Dehqonchilik har doim oqillik va mehnatsevarlikka tayanadi. Oʻsimlik oʻz dardini aytolmaydi. Uni parvarishlayotgan dehqon yer bilan tillasha bilish, nihollar bilan dillasha olishi kerak. Qaysi urugʻ serhosilligini, yerni ekishga tayyorlash, uning muddatlari, usullari, koʻchat qoldirish, oziqlantirish, sugʻorish, begona oʻtlar, har xil kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish choralarini aniq bilishi, hosilni sifatli yetishtirish, terib olish, saqlash, xaridor topib, mahsulotni sotish singari yumushlarni tashkillashtirishi kerak.
Dehqonning kunu tun demay qilgan zahmati yoʻqdan bor qiladi, elni boqadi va kiyintiradi. Bugungi kunda bu ishlarni zamonaviy texnikalar va innovatsion texnologiyalarsiz amalga oshirish mushkul. Bu uni hayot bilan hamnafas yashashga, ilm asosida ish yuritishga undaydi.
Sirtdan qaraganda, bularning bari hammaga maʼlum azaliy gaplardek tuyuladi. Lekin ularga amal qilmaslik yoki parvarishlash zanjiridagi biron bir xalqaning uzilishi oqibatida hosil tosh bosmay yoxud u xaridor talabiga javob bermay qolganida attang deyish bilan daromad buromadga aylanmaydi, yillik mehnat zoye ketadi. Alqissa, zamonaviy dehqonchilik azaliy tajribalarni innovatsion texnologiyalarga uygʻunlashtirishni talab etadi.
Tahlil va samara
Kasb taqozasi, ilmiy izlanishlar ehtiyoji tufayli yurtimizning koʻplab hududlarida boʻlishga, deqonchilik ishlarini koʻp yillar mobaynida kuzatish, tahlil qilish, ulardan xulosalar chiqarishga toʻgʻri kelgan.
Respublikamizda tayyorlanayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarining 90 foizdan ortigʻi sugʻoriladigan yerlarda yetishtiriladi. Ammo ularning 47 foizi turli darajada shoʻrlangan. Shuningdek, uning 29 foizi suv va shamol eroziyasiga uchragan. Ushbu yerlarning 43,6 foizi oʻrta, 23,9 foizi yengil, 20,3 foizi ogʻir , 8 foizi qumoqli boʻlgani holda, 2,5 foizi qumli va 1,7 foizi loyli tarkibga ega tuproqlardan iborat. Tabiiyki, bu maydonlarda yetishtirilayotgan mahsulotlarning talab darajasidagi sifatini taʼminlash uchun, albatta, xossa-xususiyatlarini aniqlab, ularning holatini yaxshilash chora-tadbirlarini koʻrish zarur.
Mavjud yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishda ekin maydonlari, ular turini joylashtirishni modernizatsiya qilishni ham hayotning oʻzi kun tartibiga qoʻymoqda. Mamlakatimizning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Sirdaryo, Jizzax, Fargʻona viloyatlaridagi mavjud turli darajadagi shoʻrlangan maydonlariga unga chidamli boʻlgan beda, oq joʻxori, sholini, takroriy ekin sifatida tariq, maxsar kabi ekinlarni joylashtirish zarur. Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va barcha togʻ oldi dasht adrli yerlarda har-xil turdagi yongʻoq va oʻrik turlarini, pista, bodom, moyli daraxtlardan zaytunzorlarni, qizilmiya, plantatsiyalarini tashkil qilish samarali hisoblanadi.
Prezidentimiz shu yil 23-mart kuni oʻtkazilgan videoselektro yigʻilishida qayd etganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda millardlab soʻm mablagʻlarni sarflash evaziga oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish uchun 500 ming gektar qoʻshimcha yerlar qaytadan foydalanishga kiritildi. Bu ichki bozordagi narx-navoni barqaror ushlab turish va eksportni koʻpaytirishga hissa qoʻshmoqda. Fermer va tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar natijasida esa, mahsulot yetishtirish hajmi oshmoqda. 2022-yilda chorvachilikda qoramollar soni 14 million, qoʻy-echkilar soni 24 million boshga yetganini, parrandachilik xoʻjaliklari soni 1 ming 300 tani tashkil etib, tuxum yetishtirish 4, goʻshtda 28 foizga ortganini misol tariqasida keltirish mumkin.
