Bu haqda Fanlar akademiyasi axborot xizmati maʼlum qildi. Akademiya olimlarining taʼkidlashicha, tangalar soni 939 ta boʻlib, uzoq vaqtlar davomida yer ostida, nam tuproqqa qorishib chirigani sababli ularning har ikki tomoni tekislanib ketgan.
Tangalarning ayrimlariga ishlov berilib, tozalanishi ularda doira shakldagi halqa va uning ichiga arab harflaridagi yozuv bitilgani maʼlum boʻldi.
Tangalarga zarb sayoz urilgani ham ulardagi yozuvlar yaxshi koʻrinmasligiga sabab boʻldi. Tozalangan tangalardan ayrimlarining bir tomonida «zarb Toshkent ( )” yozuvigina oʻqildi.
Ikkinchi tomonini oʻqishning imkoni boʻlmadi. Ammo, avvallari aniqlangan, aynan ularga oʻxshash tangalar bilan qiyosiy tahlil yangi topilgan xazinaning XVI asrning oxiri – XVII asrning boshlariga tegishli ekanligini koʻrsatdi.
Topilgan joydan aniqlangan ashyoviy dalillar - 25x25x5 santimetr hajmdagi pishgan gʻishtlar, moviy rangdagi sirlangan va sirsiz sopol idish siniqlari ham yuqorida koʻrsatilgan davrda ishlab chiqarilgan.