Axborot texnologiyalari orqali samaradorlikni oshirish, shaffoflikni ta’minlash va fuqarolar uchun qulay sharoit yaratish zamonaviy davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. O‘zbekiston ham bu yo‘nalishda so‘nggi yillarda sezilarli qadamlar tashladi. Davlat rahbari tomonidan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilinib, mamlakatda raqamli transformatsiya jarayoni tubdan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekistonni yaratishda davlat boshqaruvining samaradorligi va shaffofligi hal qiluvchi omil hisoblanadi”. Shu sababli raqamli transformatsiya nafaqat islohotlar, balki butun jamiyat taraqqiyoti uchun hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.
So‘nggi besh yil ichida mamlakatimizda elektron davlat xizmatlarining turlari 50 tadan 400 dan ortiqga yetdi. My.gov.uz orqali taqdim etilayotgan xizmatlar soni yiliga kamida 20-25 foizga oshib bormoqda. Masalan, 2022-yilda 11 millionga yaqin fuqaro elektron xizmatlardan foydalangan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 18 milliondan oshib ketdi. Bu raqamlar aholining raqamli xizmatlarga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Eng katta yutuqlardan biri - davlat idoralari faoliyatida elektron hujjat aylanishi joriy etilishi bo‘ldi. Bugungi kunda barcha vazirlik va idoralar axborot tizimlari integratsiya qilingan holda ishlayapti. Bu nafaqat ish yuritish samaradorligini oshirdi, balki qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarni kamaytirdi. Xususan, “MyGov”, “Soliq.uz”, “E-auksion” kabi platformalar davlat va jamiyat o‘rtasida yangi o‘zaro aloqani shakllantirdi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, raqamli xizmatlar ulushi 2020-yilda 35% bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 70% ga yetdi.
Elektron xizmatlarning rivojlanishi aholining kundalik hayotini yengillashtirdi. Masalan, oldin pasport olish yoki kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun bir necha marta idoralarga borish talab etilgan bo‘lsa, bugun bu jarayonlarning ko‘pchiligini onlayn amalga oshirish mumkin. Tadbirkorlar uchun esa litsenziya va ruxsatnomalarni olish muddati bir necha oydan bir necha kungacha qisqardi.
Raqamli to‘lov tizimlari ham shiddat bilan rivojlanmoqda. 2024-yilda onlayn to‘lovlarning ulushi umumiy hisob-kitob operatsiyalarining 70 foizini tashkil qildi. Bu ham davlat xizmatlaridan foydalanishda shaffoflik va qulaylikni ta’minlayapti.
O‘zbekiston tajribasini xalqaro amaliyot bilan taqqoslasak, tubdan farq va umumiy jihatlarni ko‘rish mumkin. Masalan, Estoniyada barcha davlat xizmatlarining 99 foizi elektron shaklda taqdim etiladi. Janubiy Koreya elektron hukumat tizimi orqali fuqarolarning davlat idoralariga murojaat vaqti 70 foizga qisqarganini qayd etgan. Singapurda esa raqamli davlat platformalari orqali barcha davlat xizmatlari “bir darcha” asosida taqdim etiladi. Buning natijasida YAIM 2–3% ga o‘sgani qayd etilgan.
O‘zbekiston bu mamlakatlar tajribasini o‘rganib, milliy sharoitga moslashtirmoqda. Masalan, “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali” (my.gov.uz) Estoniyaning X-Road tizimiga o‘xshash integratsiya modeli asosida ishlayapti. Ayniqsa qishloq hududlarida internet infratuzilmasini kengaytirish va aholining raqamli savodxonligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Davlat boshqaruvini raqamlashtirish jarayoni qonunchilik islohotlarisiz samara bermaydi. Shu maqsadda mamlakatimizda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, raqamli davlatning huquqiy asoslari yaratildi. Shuningdek, davlat xizmatlarini raqamli ko‘rinishda ko‘rsatish uchun maxsus agentliklar va markazlar tashkil etildi.
Axborot texnologiyalariga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi ham yil sayin ortib bormoqda. 2023-yilda bu sohada investitsiyalar 2 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Bu raqam raqamli iqtisodiyotning milliy iqtisodiyotdagi ulushi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi sotsiologik tadqiqotlar aholining raqamli xizmatlardan qoniqish darajasi 80 foizdan oshganini ko‘rsatmoqda. Eng katta talab pasport olish, kadastr xizmatlari va bank xizmatlariga bo‘lgan. Tadbirkorlar esa onlayn litsenziya olish tizimini davlatdagi eng samarali islohotlardan biri sifatida e’tirof etmoqda.
Raqamli davlat — bu faqat texnologiya emas, balki xalqga xizmat qiladigan, ochiq va samarali boshqaruv tizimidir. O‘zbekistonda bu jarayon qadam-baqadam amalga oshirilib, jahon tajribalari bilan uyg‘unlashtirilmoqda.
Eng asosiysi, raqamli davlat fuqarolar uchun qulaylik, davlat uchun samaradorlik, jamiyat uchun esa shaffoflik va ishonchni ta’minlaydi. Shu bois, yurtimizda amalga oshirilayotgan raqamli islohotlar nafaqat bugungi kun, balki ertangi avlodlar uchun ham mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Damir Abdulov,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsent
Shayakubov Shomansur Shakabilovich,
dotsent v.b.









