Chorvachilik koʻmakka muhtoj sohadan yirik ishlab chiqarish drayveriga aylanmoqda

    Kundalik isteʼmol xarajatlarimizning 30 foizini goʻsht, sut va tuxum mahsulotlari tashkil etadi. Agar bunga umumiy talab sifatida qaraydigan boʻlsak, ushbu turdagi mahsulotlar yetishtirish hajmi ancha yirikligini anglash qiyin emas.

    Tabiiyki, shunga mos ravishda mazkur yoʻnalish aholi bandligini taʼminlashda ham salmoqli oʻrin egallaydi. Ayni sabablar uchun ham chorvachilik – aholi farovonligi va ayniqsa, bugungi kunda jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalar silsilasida kuzatilayotgan taqchillik pallasida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda katta ahamiyatga ega.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 31-may kuni aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham ayni jihatlar taʼkidlanib, bir qator dolzarb vazifalar belgilab berildi.

    Xususan, aholini oziq-ovqat, jumladan, chorva va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash choralarini koʻrish maqsadida har bir yirik xoʻjalikning ichiga kirib, uning quvvati, ishlab chiqarish hajmini oʻrganish, chorvachilik yoʻnalishidagi loyihalarni toʻliq ishga tushirish choralarini koʻrish alohida vazifa etib belgilandi.

    Yigʻilishda belgilab berilgan vazifalarning ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlarni belgilab oldik.

    Jumladan, joriy yil chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 9,7 trillion soʻmlik 2 ming 31 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi. Bugungi kunga qadar esa qiymati 3,4 trillion soʻmlik 815 ta loyiha amalga oshirilib, 62 ming doimiy va mavsumiy yangi ish oʻrinlari yaratildi.

    Shuningdek, davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida joriy yilning oʻtgan davrida 35 ta paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik va sholichilik klasterlari tomonidan qiymati 580 milliard soʻmlik chorvachilik komplekslari tashkil etilib, 20 ming boshga yaqin qoramol parvarishi yoʻlga qoʻyildi. Yil yakuniga qadar yana 70 ta ayni yoʻnalishdagi klasterlarda 500-1000 boshga moʻljallangan chorvachilik komplekslari barpo etilib, ishga tushiriladi.

    Bundan tashqari, joriy yil har bir tumanda kamida 1-2 tadan goʻsht va sut ishlab chiqaradigan oilaviy kooperatsiyalar tashkil etish boʻyicha ham alohida topshiriq berildi. Bu borada kooperatsiya usulida 249 ta, shundan, 110 ta goʻsht va 139 ta sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar tomonidan aholi xonadonlariga chorva mollari yetkazib berish va yetishtirilgan chorva mahsulotlarini qayta ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish belgilangan. Hozirda 56 ta kooperatsiya tashkil etilishi natijasida qariyb 2 ming 600 ta xonadonga 5 ming 702 bosh qoramol tarqatildi.

    Endilikda bu boradagi ishlar yanada jadallashtiriladi. Ayni paytda aholi xonadonlarida kooperatsiyalar tashkil etish boʻyicha yirik korxonalarning manzilli roʻyxati shakllantirildi. Bu orqali har bir xonadonga 2-4 boshdan qoramol tarqatish va har bir korxona kamida 70 tadan xonadonni qamrab olishiga erishiladi.

    Paxta va gʻalla asosiy ekin maydonlarining 10 foiziga almashlab ekish tizimi joriy qilinadi. Natijada chorva ozuqa bazasini yanada koʻpaytirishga erishilib, shu hisobdan yangi tashkil etilgan chorvachilik xoʻjaliklari va aholi xonadonlaridagi chorva uchun ozuqa yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.

    Chorva ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida joriy yilda 35 ming gektar yerga yangi beda, 184 ming gektariga makkajoʻxori, 31 ming gektarga oqjoʻxori va 14 ming gektar maydonga xashaki lavlagi ekildi. Gʻalladan boʻshagan maydonlarning 200 ming gektariga takroriy ekin sifatida silyos uchun makkajoʻxori ekiladi.

    Shuni alohida taʼkidlash lozimki, yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan berilgan har bir topshiriq yechimi, yaʼni ishlash tizimi, sharoiti bilan va eng muhimi, aniq manbasi hamda puli bilan belgilab berildi-ki, bu vazifalarni faqatgina tizimli yondashuv bilan tashkil etish qoldi. Buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etgan holda yil yakuniga qadar qoramollar bosh sonini 14,5 million boshga, goʻsht ishlab chiqarish hajmini 2,7 million, sutni 12,2 million tonnaga yetkazamiz.

    Chorvachilik tarmogʻi rivojini veterinariya xizmatisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu bois, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan mahallalardagi chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa yoʻnalishlar bilan shugʻullanuvchi xonadonlar soni va ularning faoliyat turi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan mahallaning “Veterinariya xizmatlarini mahallabay va xonadonbay tartibda tashkil etish” pasporti ishlab chiqildi. Qoʻmita tizimidagi 5 ming nafarga yaqin mutaxassis xonadonbay ishlash uchun biriktirildi.

    Shuningdek, koʻchma veterinariya xizmatlarini koʻrsatish servisi tashkil etilib, ular tomonidan profilaktik emlash tadbirlari, davolash-profilaktika ishlari hamda sunʼiy urugʻlantirish boʻyicha xizmatlar “mahallabay” va “koʻchabay” usulda olib borilmoqda.

    Shu oʻrinda sohaga oid yana bir ijobiy koʻrsatkichga eʼtibor qaratib oʻtsak. Veterinariya xizmati tomonidan 2016-yilda 300 million soʻmlik pullik xizmatlar koʻrsatilgan boʻlsa, soʻnggi yillarda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tufayli pullik xizmat koʻrsatish koʻlami keskin kengaydi. Xususan, 2021-yilga kelib bu koʻrsatkich 60 milliard soʻmga yetdi yoki 200 baravarga oshdi.

    Davlatimiz rahbari veterinariya xizmati koʻrsatishni 150 milliard soʻmga yetkazish topshirigʻini berdi. Ushbu mablagʻlar sohaning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash hamda xodimlarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.

    Muxtasar aytganda, Prezidentimizning qator qarorlari, sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli har ikki tarmoq (veterinariya va chorvachilik) koʻmakka muhtoj sohadan yirik ishlab chiqarish drayverlariga aylandi.

    Dunyoning oʻzgaruvchan geosiyosiy fonida mamlakatimizda chorvachilik mahsulotlari barqarorligini taʼminlash soha mutaxassislari oldida turgan eng asosiy vazifa, taʼbir joiz boʻlsa, muqaddas burch hisoblanadi.

    Eʼtiborli jihati, yurtimizda chorvachilikni rivojlantirish, chorvador va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash, aholini uzluksiz goʻsht va goʻsht mahsulotlari bilan taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oxirgi uch yilda chorvachilik sohasiga 15 trillion soʻmdan ziyod kredit ajratilib, 4 ming 500 ga yaqin loyiha amalga oshirildi. Naslchilik xoʻjaliklarining soni 3 baravarga koʻpayib, 1 ming 400 dan oshdi. Natijada 2019-2021-yillarda chorva mollarining bosh soni 1 million 200 mingtaga koʻpaydi.

    2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham bu borada ustuvor vazifalar, jumladan, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini 1,5-2 barobarga oshirish vazifasi belgilanganki, bu endilikdagi ishlarimiz salmogʻi, soha istiqbolidan dalolat beradi.

    Bahrom NORQOBILOV,

    Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish

    davlat qoʻmitasi raisi