Davlat byudjeti mablag'larining shakllantirilishi va sarflanishi aholini eng ko'p qiziqtiradigan masalalardandir. Bu tabiiy hol bo'lib, fuqarolar mazkur yo'nalishdagi savollariga javob olishga to'la haqli.
Davlat byudjeti mamlakatning pul daromadlari va xarajatlari ro'yxatini o'zida ifodalovchi asosiy moliyaviy hujjat bo'lgani holda uning ochiq va shaffof bo'lishi yurt rivoji, jamiyat qurilishini takomillashtirish, islohotlar samaradorligiga erishishda muhim o'rin tutadi.
Shu bois, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 25-may kuni bo'lib o'tgan navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil va 2021-yilning birinchi choragi yakunlari bo'yicha ijrosi to'g'risidagi hisobotlar asosiy muhokama markazida bo'ldi.
Afsuski, ilgarilari davlat byudjeti to'g'risidagi ma'lumotlar sir saqlanib, faqat mas'ul davlat idoralarigagina ma'lum bo'lgan. Mamlakatimizda keyingi yillarda boshlangan ochiqlik siyosati tufayli mazkur yo'nalishda ham aholiga barcha ma'lumotlar ochiq-oshkora yetkazib kelinyapti. Joriy yilning 12-may kuni Prezidentimiz ishtirokida makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o'sishni ta'minlash bo'yicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida 2021-yilning birinchi choragi bo'yicha YAIM ko'rsatkichining e'lon qilinishi ham bu borada yana bir muhim qadam bo'ldi.
Biz ijtimoiy hayotda ko'p tilga oladigan davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlari loyihalari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorliklari, moliya yiliga mo'ljallangan makroiqtisodiy ko'rsatkichlar prognozi hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo'nalishlari asosida tuziladi. Byudjet daromadlari esa byudjetga beg'araz tushgan va qaytarib olinmaydigan pul mablag'lari hisoblanadi.
Davlat byudjeti daromadlarining asosiy qismi soliqlar hisobiga shakllantirilib, yig'ilgan mablag'lar jamiyat manfaati, xalq hayotini yaxshilash maqsadida turli sohalarga yo'naltiriladi. Biroq 2020-yilning og'ir kelishi, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlari qatori yurtimizda ham ko'pgina rejalarni amalga oshirishga jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatdi. Ayrim sohalarda belgilangan mablag'larning o'z vaqtida ajratilishi bilan bog'liq qator muammolar yuzaga keldi.
Inqiroz va iqtisodiy o'sish
Pandemiya sabab o'tgan yil nafaqat yurtimiz, balki jahon ahli uchun ham og'ir kechdi. Koronavirus balosi, u yuzaga keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz jahon iqtisodiyotiga sezilarli darajada salbiy ta'sir etdi. Jahon bankining dastlabki ma'lumotlariga ko'ra, global zanjirning uzilishi va qat'iy karantin choralarining joriy etilishi natijasida o'tgan yilda jahon iqtisodiyoti 4,3 foiz qisqardi.
Mamlakatimizda “2021-yil uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to'g'risida”gi qonun qabul qilinib, unda qaysi sohaga qancha miqdorda mablag' ajratilishi belgilangan. Demak, bu borada zarur huquqiy asos yaratib berildi. Xo'sh, joriy yilning birinchi choragi davomida davlat byudjetidan ajratilgan mablag'lar asosan qaysi yo'nalishlarga sarflandi?
2021-yilda ham pandemiya tufayli yuzaga kelgan global iqtisodiy inqiroz sababli tashqi iqtisodiy holat bo'yicha xatarlar noaniqligi yuqoriligicha saqlanib qolayotgani, jumladan, uning qo'shni mamlakatlar va yirik savdo sheriklar iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko'rsatishda davom etayotgani qayd etildi. Shunga qaramay, joriy yil yanvar-mart oylarida respublikamiz iqtisodiyoti 2020-yilning mos davriga nisbatan 3 foiz o'sib, YAIM hajmi 128,6 trillion so'mni tashkil etdi. Bunda sanoat 3,8 foiz, qurilish 0,5 foiz, qishloq, o'rmon va baliq xo'jaligi 3,1 foiz hamda xizmatlar 2,8 foiz o'sgan.
O'tgan uch oylik davr mobaynida davlat byudjeti daromadlari 33,9 trillion so'mga oshirib bajarilgan. Xarajatlar 34,1 trillion so'mni, byudjet defitsiti esa 188,2 milliard so'mni yoki YAIMga nisbatan 0,1 foizni tashkil etdi va prognoz darajasida bo'ldi. Shu vaqtda ijtimoiy xarajatlar ham oshdi. Bu boradagi ko'rsatkich o'tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foiz oshib, 18,2 trillion so'mga yetdi. Ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlar 12,5 trillion so'mni tashkil etib, o'tgan yilning mos davriga nisbatan 16,1 foiz ko'proq bo'ldi.
