Kuni-kecha klub aʼzolarining malakasini yana-da oshirish, strategik ahamiyatga ega obyektlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, muvaffaqiyatli liderlar bilan ochiq muloqotlarini tashkil qilish uchun Toshkentda qisqa muddatli kurs tashkil etildi.

Dastlab klub aʼzolari poytaxtdagi muhim obyektlarda boʻlishdi. Asosiy mashgʻulotlar esa Boʻstonliqdagi “Yoshlar oromgohi”da davom etdi. 2 kun davomida yoshlar uchun “Jamoani shakllantirish”, “Taym-menejment”, “Liderlik” kabi mavzulardagi kvest-treninglar, master-klasslar tashkil etildi.

Turli metodlar orqali yosh liderlarning muammoli va stressli vaziyatlarda qaror qabul qilish koʻnikmalari, muzokaralar olib borish, strategik fikrlash qobiliyatlari sinovdan oʻtkazildi.

Doʻstona ruhda oʻtgan Dastur yakunida klub aʼzolari davlat xizmatchilari kabi 90 kunlik ish rejalari taqdimotini qilishdi.

Dastur soʻngggida “Kelajak liderlari” klubi aʼzolariga ishonch bildirilib, ularga maxsus oʻquvni muvaffaqiyatli tugatganligi munosabati bilan Sertifikatlar topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, Samarqand viloyatida “Kelajak liderlari” klubiga aʼzolarni saralash toʻrt bosqichda amalga oshirildi. Joriy yilning 15-25-fevral kunlari klubga aʼzolikka tanlov oʻtkazish boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon berilib, belgilangan muddat davomida elektron platformaga 518 nafar nomzodlardan hujjatlar kelib tushdi, 50 nafar yosh liderlar esa klub aʼzoligiga qabul qilingan edi.

 

“Kelajak liderlari” klubi koordinatori Yangi avlod kadrlari bir kunda shakllanib qolmaydi" — Raʼno Umarova:

— Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ilgari surilgan tashabbus, yaʼni Samarqand viloyatida birinchilardan boʻlib tajriba-sinov tariqasida “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish gʻoyasi paydo boʻlganda dastlab menda biroz xavotir paydo boʻldi. Turli soha va qatlam vakillarini bir missiya atrofida jamlash murakkab vazifadek tuyuldi. Lekin maqsad aniq qoʻyilganligi uchun viloyatda bu klubni shakllantirishga erishildi. TOP-50 nafar eng faol, turli soha vakillaridan iborat talaba va davlat xizmatchilari saralab olindi. Ochigʻi, yangi avlod kadrlari bir kunda shakllanib qolmaydi. Bugun klub aʼzolari muntazam ravishda tayyorlanib, malakasini oshirmoqda, ular uchun tizimli ravishda seminar-treninglar, davra suhbatlari, master-klasslar tashkil etilmoqda. Oʻylaymanki, yaqin yillarda yangi avlod kadrlarining davlat fuqarolik xizmatiga kirib kelishida ushbu klub aʼzolarinig oʻz oʻrni boʻladi.

 

"Muvaffaqiyat — birdamlikda" — Farangiz Xudoyorova

— Oromgohda oʻtgan 2 kunimiz shaxsiy rivojlanishimiz uchun juda foydali boʻldi. Muloqotlar tashkil etildi. Treninglarda ishtirok etdik. Turli keyslar ustida ishladik. Hamma vazifani jamoa boʻlib amalga oshirdik. Muvaffaqiyat — birdamlikda ekanligini amalda koʻrdik. Shuningdek, turli vaziyatlarda strategik yechim topa olish, fikrda sobit turish, jamoa bilan kelishib ishlash, tezkor qaror qabul qilish kabi tushunchalarni keyslarda koʻrib chiqdik. Ushbu Dastur biz uchun har tomonlama foydali boʻldi.

 

"Trener Tinglovchilarning qator qobiliyatlarini sinovdan oʻtkazdik" — Lola Inagamova

— “Kelajak liderlari” klubi aʼzolari bilan turli interfaol metodlar orqali mashgʻulotlar oʻtkazdik. Treninglar nafaqat nazariy bilimlar, balki tinglovchilarning amaliy tajribalarini umumlashtirish, ularni muhokama qilish, tizimlash, oʻzaro tajriba almashish, fikrlash hamda baholash qobiliyatini shakllantirish asosida olib borildi. Ochigʻi, yoshlarni davlat xizmatiga qiziqishi, mavjud muammolarni koʻra olishi va yechim taklif qila olayotgani meni quvontirdi. Ular nafaqat kelajak, balki bugunning ham lider yoshlari ekanliklarini amalda koʻrsatishdi.