Buni baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda bir yoqlama talqin qilish holatlari kuzatilmoqda. Shulardan kelib chiqqan holda holatga aniqlik kiritish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz», — deyiladi DTM bayonotida.

DTMga koʻra, ballarning yuqori ekaniga ushbu omillab sabab boʻlgan:

2019-yildan boshlab umumtaʼlim fanlaridan test savollari toʻplami nashr etildi va ushbu toʻplamda ishlatilgan savollar bazasining 20 foizidan koʻprogʻi kirish test jarayonlarida foydalanildi.

Telegram tarmogʻida e-sinov tizimidan abituriyentlarga bepul foydalanish imkoniyati yaratildi (test sinovlariga qadar 1,4 mlndan ortiq abituriyent ushbu xizmatdan bepul foydalandi).

Test topshiriqlari soddalashtirildi. Bunda avvallari qoʻllanilgan 4-daraja qiyinlikdagi (eng qiyin) savollar umuman olib tashlandi, bu yil ular ishlatilmadi, 3-darajali savollar soni kamaytirildi va 1-darajali savollar soni tegishli ravishda oshirildi (12 ta savol – 1 darajali, 12 ta savol – 2 darajali, 6 ta savol – 3 darajali). Shuningdek, barcha umumtaʼlim fanlari boʻyicha nazariy savollarning soni koʻpaytirildi, oʻquv-laboratoriya mashgʻulotlariga oid, rasmli, xaritali va jadvalli test topshiriqlari soni oshirildi.

Milliy va xalqaro sertifikatlarning tegishli darajasiga, pandemiya davrida ishlab chiqilgan IYELTS Indicator sertifikatiga ega boʻlgan abituriyentlar uchun ham maksimal ball berish belgilandi.

Xalq taʼlimi vazirligi va Davlat test markazi tomonidan abituriyentlarning test sinovlariga puxta tayyorgarlik koʻrishlari uchun “Onlayn repetitor” teledasturlari muntazam efirga uzatildi.

Joriy yil uchun istisno tariqasida test sinovi topshiriladigan 5 ta fandan 2 ta mutaxassislik fani qoldirildi.

Har bir toʻgʻri deb topilgan javobga ball berish tizimi oʻzgartirilib, birinchi va ikkinchi fan uchun mos ravishda 3,2 hamda 3,1 balldan berildi, oldingi yillardagi kabi 1,1 ball berish qoʻllanilmadi.

Test sinovlarini topshirish uchun ajratilgan vaqt meʼyori oshirilib, amaldagi tartibda koʻrsatilgan 2 soat oʻrniga 3 soat etib belgilandi.