“Aytim” mahallasida 5700 nafarga yaqin aholi chorvachilik ortidan kun kechiradi. Biroz, noqulay turmush sharoitini hisobga olmasangiz, choʻldagi yaylov tabiatning chorvadorlarga bergan katta inʼomi, daromad manbaidir. Bugun 1535 ta xonadonda aholi yashab, mehnati ortidan xalqimiz dasturxonini oziq-ovqat, aniqrogʻi goʻsht mahsulotlari bilan taʼminlaydi.
Navoiy viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi mazkur manzilda odamlar hayoti va muammosiga yechim topish uchun sayyor qabul tashkil etdi. Qabul jarayoni Uchquduq tuman hokimi, sektor rahbarlari, xalq qabulxonasi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida oʻtkazildi. Choʻlda kun koʻrayotgan odamlarning esa muammosi boshqa. Chunki, hammaning bir yumushi va bir daromadi bor. Sayyor qabulda ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Ayollar daftari» va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar va yoshlar bilan yakka suhbatlar oʻtkazilib, muammolarini ijobiy hal yetishga alohida eʼtibor qaratildi.
Hududda xalqning adliya, davlat xizmatiga boʻlgan talabi doirasida 60 dan ortiq murojaat aniqlandi va aholiga joyida sayyor tartibda 10 dan ortiq FHDYO va davlat xizmati koʻrsatildi. Odamlar bandlik, pensiya taʼminoti, mehnat va oilaviy munosabatlar, soliq toʻlovlari, nogironlikni belgilash, ish stajini tiklash va imtiyozli shartlarda nafaqaga chiqish singari bir qator masalalarda murojaatlar kelib tushdi. Shulardan 35 dan ortigʻiga huquqiy tushuntirish berilgan boʻlsa, 15 ga yaqin murojaat adliya organlari tomonidan ish yurituviga qabul qilindi.
Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi matbuot xizmati