Uchrashuv avvalida «AICEP» direktorlar kengashi maslahatchisi janob Lui Rebelo de Souz e’tiboriga mamlakatimizning charm-poyabzal va mo‘ynachilik tarmog‘ining imkoniyatlari va so‘ngi yillarda erishilgan yutuqlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi. Shuningdek, ishlab chiqarish korxonalarida olib borilayotgan modernizatsiya jarayonlari, yangi sarmoyaviy loyihalar, tarmoqda tashkil etilgan klasterlar va sohaning eksport ko‘rsatkichlari haqida ham ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv davomida tomonlar charm-poyabzal va mo‘ynachilik yo‘nalishida Portugaliya kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish masalasida fikr almashishdi. Shuningdek, xorij kompaniyalariga mamlakatimizda yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlar haqida axborot va tushuntirishlar berildi.
Uyushma rahbariyati Portugaliya tomoniga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tayyor charmni yetkazib berish, autsorsing asosida poyabzallar ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Qayd etish kerak, aynan ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikdan Portugaliya tomoni ham katta manfaat ko‘radi. Boisi, O‘zbekistonda tayyorlangan poyabzallar sifat jihatidan yevropa kompaniyalarinikidan qolishmaydi. Shuningdek, muhim omil – narxlar masalasida ham mamlakatimiz korxonalarining ustunligi bor. Ma’lumki, O‘zbekiston ayni vaqtda yaqin xorij mamlakatlari uchun charm-poyabzal va mo‘ynachilik tarmog‘i xabiga aylanib bormoqda.
Qayd etish kerakki, ayni vaqtda O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasida bu yo‘nalishda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, «O‘zcharmsanoat» uyushmasi a’zosi – «Nafis Charm» MChJ yevropa standartlarga javob beruvchi mahsulotlarini Portuguliya kompaniyalariga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan.
O‘z navbatida muloqotda Portugaliya tomoni ham o‘zbek tomoniga «AICEP Portugal Global» tashkilotining faoliyati va vazifalari haqida taqdimot o‘tkazdi. «AICEP Portugal Global» bu davlat tashkiloti bo‘lib, Portugaliya biznesini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida ko‘maklashadi, xalqaro hamkorlik bo‘yicha o‘z konsultatsiyalarini olib boradi, shuningdek, investitsiyaviy loyihalarni muvofiqlashtirish va uni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Uchrashuv yakunida «O‘zcharmsanoat» uyushmasi va «AICEP Portugal Global» o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi vazifalar belgilab olindi, deb xabar beradi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.