Qarorga koʻra, 2022-yilda 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali suvdan foydalanish samaradorligi oshiriladi.

Shunga koʻra, 2022-yil yakunigacha respublika boʻyicha kamida:

  • 230 ming gektar, shu jumladan, 160 ming gektar paxta yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sugʻorish;
  • 28 ming gektar, shu jumladan, 25 ming gektar boshoqli don yetishtiriladigan maydonlarda yomgʻirlatib sugʻorish;
  • 2 ming gektar qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarida diskretli sugʻorish tizimlari joriy qilinadi;
  • 218 ming gektar ekin maydonlari lazerli uskuna yordamida tekislanadi.

Qarorga muvofiq, 2022-yildan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchunjumladan, tomchilatib sugʻoriladigan ekin maydonining har bir gektariga quyidagi miqdorda subsidiyalar beriladi:

  • paxta maydonlari uchun – 8 mln soʻm (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sugʻorish tizimlari uchun 12 mln soʻm);
  • sabzavot ekinlari va kartoshka ekin maydonlari uchun – 1,5 mln soʻm;
  • poliz ekinlari maydonlari uchun – 1,3 mln soʻm;
  • ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor oʻsimliklar uchun – 2,5 mln soʻm;
  • mevali ekinlar uchun – 6 mln soʻm;
  • uzum maydonlari uchun – 8 mln soʻm.

Subsidiya mablagʻlari, hisob-kitob qilingan summaning:

  • 50 foizi tizim joriy qilingan yili ajratiladi;
  • 50 foizi kelgusi yili hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab ajratiladi;
  • qoʻshimcha 20 foizi uchinchi yilda joriy qilingan tizimni ishlatgan holda yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, gʻalla va meva-sabzavot klasterlariga toʻlab beriladi.

Subsidiya mablagʻlari joriy qilingan suvni tejaydigan sugʻorish tizimlari kamida 5 yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi.

Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablagʻlarning oʻrni toʻliq qoplanganidan soʻnggina ruxsat etiladi.

2022-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash uchun respublika byudjetidan 1 182,4 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

Qarorga koʻra, “Tomchi-reestr” pudrat korxonalarining yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi.

2022-yil 10-martgacha suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish yuzasidan tegishli materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishishning “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi joriy qilinadi.