki milliy taraqqiyotning yangi falsafasidir. Bu bilan dunyo tamaddunining rivojlanish nuqtasi yana qadim Turonga — aynan Oʻzbekistonga qaytmoqda deyish mumkin. Chunki davlatimiz rahbari yuritayotgan siyosat markazida inson qadri, adolat, qonuniylik va ochiqlik tamoyillari turibdi. Eng muhimi, ortga qaytmas xususiyat kasb etgan bu islohotlar tizimli, izchil va uzoq istiqbolga qaratilgan.
Tarixdan maʼlumki, davlatlar taraqqiyotida hal qiluvchi davrlar boʻladi. Ularning ahamiyati yillar yoki raqamlar bilan emas, balki jamiyat hayotida yuz bergan tub burilishlar bilan oʻlchanadi. Chinakam yetakchining siyosiy irodasi, tashabbuskorligi va masʼuliyati ana shunday davrlarni vujudga keltiradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Oʻzbekistonning soʻnggi oʻn yillik taraqqiyotini faqat statistik koʻrsatkichlar bilan baholash yetarli emas. Bu — milliy davlatchilik tafakkuri yangilangan, fuqarolik jamiyati institutlari mustahkamlangan, iqtisodiy erkinlik va tadbirkorlik muhiti kengaygan, tashqi siyosatda ochiq va pragmatik yoʻnalish qaror topgan davrdir.
Muhimi, jamiyatimizda inson omiliga munosabat oʻzgardi. “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoya amalda oʻz ifodasini topmoqda. Adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish, davlat xizmatlarini xalqqa yaqinlashtirish, yoshlar va xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, taʼlim va innovatsiyaga ustuvor ahamiyat qaratish — bularning barchasi Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga qaratilgan strategik qadamlar.
Bugungi shiddatli global raqobat sharoitida taraqqiyot aniq reja, qatʼiy intizom va uzluksiz yangilanishni talab etadi. Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi ana shu talablarga javob beradigan milliy taraqqiyot modeli sifatida namoyon boʻlmoqda. Agar Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida zaminimiz ilm-fan va maʼrifat markazi sifatida nom qozongan boʻlsa, bugungi maqsad shu tarixiy nufuzni zamonaviy innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va yuksak intellektual salohiyat asosida qayta tiklashdir.
Shu maʼnoda, soʻnggi oʻn yilni, mubolagʻasiz, asrlarga tatigulik davr deb atash mumkin. Chunki bu yillar mobaynida jamiyat ruhiyati, davlat va xalq oʻrtasidagi munosabatlar, boshqaruv madaniyati va strategik maqsadlar tubdan yangilandi.
Boy tajriba va ulkan tafakkur
Uchinchi Renessans gʻoyasi shunchaki zalvorli shior yoki qisqa muddatli siyosiy dastur emas. U milliy taraqqiyotning chuqur oʻylangan, tarixiy tajriba va zamonaviy global jarayonlar tahliliga tayangan strategik konsepsiyasidir. Bu gʻoyaning markazida inson kapitali turadi. Zero, XXI asrda boylik tabiiy resurslar bilan emas, bilim, innovatsiya va intellektual salohiyat bilan oʻlchanmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans tamoyili aynan shu haqiqatni anglashdan kelib chiqqan. Inson kapitaliga sarmoya kiritish ijtimoiy siyosat, davlat xavfsizligi, iqtisodiy barqarorlik va milliy raqobatbardoshlik masalasidir. Maktabgacha taʼlim qamrovining kengayishi, zamonaviy maktablar barpo etilishi, yangi universitetlar va xorijiy oliy taʼlim muassasalari filiallarining ochilishi, ilmiy tadqiqot faoliyatini ragʻbatlantirishga qaratilgan qarorlar kamida bir necha oʻn yillik istiqbolni koʻzlagan strategik tafakkur va yondashuv hosilasidir. Ilm-fan va innovatsiyani iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar mamlakatimizni xomashyo yetishtiruvchi davlat modeli doirasidan chiqarib, qoʻshilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish bosqichigacha yuksaltirishni nazarda tutadi.
