2023-yil 3-aprel kuniga o‘tar kechasi Qarshi shahar, “Tabassum” MFYda joylashgan bolalar maydonchasi atrofiga ekilgan 30 tup har xil turdagi daraxtlar kesilib, tabiatga 151.650.000 (bir yuz ellik bir million olti yuz ellik ming) so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahar “Tabassum” mahallasida yashovchi fuqarolardan tungi payt noma’lum shaxslar tomonidan 35 tup manzarali daraxtning ayovsiz kesib tashlagani tasvirlangan suratlar tarqaldi. “Aytishlaricha, barg chiqarib, hattoki meva tugishga (tut) ulgurgan daraxtlar quruvchilarga yoqmagan”, — deyiladi xabarda.

Ushbu holat Tabiat resurslari vazirligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining davlat inspektorlari tomonidan joyida o‘rganilgan. O‘rganishlar davomida Qarshi shahar “Tabassum” MFY hududida 30 tup har xil turdagi va diametrdagi daraxtlar noqonuniy ravishda kesib tashlangani tasdiqlandi. 

O‘simlik dunyosiga yetkazilgan 151 million 650 ming so‘m zarar hisoblangan hamda holat yuzasidan rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar huquqiy baho berish uchun Qashqadaryo viloyat prokuraturasiga taqdim qilingan.