Prezidentimiz yerlardan foydalanish va ularda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish imkoniyatlarini ishga solish masalasiga katta eʼtibor qaratib, ularni hayotga tatbiq etishning aniq yoʻnalishlari, moliyaviy manbalari, koʻrsatiladigan ragʻbat va imtiyozlarni aniq belgilab beryapti.
Oʻtgan kuni davlatimiz rahbari oziq-ovqat tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishish chogʻida ham mavjud ozuqa va yer yetishmasligi, aylanma mablagʻlar bilan bogʻliq muammolarni hal etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Xalqaro qishloq xoʻjaligi taraqqiyoti jamgʻarmasining grant mablagʻlari hisobidan hududlarda sut yigʻish markazlari tashkil etiladi. Ularga kamida 100 ta aholi xonadoni biriktirilib, kooperativ tizim yoʻlga qoʻyiladi.
Demak, xonadonlarda sut yetishtirish yanada manfaatli boʻladi.Chunki, oʻrtacha bir sutkada 10-12 litr sut beradigan sogʻin sigirga ega boʻlgan oilani kichik korxonasi bor uy xoʻjaligiga mengzash mumkin. Ayni paytda bir litr yogʻlik sut qishloqlarda 6 ming, Fargʻona shaxrida esa 8 ming soʻmdan xarid qilinyapti. Agar uni sotmay qayta ishlansa, qaymoq, sariyogʻ, qatiq, qurut, pishloq kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ularning sutga nisbatan bozor bahosi 4-5-marta yuqori. Bundan tashqari, sigir har yili buzoq beradi.
Mahalliy sharoitda yashayotgan oilada xonaki tovuq yoki uy joʻjasi asosan tuxumi uchun boqiladi. Bu dasturxonimizni toʻkin qilishdagi ahamiyati katta. Xarajat va foydani 50/50 hisobida qoʻyganimizda ham kamida har bir tovuqdan 255 dona tuxum olinadi. Tovuqni xonadonda goʻsht yoʻnalishida boqilganda esa 40-45 kunda tirik vazni 2,4-2,5 kilogrammga yetadi. Hazm boʻlish koeffitsenti 94-95 foizga teng, tarkibida 20 foiz oqsil, 10-12 foiz yogʻ boʻladi.
Ana shunday uy hayvonlarini boqish va parrandalarni parvarishlash oilada yashovchi otaxonu onaxonlarga vaqtni behuda oʻtkazmaslik uchun ermak boʻlsa, uydagi oʻquvchi-yoshlar foydali mehnat bilan shugʻullanishni oʻrganadi.
Baliqchilik uchun ham bir qator qoʻshimcha imkoniyatlar belgilanmoqda. Xususan, bundan buyon tabiiy suv havzalarini ijaraga berish onlayn auksion orqali amalga oshiriladi. Tarmoqda 241 ta, jumladan, krevetkani sanoat usulida yetishtirish loyihasi amalga oshiriladi. “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida baliqchilik loyihalari uchun 50 million soʻmgacha garovsiz kreditlar ajratiladi. Bular evaziga joriy yilda 850 ming tonna baliq yetishtirish mumkinligi qayd etildi.
Nazarimizda bu yoʻnalishga fermer xoʻjaliklari ham oʻz hissalarini qoʻshish imkoniyati bor. Binobarin, ularning koʻpchiligida kichikroq boʻlsa ham hovuz mavjud. Ortiqcha sarf-xarajat talab qilinmaydi. Mazkur hovuzlarda xaridorgir baliq parvarish qilinsa, bir tonnagacha mahsulot olish mumkin. Bozorda uning bir kilogrammi narxi 30 mingdan 50 ming soʻmgacha sotilmoqda. Bu fermerlarga oʻz xoʻjalik aʼzolarini servitamin mahsulot bilan taʼminlashi barobarida, qoʻshimcha daromad ham keltiradi.
