Farg‘ona vodiysini yurtimizning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan Qamchiq dovonidan necha bor o‘tganimning sanog‘i yo‘q.
Qirq
yillar oldin birinchi marta qadrdonimning “Volga” mashinasida dovon oshib,
Marg‘ilonga borganimdagi hayajon va qo‘rquv tafti haligacha bosilmaganday. O‘shanda
asfalьt degan narsa tushiga ham kirmagan, shag‘al emas, yirik-yirik toshlar qoplab
yotgan yo‘lning bir tomoni tog‘larga tutash, ikkinchi tomoni esa tikka jarlik edi...
Ikkita mashina ro‘baro‘ kelib qolsa, jar tomondagi mashinada o‘tirganlarning yuragini
vahima bosardi: yo‘l tor, muyulishlari ko‘p, notekis va olis yo‘lning biror bo‘lagida
ham jardan himoyalaydigan to‘siq-vosita yo‘q... Eson-omon manzilga yetib
olganimizga beadad shukrona aytib, dovon yo‘lini orzulamay qo‘ygandim.
Keyinchalik 9-10 soatlab
yo‘l yurilsa-da, ota yurtimga Qozog‘iston va Tojikiston hududidan aylanib o‘tadigan avtobusda
borib keladigan bo‘ldim. Qardoshlar bilan yo‘llarimiz, qishloqlarimiz tutash, hayot
tarzimiz o‘xshash bo‘lsa-da, baribir qo‘shni-qondoshlarning tili va dili bilan
yuzlashib, tutgan rizqu nasibalaridan totib o‘tishning zavqi boshqacha edi.
Tug‘ishganday bo‘lib ketgan hamsoya bilan birrov uchrashib, hol-ahvol so‘rashishdan
ko‘ngil qanchalar o‘sadi-yu, jigaringday xalqning yurtiga qo‘nib o‘tishning maqomi
qanchalar ulug‘!..
Peshindan keyin poytaxtdan
yo‘lga chiqqan og‘irkarvon avtobus Beshariq tumaniga kirib borganda allaqachon
qorong‘i tushgan bo‘lardi. Bu yog‘i O‘zbekiston (o‘sha paytdagi nomi), Bag‘dod, Oltiariq
tumanlaridan o‘tib, Marg‘ilonga eltadigan yo‘l masofasi ikki yuz kilometr atrofida
edi. Yo‘l olis, ikki tomonidagi manzara esa qora qalam bilan chizilgan yaxlit
rasmga o‘xshardi: saf tortgan tutlar qorayib ko‘rinar, yulduzlarning g‘ira-shira
nurida nigoh yetgan yerlarning boshidan oxirigacha paxtazorlar yastanib, unda-munda
simchiroqlar yoki hovlilardagi chiroqlar miltillardi... Marg‘ilondan Toshkentga
qaytish kunduzga to‘g‘ri kelgani uchun bu ko‘rinishlarga rang kirardi: faslga qarab
tutlar va dalalar yashil, sariq, jigarrang tus olardi. Katta yo‘llarga tutash
paxtazorlarning u yer-bu yerida qisnib-qimtinday pastak, tor devorlar bilan
o‘ralgan hovlilar ko‘zga tashlanardi. Paxta ochilgan mavsumda oppoq tusga kiruvchi
bu kengliklar hosil yig‘ib olinganidan keyin yana bahorgacha fayz-baraka va
to‘kinlikka intizor bo‘lardi. Darvoqe, qay bir suv chiqmas, chekka joylarda
unib-o‘sgan yovvoyi jiydalarni hisobga olmaganda, yo‘l-yo‘lakay nafaqat dalalarda,
balki hovlilarda ham mevali daraxtlar uchrashi amrimahol edi. Sobiq tuzum davrida
hovlilardagi mevali daraxtlargacha (tutdan tashqari, chunki tut bargi ipak qurtiga
ozuqa edi-da) soliq solinganini (hovlimizdagi o‘rik daraxti sal katta bo‘lganda,
“hukumat endi soliq soladi”, deb kesib tashlashgani esimda) aytsam, fikrim
tushunarli bo‘lsa kerak.
Taqdirlarni yoritgan chiroqlar
Ko‘p qatnayvergandingdan
keyin ko‘chalar, daraxtu ariqlar, hatto yo‘l chetiga kimdir o‘rnatgan yog‘och g‘olayu
qo‘lbola o‘rindiqlargacha yod bo‘lib ketarkan.
1991 yil 1 sentyabr —
mustaqillik saodati O‘zbekiston yilnomasida yangi sahifalar ochgan kundan boshlab,
paxtazorlarni qisqartirish hisobidan odamlarga uy-joy qurish uchun yerlar berilishi
xalqchil voqea va ijtimoiy adolat yo‘lidagi zalvorli qadam bo‘ldi. Xalq shirin
tushdan uyg‘onib ketganu bu tush emas, haqiqat ekanini ko‘rib, ko‘zi, orzu-havasi,
g‘ayrati chaqnab ketgandek edi. Ayniqsa, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab
paxtazorlar iskanjasida bo‘lgan, paxtazorlarga qo‘shilib boshidan zaharli dorilar
yog‘dirilgan, dorilangan dalalardan sizib chiqqan suvga vaqti kelsa yuzini yuvgan
qishloq ahlining kunu tunlari g‘ayratga, zavqli mehnatga va bayramona kayfiyatga
qorishib ketdi: Toshkent — Marg‘ilon avtobusi qorong‘i tushganda Beshariq tumaniga
kirib borgach, endi yo‘llarni kuzatib zerikmasdi odam: vaqt allamahal bo‘lishiga
qaramay, ikki tomonda chiroqlar yonardi; bir-biriga tutash yangi qurilayotgan
hovlilarda kimdir devor tiklar, kimdir imorat qurar, yana kimdir tom yopardi.
Hademay, ha, juda tez fursatda ko‘rkam imoratlar, tunukayu shiferli tomlar,
yaraqlagan derazalaru chiroyli pardalar, yangi ekilgan gulu daraxtlar orzumand va
havasmand qalblarning o‘ziga xos tilmochiga aylandi.
Keyinchalik... qishlog‘u
shaharlar orasida gektarlarga cho‘zilgan o‘rikzorlar, olmazorlar, shaftolizorlar,
behizoru olxo‘rizorlar bo‘y cho‘zdi, gullab mevaga kirdi. Qovun-tarvuz polizlari,
loviyazorlar, sabzavot paykallari barpo etildi... Davlatmandlar ko‘paysa, davlat
boyiydi deydi. Xalqning sog‘lom bo‘lishi esa, birinchi navbatda, dasturxonida
darmondorilarga boy sabzavotu meva-chevalarning yetarli va to‘kisligiga bog‘liq.
Xalqimizda
“og‘irkarvon” degan so‘z bor. Bu tashbeh yetti o‘lchab bir kesadigan, qadamini chuqur
mulohaza bilan bosadigan, xulosa chiqarishga shoshilmaydiganlarga... ba’zan esa
yangilikka qo‘l urishga ikkilanib turadiganlarga nisbatan ham ishlatiladi. Shu —
keyingi toifa vakillari hayotning hamma sohasida uchraydi. Demoqchimizki,
mustaqillik yillarining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maishiy sohalardagi
yangilovchi islohotlari natijasi ba’zi hududlarda yillar sayin yaqqol ko‘zga
tashlangan bo‘lsa, ayrim joylarda qadamini zo‘rg‘a sudrab bosdi.
...Ota-onamning tarixiy ildizi
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanining Marg‘ilon shahriga tutash Oyimcha qishlog‘i bilan
bog‘liq. Jigarlarning zurrёdlari shu yerda yashaydi. Qolaversa, har gal ona
shahrimga shu qishloqdan o‘tgan katta yo‘l orqali kirib boraman.
“Shu ko‘chalarda ham
o‘zgarish, yangilanish bo‘larmikan?” deya o‘yladim bundan bir necha yil oldin Toshkent —
Farg‘ona katta magistralidan borarkanman. Ho‘qandi latif qiyofasidagi
an’anaviylikka uyg‘un zamonaviy o‘zgarishlardan ko‘zim quvnardi. Tadbirkorlikning,
yer ilmining hadisini olgan oltiariqliklarning hovlilaridan ko‘chalarigacha birdek
taralgan va qaralgan uzum so‘ritoklariyu tomorqalariga, shuningdek, ularning
daromadi ramzi bo‘lgan ko‘rkam hovli-joylariga tasannolar aytib bordim.
Bozorni bir aylanib...
Bu yil yana bahorga
yetkazganiga shukrona aytib, diydoru savob talabida tong payti yo‘lga chiqdim.
Qamchiq dovonining sakkiztalab mashina birdek harakatlana oladigan magistralini
ko‘rib ulg‘aygan farzandlarimizga bu yo‘llarning yarim asr, boringki, o‘ttiz yil
oldingi holati haqidagi gaplarimiz ertakdek tuyuladi. Dovon osha vodiyga qalban
elib borarkanman, yana yo‘lning ikki tomonini, katta yo‘lga irmoqdek qo‘shilgan
ko‘chalargacha sinchiklab kuzataman: tog‘ yonbag‘irlarida ham palapartish emas,
rasamadi bilan ekilgan daraxtlar qad rostlagan, yo‘llar chetidagi qator teraklar
bo‘y-basti saralangan navqiron askarlar safini eslatadi. Avvalgi yillardagi kabi
yo‘lovchilar uloqtirib ketadigan har xil suv va egulikdan bo‘shagan idishlar, qog‘ozu
elim haltachalar deyarli ko‘rinmaydi. Aholi yashaydigan qishloqlar va ularni
bog‘laydigan olis-olis ko‘chalar, kengliklar hamda dalalardagi sarishtalik,
ozodalик “yarq” etib ko‘zga tashlanadi. Salobati nigohga sig‘maydigan o‘rikzorlar va
olmazorlar ulkan guldastaga o‘xshaydi. Toki Marg‘ilonga yetguncha yo‘llarning
ilgarg‘i quroq manzarasi tamoman o‘zganganini ko‘rasiz: qadim yo‘llardagi qadrdon
qishloqlar ketma-ket peshvoz chiqadi, hammasida obodlik, sarishtalik, devoru
imoratlari tekis g‘ishtin hovlilar qad rostlagan... “Yangi avlod”, “Kelajak” deb
nomlangan markazlar, novvoyxonalar oldidan shukrona keltirib o‘tamiz.
Biz borayotgan markaziy
ko‘chaning ikki tomonida katta hududni egallagan “Qumtepa” bozoridagi manzarani,
to‘kinlikni, odamlarning ko‘tarinki kayfiyatini va gurullab turgan savdo-sotiqni
bir ko‘rsangiz edi! Non rastalarida momolarimizdan meros jizzali,
pomidorqoqiyu piyozli, sariyoqli, yong‘ogu mayizli non-patirlargacha bor. Ho‘l mevalar
rastalarida esa ayni to‘kin kuz mavsumining tarovati ufurib turadi.
Peshtaxtalarga to‘lib-toshgan pistayu bodom, turshagu mayizlar, yong‘ogu jiydalar
turining sanog‘iga yetolmaysiz (hamyoningiz ko‘targanini tanlayverasiz). Ular
qatorida olchaqoqilargacha topiladi. Asal va sariyoqning tozasini olmoqchi
bo‘lsangiz, ana, rang-ro‘yi tiniq, soddayu samimiy mirishkorlarning rastasiga
boring! Ko‘k-rezavorlar bozori ko‘klamning mo‘jiz hovlisiga o‘xshaydi. Bundan o‘n
yillar oldin oilasiga bir tandirgina ko‘k somsa tayyorlash uchun atrofdagi
dalalarni kezib chiqadigan qishloq bekalari bugun tomorqasining chekkasida jag‘jag‘,
ismaloq, otquloq ekib biznes qilyapti. Bu ekologik toza mahsulotdan sotuvchi ham,
oluvchi ham birdek manfaatdor va minnatdor. Sut, qatiq, sariyoq rastalaridagi
mahsulotlarni ko‘rib o‘tarkanman, beixtiyor bundan qirq yil muqaddam bir yashar
qizimga bo‘tqa pishirib berish uchun tabiiy sut izlab, Toshkentning markazidan
Qibrayga qatnaganlarim esimga tushib ketdi... Yarattganga shukr, u kunlar o‘tib
ketdi! Bari xotiralarda qoldi! Faqat endi bu to‘kinlikning qadriga etishimiz,
isrofgar va noshukr bo‘lmasligimiz shart!
Eҳ-he, bozorning eng
gurullagan joyi bu yoqda ekan-ku: ko‘chatlar, nihollar selkillab turibdi — bahorda
bu hammamizga tanish manzara. Ammo gul bozori har doimgidan ham kengayib
ketibdi. Zotan, yo‘l-yo‘lakay bir necha gulko‘chat va tuvakdagi gullar
sotuvchilarining qatoridan o‘tgan edik. Ilgari o‘zimizda bo‘lmagan gul turlari
haqida so‘ragandim, sotuvchi: “Yo‘q, chet eldan olib kelganimiz yo‘q. O‘zimiz o‘stirib
ko‘paytiryapmiz”, deb javob berdi. Xaridorlar — shu atrofdagi xonadonlarning
boshliqlari, bekalari. Ularning go‘zallikka, gullarga havasi, mehru ixlosi va
intilishi negadir yodimga asalarilarni soldi.
Inson faqat qorин uchun
yashamaydi. Ammo xalqimiz sodda va lo‘nda qilib aytib qo‘yibdi: “Bo‘sh qop tik
turmaydi”. Juda kichkinaligimizda otajonimning qora eski charm sumkasini
ne’matlarga to‘ldirib darvozadan xursand kirib kelishini va nimanidir arzon
olganidan mamnun bo‘lib gapirganini... onam esa tikkan do‘ppilarini bozordagi
soliqchilardan yashirinib yurib sotganini shukrona bilan so‘zlashini eshitib, bozorning
kundalik hayotimizdagi ahamiyatini anglab borganmiz.
Odatda
har qanday savdo joyida sotuvchiga nisbatan xaridor ko‘p bo‘ladi. Lekin bugun
“Qumtepa” bozorini aylanib kuzatarkanman, sotuvchi ham, oluvchi ham birdek
ko‘pligini ko‘rdim. Demak, “Ekaman, undirib yetishtiraman, xalq dasturxoniyu
ro‘zg‘orini to‘kin qilib, elu yurtni boyitaman, halol daromad topaman”, deganlar oz
emas. Ularning safi o‘tgan yildagiga qaraganda ancha-muncha kengaygan. Eng muhimi,
bu xayrli niyatni amalga oshirish uchun sharoit hamda imkoniyat yetarli. Iqtisodiyotda
talabga qarab taklif yaratiladi, degan qat’iy qonuniyat barqaror. Bozorda
savdo-sotiqning gurullab yotgani ham aynan mana shu me’yorning mutanosibligi
belgisidir.
Muhtarama ULUG‘OVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi