Mamlakatimizda axborot texnologiyalari bilan shug‘ullanadigan qizlar haqida bilasizmi? Bu sohada ko‘pincha yigitlar yetakchi bo‘lgani bois, eshitmagan bo‘lsangiz, ajablanmaymiz. Hatto ayrimlar “IT sohasi qizlar uchun emas”, deyishi ham tabiiy. Biroq 24 yoshli Sevinch Najmiddinova haqida bunday deb bo‘lmaydi.
“Google”dan loyiha boshqaruvi” sertifikati sohibasi, “FUTURE — IT Career Path” onlayn o‘quv dasturi asoschisi, “Alif Tech” kompaniyasining IT loyiha rahbari bo‘lgan iqtidorli qiz shunday stereotiplarni yo‘qqa chiqarish bilan birga, mo‘may daromad topmoqda. Keling, yaxshisi, raqamli olamga kirib kelishi va erishayotgan natijalari haqida Sevinchning hikoyasiga quloq tutamiz.
Ilk qadamlar
— Axborot texnologiyalariga yoshligimdan qiziqqanman. Ota-onam shifokor bo‘lishimni istagan bo‘lsa-da, IT sohasi bilan shug‘ullanishimga qarshilik qilmadi. Otam o‘qishimni ham ma’nan, ham moddiy qo‘llab-quvvatladi. U kishi doim bir gapni takrorlardi: “Qiz bolaning o‘qishi juda muhim. Bobolarimiz aytgan: ayol ilmli bo‘lsa, farzandlari, millat ilmli bo‘ladi”. Bugun axborot texnologiyalari sohasida erishayotgan muvaffaqiyatimni ko‘rib, ularning boshi osmonda, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
2017 yili Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga o‘qishga kirdim. Yuqori kurslarda o‘qiydiganlardan eng dolzarb yo‘nalish qaysi, deb so‘raganimda ko‘pchilik Java dasturlash tilini o‘rganishimni maslahat bergan. Shundan keyin o‘quv markaziga borib, axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim ola boshladim. Menga juda kuchli prosessorli kompyuter kerakligini bilgach, otam uni darhol sotib olib bergan.
Universitetda o‘qib yurgan kezlarimda bitiruv-malakaviy ish uchun “FUTURE — IT Career Path” onlayn o‘quv dasturi loyihasiga qo‘l urganman. Bu ingliz tilini oson o‘rgatish uchun o‘zbek tilidagi loyiha edi. Hozir yurtimizda til o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlari ko‘p. Lekin bizning maqsadimiz shu jarayonni raqamlashtirish bo‘lgan. O‘quvchilar bilim oladi, imtihon topshiradi. Bularning aksariyati yozma bo‘ladi. “FUTURE — IT Career Path” onlayn o‘quv dasturi qog‘ozbozlikni kamaytirish uchun qilingan loyiha edi. Ayni paytda o‘quv dasturi sifatida ishini davom ettiryapti.
Harakatga yarasha daromad
Universitetning ikkinchi kursida tahsil olayotgan paytimda o‘quv markazida dars bera boshladim. Maktab o‘quvchilarini OTMning kirish imtihonlariga tayyorlardim. Birinchi daromadim o‘sha paytda 300 ming so‘m edi. O‘qish davomida axborot texnologiyalari bo‘yicha loyiha boshqaruvchiligiga qiziqishim yuqori bo‘lgani uchun “Google”dan loyiha boshqaruvi” sertifikatini oldim. Hozir sohadagi daromadim yomon emas: bir oylik maoshimga bemalol iPhone 14 Pro Max sotib olishim mumkin.
Ayni paytda “Alif Tech” kompaniyasida IT loyiha rahbari sifatida faoliyat yurityapman. Bu kompaniya Angliyada ro‘yxatdan o‘tgan. Bosh ofisimiz Tojikistonda joylashgan. Men kompaniyaning Toshkentdagi filialida ishlayman. Yaqinda Pokiston va BAAda yangi filiallarimiz ish boshlaydi. Biz axborot texnologiyalari mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanamiz.
“Alif mobi”, “Alifshop” to‘lov xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Men “Alif nasiya” dasturiy mahsuloti bo‘yicha ishlayman. Bu xarid qilingan mahsulot pulini bo‘lib to‘lashga imkoniyat beradi. Deylik, mijozlarga texnika, mebel kerak, ammo ularning birdan sotib olishga moddiy imkoniyati bo‘lmaydi. Biz shunda xizmatimizni taklif qilamiz. Mijozlar o‘ziga yoqqan mahsulotni tanlaydi. Biz hamkor va mijoz o‘rtasida oldi-berdini amalga oshiramiz “Alif nasiya” ayni paytda xalqimiz orasida keng tarqalgan to‘lov xizmatidir. Jamoamizda to‘rt nafar loyiha menejeri va yana shuncha dasturchi faoliyat yuritadi. Asosiy vazifamiz dasturning sifatli ishlashi va uni yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Kelajak kasbi
Kelajak kasblari haqida so‘z ketsa, kompyuterlashtirish va raqamlashtirish barcha sohalarga kirib borishi bilan har bir tashkilotda dasturchi va dastur tuzuvchilarga ehtiyoj paydo bo‘lishi bot-bot qulog‘imizga chalinmoqda. Yurtimizda ham axborot texnologiyalari bozorining jadal rivojlanishi barobarida axborot texnologiyalari mutaxassislariga ehtiyoj tobora oshishi tabiiy.
Bu sohaga qiziqish yuqoriligining sababi olingan bilimlarni dunyoning istalgan nuqtasida qo‘llash mumkin. Axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishdagi stereotiplarga kelsak, nafaqat qizlarning o‘rganishi, balki, umuman, juda ham keng tarqalgan gap-so‘zlar bor. Bu mish-mishlar soha haqidagi tushunchamiz haligacha sayoz ekanini ko‘rsatadi.
Axborot texnologiyalarining jozibadorligi shundaki, u aqliy salohiyatingizni muntazam charxlaydi. Bu soha vakillari tabiatan ijodkor bo‘ladi. Xayoliga kelayotgan g‘oyalarni kompyuter yoki dasturlash tillarida taqdim etadi. U qaysidir ma’noda insonga erkinlik beradi, dunyoqarashini kengaytiradi. Axborot texnologiyalarini chuqur o‘rganishim moliyaviy imkoniyatim kengayishiga sabab bo‘ldi. Menga yoqadigan yana bir jihati — bitta kompyuter va aqliy qobiliyat yordamida odamlarga yordam beradigan, foydasi tegadigan IT mahsulotlari ishlab chiqish mumkin. Masalan, tibbiyot sohasini olsak, robotlar kelgusida operasiyalarni yuqori aniqlik va tezlikda bajarishi mumkin. Shuningdek, ta’lim va boshqa ko‘pgina sohalarda ham sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Kelgusida dasturlash tili eng ommabop tillardan biriga aylanadi.
Nima uchun sohada ayollar kam?
Dunyo bo‘yicha axborot texnologiyalari sohasida nomutanosiblik bor. Bunga asosiy sabab yo‘nalish bitta joyda to‘xtab turmasligi, doimo yangilanishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Odatda, bizda qizlarni yoshligidan oilaga tayyorlash, sarpo yig‘ishga ko‘proq e’tibor qaratilib, ularning ta’limi oxirgi darajaga tushib qoladi. Agar qizlarga ham o‘g‘il bolalar qatori imkoniyat berilsa, menimcha, ayollar nafaqat oilada, balki jamiyatda ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. 2017-2018 yillarda ko‘plab dugonalarim mahalliy axborot texnologiyalari kompaniyalariga rezyumelarini yuborar, hamma bosqichlardan o‘tar, lekin oxirida rad javobini olardi. Sabab — ayol kishi bo‘lgani. Oxirgi paytlarda bunday qarashlar o‘zgardi. Hozir qizlar juda sinchkovlik bilan ishlarkan, kichkina holatlarga ham e’tibor berar ekan, degan yaxshi fikrlar shakllanmoqda.
Axborot texnologiyalari uy bekalari uchun juda qulay va serdaromad ish. Eng asosiysi, uyda internet, kompyuter bo‘lsa, bas. Xotin-qizlar ham aqliy salohiyatini ishga solib, kompyuter yordamida o‘zi qiziqqan yo‘nalishni o‘rganishi mumkin. Masalan, frilanserlik qilish, ya’ni masofadan turib ham ishlasa bo‘ladi. Kunlik belgilangan ish vaqti talab qilinmaydi. Qolaversa, bu boradagi bilimlarni oilada bolalarga ham o‘rgata olasiz. Axborot texnologiyalari muttasil rivojlana boradi va insonga o‘z ustida ishlash imkonini beradi. Eng asosiysi, ham ijod qiladi, ham erkin bo‘ladi. Ingliz tilini muayyan darajada biladiganlarga veb-saytlar yaratib beriladi.
Ayni damda axborot texnologiyalari ilmini qizlar orasida ommalashtirish, umuman, soha rivojiga hissa qo‘shish va axborot texnologiyalari akademiyasi ochishni maqsad qilganman. Bepul kurslarni tashkil qilish orqali sohani mukammal o‘rganishi uchun yoshlarga yanada qulay sharoit yaratish — eng katta maqsadim.
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Risolat Madiyeva yozib oldi.