Strategik fikrlashning muhim belgilaridan biri bugungi muammoni hal qilish bilan birga ertangi ehtimoliy xavf-xatarlarni oldindan koʻra bilishdir. Uchinchi Renessans gʻoyasi davlatimiz rahbarining uzoqni koʻra bilish qobiliyatini yanada keng va yorqin namoyon qildi.
Har qanday keng koʻlamli islohotlar, avvalo, siyosiy iroda va qatʼiy pozitsiyadan boshlanadi. Oʻtgan davrda mamlakatimiz hayotining deyarli barcha sohasini qamrab olgan minglab qaror va farmonlar davlatchilik falsafasidagi tub burilishning amaldagi huquqiy ifodasi boʻldi.
Eng muhim oʻzgarish shundaki, islohotlar tashqi shaklni emas, ichki mohiyatni oʻzgartirishdan boshlandi. Davlatning roli qayta taʼriflandi: u nazorat qiluvchi va jazolovchi emas, balki xalq manfaatiga xizmat qiluvchi institut sifatida belgilab qoʻyildi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil boshqaruvning bosh mezoniga aylandi. Bu gʻoya rahbariyatning siyosiy bayonoti darajasida qolib ketmadi, balki amaliy boshqaruv jarayoniga tatbiq etildi.
Rahbar xodimlarning muammolarni joyida oʻrganishi, tanqidiy tahlil va shaxsiy masʼuliyat tamoyiliga tayanishi boshqaruv madaniyatida mutlaqo yangi standartni shakllantirdi. Ilgari muammo yashirilar edi, bugun esa uni ochiq tan olish va hal etish ustuvor vazifaga aylandi. Ilgari hisobot rasmiy raqamlar bilan cheklangan boʻlsa, bugun natija inson hayotidagi amaliy oʻzgarish bilan oʻlchanmoqda.
Iqtisodiy liberallashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, sud-huquq tizimini qayta qurish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan bunday izchil chora-tadbirlar butun boshqaruv tafakkurini oʻzgartirishga qaratilgan strategik siyosiy tanlov natijasidir. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻli ortga qaytmas xususiyati bilan gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekani xalqaro miqyosda ham keng tan olingan haqiqat.
Bugun mamlakatimizda har bir fuqaroga boshqaruv obyekti emas, balki uning faol ishtirokchisi sifatida qaralmoqda. Tafakkurdagi ana shu muhim oʻzgarish yangi Oʻzbekiston islohotlarining eng mustahkam manbai boʻlib xizmat qilayotir.
Ishonch kapitali — barqarorlik omili
Mamlakatimizda davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarda sifat jihatdan mutlaqo yangi muhit shakllantirildi. Asosiysi, oʻzaro ishonch tiklandi va u institutsional asos kasb etdi. Bu siyosiy barqarorlikni taʼminlovchi strategik kapital ekanini koʻpchilik yaxshi biladi.
Murojaatlar bilan ishlashning yagona tizimi, ochiq muloqot va jamoatchilik nazorati mexanizmlari davlat boshqaruvida mutlaqo yangi amaliyotni qaror toptirdi. Ilgari fuqaro muammosi idora devorlari ortida qolib ketgan boʻlsa, bugun u davlat siyosati kun tartibiga chiqmoqda. Murojaatlar tahlili qaror qabul qilish jarayonining asosiy manbaiga aylandi.
Eng muhimi, “Davlat faoliyati inson uchun” tamoyili deklarativ shior darajasida qolib ketmadi. U boshqaruv amaliyoti, hisobdorlik va ochiqlik madaniyati orqali namoyon boʻlayotir. Jamiyatning siyosiy faolligi ortib, fuqarolik pozitsiyasi mustahkamlanmoqda. Ishonch muhiti esa investitsiyaviy jozibadorlikdan tortib, ijtimoiy barqarorlikka qadar barcha sohaga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan omilga aylandi. Chunki ishonch bor joyda hamkorlik bor. Hamkorlik bor joyda esa barqaror taraqqiyot taʼminlanadi.
Konstitutsiyaviy modernizatsiya va huquqiy kafolat
2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakat taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu hujjat ayrim normalarni emas, davlatning mazmun-mohiyatini ham yangiladi.
Yangi tahrirda ijtimoiy davlat gʻoyasi, inson huquq va erkinliklarining ustuvorligi, xususiy mulk daxlsizligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi. Bu esa islohotlarning vaqtinchalik siyosiy jarayon emas, balki uzoq muddatli strategik yoʻnalish ekanini huquqiy jihatdan kafolatladi.
Mohiyatan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani Uchinchi Renessans gʻoyasining huquqiy arxitekturasi deyish mumkin. U davlat va jamiyat munosabatlarini yangi tamoyillar asosida belgilab, inson qadrini oliy qadriyat sifatida eʼtirof etdi. Bu poydevor barqaror rivojlanish, siyosiy izchillik va iqtisodiy xavfsizlik uchun mustahkam huquqiy zamin yaratdi.
Inson qadri va adolat ustuvorligi
Sud-huquq sohasidagi islohotlar inson qadrini yuksaltirish siyosatining eng hal qiluvchi yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayon qatʼiy siyosiy iroda va izchil harakatlar natijasida amalga oshirilmoqda.
Birinchidan, sud mustaqilligini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor vazifasi etib belgilab qoʻyildi. Sudyalarni tanlash va tayinlash tizimi takomillashtirildi, ularning protsessual mustaqilligi va daxlsizligi kuchaytirildi. Sud hokimiyatining alohida va teng huquqli tarmoq sifatidagi maqomi amalda mustahkamlandi.
Ikkinchidan, jazo siyosatining liberallashtirilishi insonparvarlik tamoyiliga asoslangan yangi yondashuvni shakllantirdi. Jinoiy jazolarni yengillashtirish, ayrim qilmishlarni dekriminalizatsiya qilish, ozodlikdan mahrum etishga alternativ choralarni qoʻllash kabi mexanizmlar joriy etildi. Bular jazolashdan koʻra, shaxsni qayta tarbiyalash, toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish gʻoyasi ustuvorligi adolat tushunchasining mazmunan yangilanganidan dalolat.
Uchinchidan, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi fuqarolarning konstitutsiyaviy shikoyat qilish huquqini mustahkamlab, konstitutsiyaviy nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirdi. Konstitutsiyaviy sud vakolatlarining kengaytirilishi davlat hokimiyati tarmoqlari oʻrtasidagi muvozanatni mustahkamlashga xizmat qildi. Bularning barchasi huquqiy davlat barpo etish yoʻlidagi muhim qadamlardir.
Shu bilan birga, tergov va sud jarayonlarida protsessual kafolatlar kengaytirildi, advokatura institutining roli oshirildi, odil sudlov samaradorligiga qaratilgan tizimli choralar koʻrildi. Eng muhim jihat — inson shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida eʼtirof etildi. Sud-huquq tizimi faoliyatida jazolash emas, huquqni himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, adolat oʻrnatish maqsadga aylandi.
Davlatimiz rahbarining shaxsiy pozitsiyasi, ochiq muloqotga tayyorligi va tanqidiy tahlilga asoslangan faoliyati samarasida adolat boshqaruvning amaliyotdagi mezoni sifatida tasdigʻini topdi. Qonun ustuvorligi real mazmun kasb etib, islohotlar yangi Oʻzbekistonda demokratik davlatchilik va adolatli jamiyat barpo etishning mustahkam poydevorini yaratdi.
Ijtimoiy davlat gʻoyasining amaldagi ifodasi
Yangi Oʻzbekiston sharoitida ijtimoiy davlat gʻoyasi deklarativ prinsipdan amaliy siyosat darajasiga koʻtarildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan ijtimoiy davlat tamoyili hayotga tatbiq etilmoqda. Buning mazmuni oddiy: iqtisodiy oʻsish orqali erishilgan samara, avvalo, inson manfaatiga xizmat qilishi kerak.
Islohotlar markazida fuqaro, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar turgani inson qadriga yuksak eʼtiborning amaldagi yana bir ifodasidir. Kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi manzilli va shaffof shaklga oʻtkazildi. Ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va xizmatlar yagona mezonlar asosida taqdim etila boshladi. Bu yondashuv ehtiyojni aniqlash, resursni tejash va haqiqiy manzilga yetkazish imkonini berdi.