Mahalliy byudjetlarning daromad
ko'rsatkichi ortig'i bilan ijro etildi
Mahalliy byudjetlarning mablag'lari hududiy taraqqiyotning moliyaviy manbalaridan biridir. Demak, bu mablag'lar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fan, ta'lim, madaniyat, sog'liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, ijtimoiy ta'minot, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning maqsadli dasturlari va tadbirlarini amalga oshirish uchun sarflanishi lozim.
Xisobotda 2021-yilning birinchi choragi davomida mahalliy byudjetlarning daromadlar qismi prognozga nisbatan 116 foizga bajarilib, 7,9 trillion so'mni, xarajatlar esa rejaga nisbatan 94,7 foizga ijro etilib, 10,9 trillion so'mni tashkil etgani ta'kidlandi. Mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish bo'yicha hukumatimiz tomonidan ko'rilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida o'tgan vaqt davomida mahalliy byudjetlarning daromad ko'rsatkichi 1 110 milliard so'm ortig'i bilan ijro etildi.
Albatta, bu borada qilingan ishlar e'tiborga molik. Biroq hisobot davrida yutuqlar bilan birga qator muammo va kamchiliklar ham ko'zga tashlanadi. Aslida bu borada muammoning katta-kichigi bo'lmaydi. Ayniqsa, ularning ortida inson taqdiri, xalq manfaati turar ekan, yutuqlarga mahliyo bo'lmasdan, mavjud kamchiliklarga tanqidiy yondashishimiz zarur. Shu jihatdan, masalaning echimiga oid bir qator takliflarni o'rtaga tashlashimiz mumkin.
Birinchidan, byudjetlararo transfertlar va byudjet ssudasini ajratish, uning foizlarini to'g'ri, adolatli belgilash zarur. Byudjet ssudasi yuqori byudjetdan quyi byudjetga yoxud respublika byudjetidan rezident-yuridik shaxsga yoki xorijiy davlatga qaytarish sharti bilan ajratiladigan mablag'dir. Byudjet transferti esa byudjetdan yuridik yoki jismoniy shaxsga bevosita yoki vakolatli organ orqali ajratiladigan qaytarilmaydigan pul mablag'lari hisoblanadi. Ana shu yo'nalishlar borasida Byudjet kodeksiga o'zgartirishlar kiritish talab etiladi.
Ikkinchidan, mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasi yuqori. Shu bois, keyingi yillarda biznesga qo'shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish, tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun, shu jumladan, tartibga solish va ma'muriy yukni kamaytirish hisobiga teng raqobat sharoitlarini yaratishga katta e'tibor qaratilmoqda. Chunki yashirin iqtisodiyot bilan kurashishda ehtiyotkor bo'lish va iqtisodiy faollikka zarar etkazib qo'ymaslik kerak.
Uchinchidan, davlat rahbarining hududlarga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini, hududlarning iqtisodiy o'quv nuqtalari bo'lgan sohalarni qo'llab-quvvatlashni moliyalashtirishni to'liq va muddatli amalga oshirish zarur. Bu borada Moliya vazirligi tomonidan qonunchilikda belgilangan subsidiyalarning ajratilishi va o'z egasiga etib borishini alohida nazoratga olish talab etiladi.
To'rtinchidan, davlatimiz rahbarining 2018-yildagi tegishli farmonlari bilan qabul qilingan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ko'plab mahalla va qishloqlardagi sharoitlar yaxshilandi. Birgina joriy yilning o'zida mazkur dasturlar doirasida jami 21 trillion so'm yo'naltirilmoqda. Tegishli tashkilotlar bu mablag'larni qishloq aholisining eng katta muammolaridan bo'lgan ichimlik suv, yo'l, elektr energiyasi bilan bog'liq birlamchi hayotiy masalalarini hal qilib berishga sarflanishini nazoratga olishi zarur.
Beshinchidan, keyingi yillarda davlat xaridlari tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va tadbirkorlar uchun elektron xarid qilish imkoniyatini yanada kengaytirish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Ammo vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda o'tgan yilda ko'plab salbiy holatlar kuzatilgan. Bu jarayonda jamoatchilik nazoratining kuchayishi samarasiz davlat xizmatlarining oldini olishga xizmat qilyapti. Jamoatchilik nazorati qancha ko'p bo'lsa, tizimda ishonchsizlikdan yaxshilanish sari o'zgarish shuncha yuqori bo'ladi. SHu bois, bu borada yanada ochiq, shaffof, barqaror, samarali va yaxlit davlat xaridlari tizimini yaratishga katta e'tibor qaratish zarur.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi davr byudjet mablag'laridan samarali foydalanish tizimini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Bu mazkur tizim taraqqiyotimizga katta hissa qo'shish bilan birga xalqqa ma'lumotlarni ochiq-oshkora, shaffof yetkazish mexanizmini yo'lga qo'yishga ham xizmat qiladi.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri o'rinbosari