Bu borada, ayniqsa, koronavirus pandemiyasining Oʻzbekiston hamda dunyoda tarqalishi natijasida yuzaga kelgan inqiroz sharoitida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari har oy viloyat va tuman miqyosida tadbirkorlik faoliyati holati boʻyicha oylik monitoring oʻtkazyapti.

Monitoring natijalariga koʻra, shu yilning 1-fevralidan 28-fevraligacha boʻlgan davrda soliq tushumlari hajmi joriy yilning shu davriga nisbatan 8,2 foiz oʻsgan.

Shu bilan birga, soliq tushumlarining sezilarli darajada oʻsishi Qashqadaryo (38,3 foiz), Andijon (32,4 foiz), Buxoro (17,6 foiz) viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (9 foiz) kuzatildi.

Soliq tushumlarining oʻsishi pandemiyadan keyin ishbilarmonlik faoliyati tiklanganidan, aholi va biznesga soliq yukini oshirmasdan soliq yigʻimi koʻpayganidan dalolat beradi.

Pandemiya tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat tomonidan koʻrilgan chora-tadbirlar davlat byudjeti daromadlarini taʼminlash bilan bogʻliq noqulay vaziyatning oldini olishga yordam berdi.

Tahlil qilinayotgan davrda bojxona toʻlovlaridan tushumlar joriy yilning shu davriga nisbatan 3,7 foiz oshdi.

Bojxona tushumlarining Oʻzbekiston boʻylab eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi Surxondaryo (83,2 foiz), Xorazm (47,1 foiz) va Fargʻona (19,2 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston dunyoning deyarli barcha davlati bilan savdo aloqalarini tikladi. Tashqi savdo aylanmasining eng koʻp hajmi Xitoy, Rossiya va Qozogʻiston bilan bogʻliq ekani qayd etildi. Oʻz navbatida, tashqi savdoning oʻsishi va aholi ichki talabining oshishi bojxona tushumlarini koʻpaytirishga imkon berdi.

Davlat bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, yil boshidan buyon tovarlarni eksport qilish hajmi 11,3 foiz oʻsdi. Tovarlar eksporti hajmining oʻsishi Buxoro (71,2 foiz), Surxondaryo (39 foiz), Navoiy (34,9 foiz), Xorazm (28,1 foiz) viloyatlariga toʻgʻri keldi.

Oʻzbekiston eksportining anʼanaviy mahsulotlariga tashqi talabning oshishi tovarlar eksportining bosqichma-bosqich oʻsishiga olib keldi. Bu esa pandemiyaning oʻtkir bosqichidan keyin jahon iqtisodiyoti bosqichma-bosqich barqarorlashayotganidan dalolat beradi.

Oʻtgan oy davomida tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi 46,5 foiz oʻsdi. Berilgan kreditlar hajmining eng katta oʻsishi Fargʻona (2,3 barobar) Navoiy (97,9 foiz) va Xorazm (95,8 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (2,6 baravar) kuzatilmoqda.

Oʻzbekistonda kredit berish hajmining oʻsishi respublika va hududlarda biznes tuzilmalari faolligi oshganini koʻrsatadi.

Ushbu davrda respublikada 9508 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Ularning eng koʻpi Qashqadaryo (1030), Samarqand (888), Toshkent (768) viloyatlarida va Toshkent (1558) shahrida roʻyxatdan oʻtgan.

Tahlil qilinayotgan davrda Respublika tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar hajmi 15,2 foiz oʻsdi.

Ushbu davrda respublikaning barcha hududida birja faolligi oshishi qayd etildi. Jumladan, Qashqadaryo (49,9 foiz), Namangan (48,2 foiz), Surxondaryo (44,6 foiz) va Toshkent (36,5 foiz) viloyatlarida sezilarli oʻsish kuzatilmoqda.

Ushbu hududlarda bitimlar hajmining oshishi paxta tolasi, benzin, chigit, dizel yonilgʻisi, qurilish materiallari, sement mahsulotlari, shakar, oʻsimlik moyi va polietilen kabi tovarlarni sotish bilan bogʻliq.

Karantin cheklovlari bekor qilingandan soʻng Oʻzbekistonda iqtisodiy faoliyatning bosqichma-bosqich tiklanishi kuzatildi. Bu, birinchi navbatda, hukumat tomonidan inqirozning keskin davrida iqtisodiyotning barcha sohalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar bilan bogʻliq. Bu iqtisodiy oʻsishning ijobiy surʼatlarini saqlab qolish va mamlakatda ishbilarmon doiralarning ijobiy dinamikasini taʼminlash imkonini berdi.

Biznesning joriy xarajatlarini maksimal darajada kamaytirishga qaratilgan biznes va aholini qoʻllab-quvvatlash dasturlariga soliqlar, mol-mulk ijarasi, kreditlarni toʻlash boʻyicha muhlat berildi. Tekshiruvlarga moratoriy joriy etildi. Imtiyozli kreditlar taqdim etildi. Dasturlarni amalga oshirish, eng koʻp zarar koʻrgan tarmoqlarni, shu jumladan, turizmni qoʻllab-quvvatlashga kirishildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi