Ayni paytda yurtimizda aholining chorvachilik mahsulotlariga talabi va ehtiyoji kun sayin oshib bormoqda, uning taʼminoti masalasini hal etish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbarining sohani qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibori tufayli chorvachilikning barcha tarmogʻida ijobiy samara va natijalar kuzatilmoqda. Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning oʻtgan yili 3-martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida chorvachilik sohasidagi tadbirkorlik subyektlariga keng imkoniyatlar yaratib berildi.

Xususan, chorvachilik xoʻjaliklarida yetishtirilib, goʻsht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2000 soʻm, sutning har bir litri uchun 200 soʻm hamda tuxumning har bir donasi uchun 50 soʻm, shuningdek, parranda goʻshtining har bir kilogrammi uchun 1000 soʻm va intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlari (losos, forel va osyotr)ning har bir kilogrammi uchun 3000 soʻm, qolgan turdagi baliqlar uchun 1000 soʻm miqdorida subsidiyalar ajratilishi joriy qilindi.

Natijada chorvachilik bilan shugʻullanuvchi xoʻjaliklar soni ortishi hamda chorvachilik komplekslari tomonidan tirik vaznda 282,9 ming tonna goʻsht va 696,3 ming tonna sut mahsulotlari yetishtirilishiga erishildi.

Prezidentimizning shu yil 8-fevraldagi “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohada boshlangan islohotlarning uzviy davomi sifatida mamlakatimizda chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Buni, ayniqsa, sohada faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari kayfiyatida sezish mushkul emas. Chunki mamlakatimiz chorvachiligida islohotlarning yangi davri boshlanmoqda. Bu chorvadorlarga yangicha gʻayrat, kuch-quvvat baxsh etadi.

Xoʻsh, chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, chorva ozuqa bazasini koʻpaytirish, shuningdek, aholining oʻz xonadonida chorva mollari boqishini tashkil etish va chorva ozuqa bazasiga boʻlgan talabni qondirish borasida qanday qulayliklar, imtiyozlar, moliyaviy koʻmak va imkoniyatlar yaratilmoqda?

Endi paxta va gʻalla yetishtiruvchi subyektlar tomonidan 206 ming gektar sugʻoriladigan yerda almashlab ekish orqali beda va chorva ozuqa ekinlari yetishtiriladi. Bu bilan yiliga qoʻshimcha 2 million tonna ozuqa birligini jamgʻarish imkoniyati yaratiladi. Paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik va sholichilik klasterlari tomonidan 500–1000 boshga moʻljallangan chorvachilik komplekslari tashkil etiladi.

Buning natijasida 751916 bosh qoramol parvarishlanib, shundan 250115 boshi sutchilik, 501801 boshi goʻshtchilik yoʻnalishida boqiladi hamda 2212 ming tonna sut va 401 ming tonna goʻsht yetishtirishga erishiladi. Shuningdek, 2022-2023-yillarda har bir tumandagi goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi kamida bittadan korxona tomonidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib beriladi. Yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash hamda sotish ishlari yoʻlga qoʻyiladi.

Bu jarayonda oʻzlashtiriladigan va boʻsh turgan yer maydonlari hisobidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berish va yetishtirilgan chorva mahsulotlarini qayta ishlashni yoʻlga qoʻygan goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarga aholiga chorva ozuqasini yetkazib berish sharti bilan chorva boshi soniga mutanosib ravishda ozuqa yerlari ochiq elektron tanlov asosida ijaraga beriladi.

Qarorga koʻra, kooperatsiya usulida goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni yoʻlga qoʻygan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga chorvachilik boʻyicha, jumladan, chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard soʻmgacha miqdordagi kreditlarning foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismiga kompensatsiya hamda kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etiladi.

Deylik, fermer xoʻjaliklari tomonidan 22 foizli kredit olinsa, shuning 8 foizi kompensatsiya hisobiga qoplanadi. Ikkinchidan, kredit mablagʻlarini olish uchun yetmaydigan garov taʼminotining 50 foiziga kafillik taqdim etiladi. Chorvachilik yoʻnalishida jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlarining kredit mablagʻlari 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi. Tijorat banklariga chorvachilik sohasidagi loyihalar uchun mazkur qaror qabul qilingunga qadar ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatini tadbirkorlarning arizasiga koʻra, oʻn yilgacha uzaytirish tavsiya etilmoqda.

Shuningdek, joriy yil 1-yanvardan 2023-yil 31-dekabrga qadar qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan chorvachilik xoʻjaliklariga kooperatsiya usulida yetishtirilib, goʻsht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun subsidiya miqdori 2000 soʻmdan 4000 soʻmga hamda sutning har bir litri uchun 200 soʻmdan 400 soʻmga oshiriladi. Bu mablagʻ bir kilogramm goʻsht va bir litr sut mahsuloti yetishtirish uchun sarflanadigan xarajatning muayyan qismini qoplaydi. Buning natijasida fermer xoʻjaliklarining qoʻshimcha daromadi oshib, faoliyatini yanada kengaytirish, ozuqa bazasini must ahkamlash, texnika xarid qilish imkoniyati yuzaga keladi.

Chorvachilik xoʻjaliklari tomonidan kredit va lizing shartlari asosida xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalari kredit va lizing foizi xarajatlarining 10 foizidan ortiq qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Fermer xoʻjaligi tomonidan xarid qilingan texnika uchun kredit yoki lizing yillik 22 foizdan olinsa, 12 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi va bu foiz koʻrsatkichi fermer xoʻjaligi uchun 10 foizni tashkil etadi.

Ozuqa ekin maydonlarida yomgʻirlatib va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan chorvachilik xoʻjaliklariga har bir gektar uchun 8 million soʻm miqdorida davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi. Bunda bir gektar yerga yomgʻirlatib va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini oʻrnatish qiymati 2500 AQSH dollari boʻlsa, 8 million soʻm subsidiya berilishi hisobiga oʻrnatish narxi 1700 AQSH dollariga tushadi. Ushbu texnologiyalarni joriy etish natijasida ozuqa ekini yerlaridan olinadigan birgina makkajoʻxorining hosildorligi gektariga 35 sentnerdan 60 sentnerga yetkaziladi.

Gidroponika usulida chorva mollariga ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda mazkur uskuna qiymatining 100 million soʻmdan oshmagan qismi qoplanadi.

Gidroponika usulida oziqlantirganda mayda shoxli mollarning tirik vazni 18-20 foiz hamda sut mahsuldorligi 15-20 foiz oshadi. Bu orqali ekin yer kamligi, suv taqchilligi sharoitida gidroponika usulida chorva ozuqasi yetishtirish sohaga va chorva moli boquvchilarga katta manfaat keltiradi.

Xorijdan olib kelinadigan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan, ozuqa ekinlarini ekish, yigʻish va ozuqa tayyorlashga moʻljallangan qishloq xoʻjaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida 2025-yil 1-martga qadar bojxona toʻlovlaridan va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qoʻshimcha qiymat soligʻini 180 kungacha boʻlgan muddatga kechiktirib toʻlashga ruxsat berilmoqda.

Bu imtiyoz fermer xoʻjaliklarining koʻplab zamonaviy texnika olib kirishi va ozuqa ekinlarini vaqtida yigʻib olishi natijasida faoliyati samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.