60 ming gektardagi imkoniyat
Yurtimizda shunday fermer xoʻjaliklari borki, faqat dala va yoʻl chetlariga, ariq, suv boʻylariga ekilgan oʻrik, olma, anor, uzum, xurmo, yongʻoq, pista, bodom, jiyda kabi mevalardan katta miqdorda hosil yigʻib olmoqda. Ular yuqori sifatli hosili berishi bilan birga, koʻchalarga fayz, dalalarga fusunkorlik baxsh etyapti. Ularning yana bir qulaylik tomoni shundaki, bu mevalar togʻda ham, dashtda ham, qumda ham oʻsadi, rivojlanadi va meva beradi.
Masalan, yongʻoqni olaylik.. Bir qator qilib, 6 metrga 1 tupdan joylashtirilganda, uning 227 tupi bir gektarni egallaydi. Dastavval 40-50 kilogramm, yettinchi yildan boshlab 100-150 kilogramm hosil beradi. Bozor bahosidagi narxini ikki barobar kamaytirib, xarajatlarni chiqarib tashlaganda, yiliga eng kamida 100 million sof foyda qoladi. Asosiysi, yongʻoq mevasining sifati buzilmaydi, uzoq saqlanadi, olis masofalarga olib borish uchun ham alohida eʼtibor talab qilinmaydi.
Prezidentimiz joriy yil joriy yil 23-mart kuni qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha boʻlib oʻtgan yigʻilishda dala chetlarida mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishning ustuvor vazifalarini ham belgilab bergan edi. Shundan soʻng Kadastr agentligi tomonidan oʻtkazilgan xatlovda 60 ming gektarga yaqin dala chetlaridan toʻliq foydalanilmayotgani aniqlandi. Hisob-kitoblarga koʻra, bu maydonlardan unumli foydalanish orqali 337 ming tonna qoʻshimcha mahsulot olish imkoniyati bor. Xususan, zovur va suv boʻylarida 600 ming bosh parranda boqish hamda qariyb 300 mingta asalari uyasi joylashtirish imkoniyati bor.
Maʼlumki, asalarichilik dehqonlarga nafaqat darmondori sifatida daromad keltirib qolmay, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish, urugʻ yetishtirishda ham alohida ahamiyatga ega. Asalari changlatgan gʻoʻzaning hosildorligi 30, mevali bogʻlar, moyli ekinlar, ayniqsa shaftoli, olma, olxoʻri, bodom, gilos, olcha, oʻrik kabi mevali oʻsimliklarda 50 foizgacha oshishi isbotlangan. Bu dehqonchilikda ilmiy asosda yoʻlga qoʻyilsa, asalarichi oladigan daromadning asosiy qismini changlatishdan topadi.
Shu bois qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalari bilan changlatish koʻlamini oshirish maqsadida 50 ming gektar bogʻ va 200 ming gektar dala chetlarida asalari uyalarini joylashtirish, qoʻshimcha sharoitlar yaratib, aholini asalchilikka jalb etish choralari ham belgilab berilgani soha rivojining yangi bosqichga koʻtarilishida poydevor vazifasini oʻtaydi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 12-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu yoʻnalishda dehqonchilik qilish uchun urugʻ, koʻchat, oʻgʻit va suv taʼminoti maqsadlariga 100 milliard soʻm yoʻnaltirilishi, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash uchun quritish va sovitish uskunalarini xarid qilishga 50 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.
Yana bir muhim jihati, fermer xoʻjaliklarining dala chetida ekiladigan ekin va yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, boqiladigan parranda va asalari uyalari hamda sovitkichli omborxona va quritish uskunalarini joylashtirish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar ham tasdiqlandi. Hozirda fermer xoʻjaliklari tomonidan yer maydonlari ikkilamchi ijaraga faqat 1 yilgacha berilayotgan boʻlsa, endilikda tok, tut, terak kabi daraxtlar koʻp yilda yetilishini hisobga olib, bu muddat 10 yilgacha uzaytirildi.
Bu vazifalarlar ijrosini taʼminlashga Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi masʼul hisoblanadi.
Olimjon Ibrohimov,
Fargʻona politexnika instituti professori,
qishloq xoʻjaligi fanlari doktori