Uy-joy siyosati ham ijtimoiy davlat gʻoyasining muhim yoʻnalishiga aylandi. Arzon turar joy dasturlari, ipoteka imkoniyatlari kengayishi, mahallalar infratuzilmasining yangilanishi fuqarolar turmush sifatini yaxshilashga qaratildi. Infratuzilmaga sarmoya kiritib, odamlarning turmush sharoitini yaxshilash orqali ijtimoiy barqarorlik mustahkamlanayotir.
Yana bir muhim jihat, ijtimoiy xizmatlarning raqamlashtirilishi boʻldi. Elektron platformalar orqali nafaqa, sogʻliqni saqlash va taʼlim xizmatlarining koʻrsatilishi byurokratik toʻsiqlarni yoʻqotib, shaffoflikni kuchaytirdi. Davlat xizmatlarining soddalashishi fuqaroning vaqt va imkoniyatlarini tejashga xizmat qilmoqda.
Taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasidagi yangilanishlar ijtimoiy davlatning strategik mazmunini ochib beradi. Yangi maktablar va oliy taʼlim muassasalarining ochilishi, tibbiyot muassasalarining modernizatsiya qilinishi, raqamli tibbiy xizmatlarning joriy etilishi inson kapitaliga uzoq muddatli sarmoya sifatida qaralayotganidan dalolat beradi. Chunki farovonlikning eng ishonchli kafolati bilimli, sogʻlom jamiyatdir.
Muhimi, ijtimoiy adolat tamoyili davlat siyosatining ustuvor mezoniga aylandi. Fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, daromadlarini oshirish, yangi ish oʻrinlari ochish va ijtimoiy himoya mexanizmlarini takomillashtirish — bularning barchasi tizimli yondashuvlar samarasi.
Boshqaruvning raqamli transformatsiyasi
Davlat boshqaruvidagi eng muhim institutsional yangilanishlardan biri raqamli transformatsiya boʻldi. Bu jarayonni oddiy texnik modernizatsiya sifatida baholash notoʻgʻri, albatta. Chunki gap axborot texnologiyalarini joriy qilish haqida emas, balki davlat va fuqaro oʻrtasidagi munosabatlar falsafasini oʻzgartirish haqida bormoqda.
Raqamlashtirish davlat siyosatining strategik yoʻnalishiga aylandi. Asosiy maqsad davlat xizmatlarini maksimal darajada soddalashtirish, inson omili taʼsirini kamaytirish va qaror qabul qilish jarayonini shaffoflashtirishdan iborat.
Bugun davlat xizmatlarining katta qismi elektron platformalar orqali taqdim etilmoqda. Ruxsatnoma va litsenziyalar, ijtimoiy nafaqalar, soliq va bojxona xizmatlari, tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish kabi jarayonlarning raqamlashtirilishi vaqt va moliyaviy xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirish imkonini berdi. Eng muhimi, fuqaro idora eshigi oldida sarson boʻladigan korrupsion tizimdan elektron murojaat va onlayn xizmatlar tizimiga oʻtishi taʼminlandi.
Raqamli transformatsiya davlatning ochiqligi va hisobdorligini ham kuchaytirdi. Elektron maʼlumotlar bazalari, onlayn monitoring va raqamli tahlil mexanizmlari qaror qabul qilish sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu esa korrupsiyaviy omillar va maʼmuriy toʻsiqlarni qisqartirishda muhim vositaga aylandi. Shaffoflik orqali ishonch mustahkamlandi.
Eng dolzarb jihat — “servis davlat” va “proaktiv boshqaruv” modeli qaror topmoqda. Davlat faqat murojaatlarga javob beruvchi institut emas, balki fuqarolar ehtiyojini oldindan aniqlaydigan, tahlil qiladigan va zarur xizmatni taklif etadigan tizimga aylanmoqda. Masalan, maʼlum ijtimoiy holat yuzaga kelganda yoki fuqaro muayyan huquqqa ega boʻlganda davlat xizmatini avtomatik tarzda taklif etish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu boshqaruv madaniyatidagi sifat oʻzgarishidir.
Raqamli texnologiyalar orqali davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqot tez, qulay va samarali shaklga ega boʻldi. Qabul qilinadigan qarorlar loyihasi xalq muhokamasiga qoʻyilmoqda. Xalq fikri asosida qabul qilingan qarorlar ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Raqamli transformatsiya yangi Oʻzbekistonda samarali, ochiq va proaktiv davlat boshqaruvini shakllantirishga qaratilgan strategik yoʻnalish boʻlib, aynan shu yondashuv raqobatbardosh iqtisodiyot va zamonaviy boshqaruv tizimining mustahkam poydevorini taʼminlaydi.
Yangi siyosiy yondashuv
Davlatning fuqarolikka oid siyosatidagi islohotlar huquqiy davlat barpo etish yoʻlidagi eng ahamiyatli oʻzgarishlardan biri boʻldi. Bu jarayon faqat meʼyoriy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish bilan cheklanmadi, balki insonparvarlik tamoyillariga tayangan yangi siyosiy yondashuvni qaror toptirdi.
1991-2016-yillarda fuqarolikka qabul qilish masalalari cheklangan amaliyot doirasida koʻrib chiqilgani tufayli yigirma besh yilda bir necha yuz shaxs fuqarolikka qabul qilingandi. 2017-yildan keyin Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodasi bilan fuqarolik berish tartib-taomillari soddalashtirildi, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi, inson taqdiri va uning huquqiy maqomiga nisbatan adolatli yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etdi. Natijada hozirgacha 100 mingdan ortiq shaxs Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi.
Bu raqam ortida shunchaki statistik koʻrsatkich emas, balki minglab insonlarning taqdiri, huquqiy aniqlikka erishishi, ijtimoiy integratsiyasi va kelajakka ishonchi mujassam. Fuqarolik shaxsning davlat va jamiyat bilan uzviy bogʻliqligini anglatuvchi siyosiy-huquqiy qadriyatdir. Shu maʼnoda, fuqarolik siyosatidagi islohotlar inson qadrini yuksaltirish bilan bevosita uygʻunlashdi.
Yuksak maʼnaviy mezonlar
Prezidentimizning davlat rahbari va millat yetakchisi sifatidagi faoliyati mamlakatimiz tarixida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berganini bugun nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham keng eʼtirof etmoqda. Oʻzbekistonning ochiq va pragmatik siyosati, inson huquqlari, mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy modernizatsiya sohasidagi izchil qadamlari mamlakatimizning xalqaro nufuzini sezilarli darajada oshirdi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar chuqur oʻylangan strategik yangilanish dasturining amaliy ifodasi boʻlib, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, sud-huquq tizimi, ijtimoiy soha, raqamli transformatsiya va tashqi siyosat kabi ustuvor yoʻnalishlardagi oʻzgarishlar oʻzaro bogʻliq va yaxlit taraqqiyot modelini shakllantirdi.
Bularning barchasi keng qamrovli islohotlarning ayrim yoʻnalishlari, xolos. Aslida, soʻnggi yillardagi oʻzgarishlar koʻlami va mazmuni jihatidan butun bir tarixiy davrga tengdir. Eng muhimi, bu jarayonlar muayyan sohalarni yangilash bilan cheklanmay, jamiyat tafakkurini, davlat va fuqaro oʻrtasidagi munosabatlar mazmunini oʻzgartirdi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bugungi islohotlar kelajak avlodlar taqdiri uchun ham xizmat qiladigan strategik qarorlar ekanini anglash mumkin. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti bu siyosiy iroda, xalq ishonchi va inson qadrini oliy mezon sifatida belgilagan davlat siyosatining uzviy uygʻunligi samarasidir.
Bir soʻz bilan aytganda, yuksaklikka boʻy choʻzayotgan mamlakatimizdagi islohotlar nafaqat zamonaviy qudratli davlat, balki yuksak insoniy qadriyatlarga tayangan adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan va uzoqqa moʻljallangan tarixiy tanlov.
Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV,
Konstitutsiyaviy sud raisi,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist