Chunki, gidroenergetika suvdan elektr quvvati hosil qilish degani. Demak, oqqan suv nurga aylanib, uyimizni yoritsin, korxonalarimiz ishlashini taʼminlasin.

“Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy maqsadi shu kabi vazifalarni hal etishga qaratilgan. Binobarin, mamlakatimiz yillik gidroenergetika salohiyati 27,5 milliard kilovatt-soatga baholanadi. Ayni paytda uning 50 foizga yaqinidan foydalanib kelinyapti. Ana shu raqamning oʻziyoq istiqbol imkoniyatimizdan dalolat beradi.

Bundan olti yil oldin “Oʻzbekgidroenergo” AJ tashkil etilgan paytda uning  tarkibiga 36 ta gidroelektr stansiyasidan iborat 15 ta unitar korxona kirgan. Ushbu GESlarning jami quvvati 1 ming 754 megavattga teng boʻlgan. Oʻtgan yillar davomida 40 ga yaqin yangi loyiha amalga oshirildi. “Oʻzbekgidroenergo” tizimidagi stansiyalarning yillik umumiy quvvati 2 ming megavattdan oshib, 2 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishilyapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida xususiy sektor ishtirokida quvvati 125 megavatt, yillik oʻrtacha ishlab chiqarishi 675 million kilovatt-soat boʻlgan 250 mikro GES loyihasining manzilli roʻyxati shakllantirildi. Bu jarayonda ham ularning geografik joylashuvi, suv oqimlarining barqarorligi kabi jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Ayni paytga qadar 50 dan ortiq loyihaning pasporti, yer maydonlari topotasvirga tushirilib, ularning konturlari aniqlandi. Ularning 17 tasi boʻyicha tadbirkorlarga taqdim etish uchun ishchi hujjatlar ishlab chiqildi, 14 tasi yuzasidan yer maydonlari mahalliy idoralar bilan kelishilib, “E-AUKSION” elektron platformasida savdolarga kiritildi.

Buning amaliy misoli sifatida Andijon tumanining Zavroq mahallasidan oʻtgan kanalda quvvati 200 kilovatt, yillik ishlab chiqarish quvvati 1,2 million kilovatt-soat boʻlgan mikro GES ishga tushirilganini keltirish mumkin. Ushbu loyiha tufayli Andijon tumanining 300 ta xonadonini yoki 1 ming 200 nafar aholisini ekologik toza elektr energiya bilan taʼminlash imkoni yaratildi.

Loyihaning umumiy qiymati 3,4 milliard soʻmni, oʻzini iqtisodiy jihatdan qoplash muddati 4,4 yilni tashkil etadi.

Ahamiyatli jihati, loyihalashtirish, qurilish hamda uskunalarni oʻrnatish ishlari nisbatan qisqa vaqt oraligʻida, yaʼni 2 oyda amalga oshirildi. Bu vazifa “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi “Gidroproyekt” AJ tomonidan 10 kun muddatda ishlab chiqilgan boʻlsa, loyiha agregatlari “Suvsanoatmash” AJ ishlab chiqarish negizida, sanoat kooperatsiyasi asosida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda bir oyda tayyorlab berildi.

Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani Ulugʻnor kanalida qurilgan ixcham GES haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin. Quvvati 50 kilovatt, yillik ishlab chiqarish quvvati 360 ming kilovatt-soatni tashkil etgan mazkur mikro GES 150 ta xonadonni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatiga ega. Ushbu GES uchun charxpalak tipidagi agregatlar “Suvsanoatmash” AJda milliy brend asosida ishlab chiqarilgan.

Birgina Andijon viloyatida aniqlangan dastlabki roʻyxatga koʻra, umumiy quvvati 19 megavattlik jami 52 ta mikro GES qurish rejalashtirilgan. Shundan, joriy yilda umumiy quvvati 2 ming 130 kilovattli 7 ta qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, suv bosimida ishlovchi 3 ta mikro GES, 2 ta suv yuzida suzib turuvchi kinetik gidroagregat hamda 2 ta charxpalak turidagi loyihaning ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.

Eng muhimi, mazkur loyihalarni amalga oshirish hisobiga mahalliy hududda uzluksiz elektr energiyasi taʼminotiga ega boʻlish bilan bir qatorda, 40 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi. Qurilish-montaj ishlari tender savdolari orqali aniqlangan mahalliy pudrat tashkiloti tomonidan 45 kunda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, 2023–2024-yillarda Andijon viloyatida quvvati 6,9 megavatt, oʻrtacha yillik energiya ishlab chiqarish quvvati 33 million kilovatt-soatga teng “Janubiy Fargʻona kanalida JFK-3 GES qurilishi” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Uni ishga tushirish orqali kelgusida Buloqboshi tumanidagi 14 ming xonadonni ekologik toza energiya manbai bilan taʼminlash mumkin boʻladi.

Joriy yil mamlakatimizda yana 50 ta mikro GES boʻyicha loyiha tashabbuskorlari aniqlanadi. Yana shuncha gidroinshoot boʻyicha hujjatlar ishlab chiqilib, elektron auksionga qoʻyish ustida ish ketyapti. “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan tadbirkorlarga bepul ravishda biznes-reja ishlab chiqish, maqbul texnik yechimlarni tanlash va loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatib kelinyapti. Loyihalarni amalga oshirish tashabbusini bildirgan 20 ga yaqin tadbirkorlar hozirgi kunda ixcham GESlar qurilishini boshlab yubordi. Yaqin istiqbolda umumiy quvvati 56 megavattni tashkil etadigan kichik gidroinshootlar asosida yiliga 180 ming kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilishi moʻljallanmoqda.

Maʼlumki, yaqin paytga qadar Toʻpolang daryosi suvi maxsus bosim ostida “Toʻpolang” GESiga yoʻllab kelingan. Bu inshootda oʻtgan yili yangi ikkita agregatning ishga tushishi bilan uning mavjud quvvati qariyb olti barobar oshirilib, 175 megavattga yetkazildi. Bu yerdagi toʻrtta agregatni aylantirayotgan suv oqimi mazkur inshootning quyi qismida bundan ikki yil oldin qurilgan, biri biridan uncha uzoq boʻlmagan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” kichik gidroelektr stansiyalaridagi qurilmalarga ham quvvat ato etyapti. Ayni paytda undan pastroqda “Zarchob-3” kichik GESini barpo etish ishlari olib borilyapti.

Daryoning tabiiy gidroenergetik salohiyatidan toʻliq foydalanish maqsadida uning yuqori qismida 20 ta loyiha asosida umumiy quvvati 264 megavatt boʻlgan Yuqori Toʻpolang GESlari kaskadi bunyod etilishi rejalashtirilgan. Ularni joriy etishda xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan mikro GESlarni qurishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Xususan, 2023–2030-yillarda Surxondaryo viloyatida 81 ta loyiha asosida 601,4 megavatt, yillik 2038,2 million kilovatt-soatga teng yangi quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ularning 55 tasi xususiy tadbirkorlarga tegishli. Joriy yilda 8 ta loyiha asosida jami quvvati 10,1 megavatt boʻlgan elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 582 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

Soha mutaxassislarining xulosasiga koʻra, “Toʻpolang” suv omboridagi suv manbasi ekologik toza, ichishga yaroqli hamda tarkibiy jihatdan inson organizmi uchun qator foydali mineral xossalarga boy ekan. Undagi suvning qattiqlik darajasi 4 foizni tashkil etishi ham inson sogʻligʻiga foydali ekanini koʻrsatadi. GESlar agregatini aylantirgan suvlar ham tabiiy jihatdan tozaligini yoʻqotmaydi.

Bu xususiyatlar, oʻz navbatida, Surxondaryo viloyati aholisi uchun muhim boʻlgan yana bir oʻta yirik ijtimoiy loyihani tatbiq etish imkonini beryapti. Binobarin, vohada foydalaniladigan suv resurslarining umumiy hajmi yiliga 4 270 milliard metr kubni tashkil qiladi. Bunda asosiy koʻrsatkichlar Amudaryo, Surxondaryo daryolari hamda Toʻpolang suv ombori hissasiga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toʻpolang” suv omboridan ichimlik suv tarmogʻi tortish boʻyicha qarorlariga muvofiq, ayni kunlarda viloyatning 11 ta tumanida amaliy ishlar olib borilyapti. Bu juda murakkab loyiha boʻlib, dastavval, suv omborining quyi qismida bosimni soʻndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlarini qurishga toʻgʻri kelyapti. Shundan soʻng, suv avval asosiy inshootga quyiladi, keyin esa magistral quvurga uzatiladi. Yaʼni, suv omboridan tumanlardagi suv taqsimlash tarmoqlarigacha jami 361 kilometr uzunlikdagi quvur tortiladi. Buning natijasida Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi jami 1,7 million aholining suv taʼminoti yaxshilanadi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – aholini sifatli ichimlik suv bilan taʼminlash, kommunal turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, tuman markazlari va qishloq aholi punktlarida yurtdoshlarimiz salomatligini mustahkamlashdan iborat. Uni oʻz vaqtida va sifatli bajarishda bosh loyihachi – “Gidroproyekt” AJ bilan Turkiyaning yetakchi “ART Environmental Technologies LTD”kompaniyasi hamkorlik qilmoqda.

Loyiha yakunida Surxondaryo viloyatining 11 mingdan ortiq xonadonida yashovchi 44 mingdan ziyod aholini ilk marta markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlash imkoniyati yuzaga keladi. 18 ming 805 xonadonning bu boradagi taʼminoti tubdan yaxshilanadi. Natijada viloyat aholisini markazlashgan toza ichimlik suv bilan taʼminlanish darajasi 70 foizdan oshadi. Qolaversa, 945 xonadon yoki 4 mingga yaqin aholining oqova suv quvuri tizimiga ulanishiga imkon yaratiladi.

Ana shunday ezgu maqsad yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi 2024-yilda nihoyasiga yetkazilishi moʻljallangan. Uning umumiy qiymati 138 million dollar boʻlib, 1,5 million aholining ichimlik suvga doir muammolarini toʻliq hal etishi hisob-kitob qilingan.

Oʻzbekiston Prezidentining 2023-yil 30-martdagi “Gidroenergetika sohasini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar koʻlami yanada keng. Unga muvofiq, 2023–2030-yillarga moʻljallangan gidroenergetikani yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Mazkur dasturga qoʻshimcha istiqbolli loyihalar kiritilishi hisobiga 2030-yilga borib hosil qilinishi belgilangan 3 ming 416 megavatt elektr quvvati hajmi qariyb 5 ming megavattga yetkaziladi.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan qoʻshimcha 2 ming 311 megavatt quvvat yaratiladi, shundan GESlarni qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan 44 ta investitsiyaviy loyihani amalga oshirish evaziga umumiy hajmi 2 ming 207 megavattga teng boʻlgan qoʻshimcha quvvatlar barpo etiladi hamda xususiy investorlar ishtirokida 615 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Hududlar kesimida olganda, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida umumiy quvvati 876 megavatt boʻlgan Yuqori Pskom, Qorongʻitoʻgʻay, Toldiqsoy GESlari, Oygain gidroelektrstansiyalari kaskadi hamda Yuqori Pskom gidrotoʻplash elektr stansiyasi, Namangan viloyati Norin daryosida umumiy quvvati 225 megavatt boʻlgan Norin, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida umumiy quvvati 264 megavattlik Yuqori Toʻpalang GESlar kaskadini qurish moʻljallanmoqda.

2023–2030-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish va gidrosalohiyatdan foydalanish darajasini oshirishning yangilangan maqsadli koʻrsatkichlari belgilab olindi. Shuningdek, respublikaning 2023–2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturiga kiritilgan va 2023–2027-yillarda amalga oshiriladigan umumiy quvvati 748,5 megavatt boʻlgan 9 ta, 2024–2030-yillarda mavjud gidro salohiyatdan foydalanish darajasini oshirish, gidro elektr stansiyalarning yangi quvvatlarini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan 47 ta investitsiyaviy loyiha, kichik gidro elektr stansiyalarni qurish va ulardan foydalanishda zarur boʻlgan hamda 2023–2025-yillarda kooperatsiya asosida mahalliylashtirish uchun taklif etilayotgan asbob-uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlarning roʻyxati ham tasdiqlandi.

Joriy yildagi ishlarga kelganda, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan quvvati 196,8 megavatt boʻlgan 7 ta katta loyiha amalga oshiriladi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 556,2 million kilovatt-soat boʻlgan mazkur loyihalar ijrosi taʼminlanishi natijasida 190 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Qurilish davrida esa 8 ming 950 nafar kishi ish bilan taʼminlanadi. Samarqand viloyatida 2 ta GES, yaʼni 7,2 megavattli “Shaudar”, 6,4 megavattli kichik GESlar, Toshkent viloyatida “Ispaysoy” va 2,5 megavattli “Ohangaron” mini GESlari, Fargʻona viloyatida 2 megavattli “Shohimardon”, Qashqadaryo viloyatida 3,5 megavattli “Hisorak” mini GESlari elektr quvvati bera boshlaydi.

Yana bir eʼtiborli tomoni, 2023-yilda jamiyatimiz tomonidan quvvati 26 megavatt boʻlgan 34 loyiha ishga tushiriladi. Shundan 22 tasi suv bosimida ishlovchi mikro GESlar boʻlsa, qolgani suv yuzasida suzib turuvchi “kinetik” agregatlardir. Natijada 47,6 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi, 48 ming 600 xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanadi va 106 ta yangi ish oʻrni yuzaga keladi.

Mamlakatimizda GESlarni bunyod etishda boshqa innovatsion imkoniyatlarni ishga solishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu yoʻnalish GESlar va suv omborlariga yondash hududlarda umumiy quvvati 100 megavatt boʻlgan shamol hamda quyosh elektr stansiyalari qurish, suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali agregatlar oʻrnatish nazarda tutilgan umumiy quvvati 4,2 megavattlik pilot loyihalarni qamrab olgan. Ularni amalga oshirishga doir oʻrganish ishlari ijobiy natija berdi. Shu bois, 2023-yil yakuniga qadar GES va suv omborlari hududlarida quvvati 10 megavattlik quyosh elektr quvvatlarini ishga tushirish orqali “gibrid stansiyalar” yaratilishi taʼminlanadi.

Shu bilan birga, joriy yilda jami 60 ta, shundan jamiyatimiz tomonidan 22 ta suv bosimi bilan ishlovchi va 12 ta suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali qurilma, xususiy sektor tomonidan 16 ta suv bosimi bilan ishlovchi agregat va 10 ta charxpalak tipidagi “inshoot” ishga tushiriladi.

Dasturga muvofiq, 2030-yilga borib sohada davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida joriy etilgan loyihalarning quvvatini 445 megavattga yetkazish hamda bu maqsadlar uchun 831 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya jalb etilishi borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu umumiy quvvati 46 megavatt boʻlgan 5 ta GESni ishga tushirishni nazarda tutadi.

Yurtimizda gidroenergetika sohasi, xususan, mikro va kichik GESlarni keng koʻlamli qurish va zaruriy uskunalarni mahalliylashtirish borasida ham ishlar keng koʻlam kasb etib boryapti. Xitoy Xalq Respublikasining gidroenergetika sohasida yuqori tajribaga ega boʻlgan “Zhejiang Jinlun Electromechanic” va Hindistonning “MACLEC technical project laboratory” kompaniyalari bilan hamkorlikda mamlakatimizda quvvati 2 megavattdan 15 megavattgacha boʻlgan gidroagregatlar ishlab chiqarish ishlariga kirishildi. Rejaga muvofiq, mazkur ishlar ikki bosqichda amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Jamiyat tizimidagi korxonalar ishlab chiqarish bazasida 2024-yil 1-yanvarga qadar quvvati 1 megavattgacha boʻlgan, 2025-yil 1-yanvargacha quvvati 15 megavattgacha boʻlgan gidroagregatlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur turbina va gidroagregatlar oʻzbek milliy brendi – “Made in Uzbekistan” nomi ostida tayyorlanib, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston va boshqa davlatlar bozoriga ham taklif etiladi.

Aytish joiz, ushbu hamkorlik doirasida yuqori innovatsion texnologik qurilmalarning mamlakatimiz gidroenergetika sohasida ilk bor ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilmoqda. Ularni mahalliylashtirish moliyaviy sarf-xarajatlarni iqtisod qilish, sifatli va zamonaviy standartlarga asoslangan agregatlar ishlab chiqarilishini oʻzlashtirish, koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Yana bir ahamiyatli tomoni, bu borada oʻz xizmatlarini taklif etayotgan korxonalarga bir qator imtiyozlar koʻzda tutilgan. 2022-yil 9-sentyabrdagi  “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoniga binoan, asosiy faoliyati quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda kichik gidroelektr stansiyalari qurilmalarini ishlab chiqarish boʻlgan, shu jumladan, 2025-yil 1-sentyabrga qadar yangi tashkil etiladigan yuridik shaxslar tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab uch yil muddatda foyda hamda mol-mulk soligʻini belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida toʻlashi kafolatlangan. 2022-yil 1-oktyabrdan boshlab quvvati 5 megavattgacha boʻlgan gidroelektr stansiyalarda ishlab chiqarilgan “yashil” quvvatni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va davlat tomonidan xarid qilish vakolati berilgan.

Umuman olganda, quyosh, shamol elektr stansiyalari oʻrnatgani uchun aholi va tadbirkorlarga qanday imtiyozlar koʻzda tutilgan boʻlsa, kichik gidrostansiyalar uchun ham shunday imtiyoz va subsidiyalar qoʻllaniladi. Jumladan, GESlar uchun uskuna sotib olish xarajatlarining 30 foizi kompensatsiya qilinadi. Kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismi qoplanadi. Shuningdek, mikro va mini GESlar tomonidan ishlab chiqarilgan elektr quvvati yuridik shaxslar uchun tarifning 80 foizi narxida xarid qilinadi.

Gidroenergetika taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini oshirish bilan birga, yangi qurilayotgan GESlar, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hudud aholisining farovonligi oshishi, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvati bilan muntazam taʼminlanishi, tom maʼnoda, yurtimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga muhim zamin yaratadi.

Abdugʻani SANGINOV,

“Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi, senator