Davlat gerbi – milliy yuksalish mujassam ulugʻvor vatan timsoli

    Fikr 2 Iyul 2021 3024

    Yangi Oʻzbekistonda mustaqilligimiz, ozodligimiz ramzi boʻlgan muqaddas davlat ramzlari Davlat bayrogʻi, Davlat madhiyasi, Davlat Gerbi qabul qilingan kunlarni oʻziga xos bayram qilish anʼanasi shakllanmoqda.

    Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi qabul qilingan kun. Ana shu maʼnoda bu - koʻksida Vatan degan muborak nomni gard yuqtirmay olib yurishni yuksak fuqarolik burchi deb biladigan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yangi Oʻzbekistonni bunyod etishga sidqdildan intilayotgan mardona xalqimizning, bir butun qalbga aylangan Oʻzbekistonliklarning bayramidir!

    “Milliy tiklanishdan-milliy yuksalish sari” bu ulugʻvor gʻoya bugun yangi Oʻzbekistonning, har bir vatandoshimizning istiqbolga qaratilgan azmu qaroriga aylandi. Inson ulugʻ gʻoya va daʼvatlardan kuch oladi, ularga qarab qaddini rostlaydi, ularga mos ravishda oʻktam qadam tashlashga intiladi. Tiklanishsiz yuksalish boʻlmaganiday, buyuk niyat va maqsadsiz kuchli harakat, nurafshon kelajak boʻlmaydi. Ana shu maʼnoda Davlat ramzlari bugun xalqimizga hayot sinovlarini mardona yengib oʻtishda, har kun, har lahza gʻurur va matonat bilan milliy yuksalish qadam tashlashda betimsol qudrat va bunyodkorlik baxsh etmoqda.

    Vatan surati! Ulugʻ mehr, ulugʻvor niyat ila muhabbat moʻyqalami bilan chizilgan, gʻurur-iftixor ranglari jo boʻlgan, qalb olami usiz huvillab qoladigan betimsol, bemisl suratki, u davlat bayrogʻimiz, gerbimiz, madhiyamiz, oʻzbek tili siymosida avvalo oʻzimizni oʻzimizga, shuningdek, dunyoga tanitadi.

    2-iyul Oʻzbekiston fuqarolari uchun qadrli va unutilmas kunlardan biri: bundan 29 yil muqaddam ayni shu kunda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir. Demak, Davlat gerbi – xalqning erki, baxti, gʻururi, oʻzligi timsoli. Shunday timsolki, har qaraganda, xalqu Vatan tarixi, buguni, kelajagi bilan bogʻliq orzu-intilishlaringga quvvat, qudrat olasan goʻyo. Qorachigʻingga Vatan ramzida jo boʻladi, unga hatto gard tushsa ham, koʻzing yoshlanadi, diling vayron boʻladi.

    Har safar Davlat gerbimizga qaraganimda, ustoz shoir Abdulla Oripovning barchamizga sevimli “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” sheʼrlari beixtiyor yodga tushadi.

    Togʻlar, daryolar va soʻl tomoni bugʻdoy boshoqlaridan, oʻng tomoni chanoqlari ochilgan gʻoʻza shoxlaridan iborat chambarga oʻralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochmoqda. Biz Vatanni goʻzalligu boyliklari koni boʻlgan togʻu dashtlari, daryolari uchun sevamizmi yoki oltin boshoqlari, oppoq paxtalari muhabbatimizga sababmi? Balki, toʻrt faslimizni ham munavvar, serob etgan quyoshi qalbimizga mehr nurlarini yogʻdirar?.. Shoir fikrlashga chorlagani kabi:

    Men nechun sevaman Oʻzbekistonni,

    Tuprogʻin koʻzimga aylab toʻtiyo.

    Nechun vatan, deya yeru osmonni

    Muqaddas atayman, atayman tanho.

    Aslida dunyoda tanho nima bor?

    Paxta oʻsmaydimi oʻzga elda yo?

    Yoki quyoshimi sevgimga sabab?

    Axir quyoshli-ku, butun Osiyo...

    Bu savolning javobi qalbni ulgʻaytirgan, maʼnaviy ganjinalar bilan boyitgan, insonni oʻz vatanidagina baxtiyor etgan tuygʻularda yaraqlaydiki, ifodasiga soʻz tanlayverasiz, tanlayverasiz! Balki, Vatanni soʻzsiz, dil bilan sevmoqning maʼnosi shundandir.

    Gerbimizda tasvirlangan har bir timsol dilga tutash, ular mohiyatidagi maʼno, hikmat, mehr qalbimizda sayqallanib boraveradi. Savlat toʻkib turgan magʻrur togʻlar shunchaki togʻ emas, ular mardligu jasorat, Vatan muhabbatiga sadoqat bobida bashariyatga ibrat boʻlib qolgan ajdodlarimiz ramzi. Bu togʻlar — kuchni adolat tarozusi bilan oʻlchagan Sohibqiron Amir Temur, Sind daryosi boʻyida mardligu shijoati bilan Chingizxonni lol qoldirgan Jaloliddin Manguberdi, Vatan bayrogʻini jonga tikkan Najmiddin Kubro, yurt gʻanimlarga oyoqosti boʻlmasligi yoʻlida umrini fido etgan Shiroq, Toʻmaris... zero, har qanday zamonda elu yurt qaddi, qadri baland boʻlishi uchun fidoyilikka tayyor insonlarning siymosi goʻyo.

    Porlab turgan quyosh mehridaryo xalqimizning yuragi kabidir. Unda bagʻrikenglik, Vatanga muhabbat, qadriyatlarga hurmat, milliy yuksalishga qanot boʻlayotgan olovqalb insonlarning otashin shijoati bardavomligi bor. Quyosh hamma yurtlar uzra birdek nur, harorat ulashadi. Oʻzbekistonni sevishimiz sababi, demak, quyosh emas, qalb harorati bu koʻhna zaminga obodlik, fayzu barakot, yuksalish, toʻkinlik baxsh etayotgan xalqning mehr-muhabbat ofotobi ramziga ham oʻxshaydi gerbimizdagi quyosh.

    Gerbimizda tasvirlangan zaminda ilmu urfonda dunyo tamadduni sarchashmalarini ochgan, uni irmoqlardan daryolarga aylantirgan bobokalonlarimiz, maʼrifatu yuksak maʼnaviyati insoniyat qalb koʻzlarini nurlantirgan ulugʻ allomayu donishmandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan momojonlardan tortib yaqin tarixda shu tuproq, shu xalq erku ozodligi uchun fido-qurbon boʻlgan otalarimiz, onalarimiz nafasi bor. Bu nafaqat Sharqda, balki butun dunyoda ulugʻvor davlatchiligi, yuksak madaniyati, buyuk tarixi bilan eʼzozlanib kelinayotgan muqaddas zamin!

    Donolar “Kim oʻz yurtini sevmasa, u hech qachon hech nimani seva olmaydi”, – deydilar. Taʼbir joiz boʻlsa, bizning Ona Vatanga, shu muqaddas tuproqqa boʻlgan muhabbatimiz milliy ramzlarga boʻlgan munosabatimiz orqali ham shakllanadi, ifodalandi.

    Vatan ramzlari doimo balandda turadi. Bosh uzra hilpiraydi, peshtoqlardan oʻrin oladi. Negaki, u millionlarni birlashtiradi. Xalqqa kuch-qudrat baxsh etadi. Yuksak maqsadlarni tarbiyalaydi, irodani toblaydi. Ezgulik uchun kurashlarda yiqilganni tiklaydi, qoʻrquvni jasoratga, zaifni matonatli insonga aylantira oladi. Bayroqni mardona koʻtargan, davlat gerbini oʻz erki va or-nomusi ramzidek qabul qilgan inson minglab qalblarga vatanparvarlik, xalqparvarlik bayrogʻini tika oladi.

    Gerbimizning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini keng yozgan Humo qushi, pastki qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “Oʻzbekiston” deb yozib qoʻyilgan. “Oʻzbekiston” – bu soʻz koʻzimizga dunyo imlo lugʻatlaridagi barcha soʻzlardan ham koʻra chiroyli koʻrinadi. Humo qushini ajdodlarimiz baxt va iqbol, ezgulik va ulugʻvorlik keltiruvchi qush, deya taʼriflagan. Rivoyatlarda keltirilishicha, u kimning boshiga qoʻnsa, shodimonlik, baxt doimiy hamrohi boʻladi. U bizning VATAN boshiga qoʻngan, yurt uzra parvozi bardavom, barqaror boʻlgan baxtu saodat timsolidir.

    Davlat Gerbimizga qarab turib yana bir gap dilimda oʻtdi. Bizning Davlat Gerbimiz ham Bayrogʻimizdek chiroyli, yorugʻ, undan ezgulikning, bunyodkorlik va yaxshilikning nafasi keladi. Taʼbir joiz boʻlsa Davlat Gerbining oʻzi bir doston, dostonki undan buyuk xalqimizning qalbi mujassam.Biz dunyo sahnasida bugun davlat tiklagan millat emasmiz. Shu bois ham unda ulugʻ tarix, madaniyat, ezgu niyat va murod mujassam.

    Davlat ramzlari bizni yurtimiz tinchligi, vatanimiz ravnaqi yoʻlida birlashtirib, mamlakatimiz mustaqilligini hamisha koʻz qorachigʻiday asrashga, buyuk ajdodlarga munosib voris boʻlishga, yuksak ishonch va qatʼiyat bilan kelajakka qadam tashlashga daʼvat etib turibdi. Davlat ramzlari – bayroq, gerb, madhiyamizda buyuk oʻtmish va yuksak madaniyatga ega boʻlgan xalqimizning shon-sharafi, gʻururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va kelajak sari intilishlari mujassamdir. Mana shu ramzlarni eʼzozlash orqali biz oʻz qadr-qimmatini, oʻz mamlakatimiz istiqboli, demakki, oʻzimizga boʻlgan ishonchimizni mustahkamlaymiz. Oʻz mamlakati bilan faxrlanadigan inson hamisha millatga saodat baxsh etadigan ulugʻ ishlarga qodir boʻladi. Ana shu maʼnoda 2-iyul -Oʻzbekiston Respublikasi davlat Gerbi qabul qilingan kun katta bayram qilinishga arzirli kundir.

    Biz uchun Davlat gerbi – ezgu orzular sari dadil qadamlarimiz ilhomchisidir.

    Biz uchun Davlat gerbi – Vatan koʻksidagi quyosh, u qalblarga nur, kuch-quvvat, harorat, jasorat baxsh etadi.

    Biz uchun Davlat gerbi, qayerda boʻlsak ham, Oʻzbekiston farzandi ekanligimizni tasdiqlovchi oliy nishondir .

    Bu - koʻksida Yangi Oʻzbekiston degan muborak nomni sharaf bilan koʻtarib kelayotgan bunyodkor xalqimiz, bilimi, salohiyati, matonati, zakovati, fidoyiligi bilan buyuk ajdodlarga mos ravishda qadam tashlashga intilayotgan ulugʻ Vatanning oʻktam yoshlari bayramidir. Bu - bir butun yurakka aylangan Oʻzbekistonliklar bayramidir!

    Minhojiddin MIRZO,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat

    markazi rahbari